Karantindan keyin ham toʻylarni 30 kishi bilan oʻtkazish taklifi ilgari surildi
“Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga toʻylarni karantindan keyin ham 30 kishi bilan oʻtkazish taklifi kiritildi. Muallif “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarorda belgilangan toʻylarga 200 kishidan ortiq mehmon chaqirmaslik haqidagi qoidani “30 kishilik” deb oʻzgartirishni soʻramoqda.

Oʻzbekistonlik yoshlar toʻy marosimlarini karantindan keyin ham 30 kishilik tartibda oʻtkazilishini saqlab qolish taklifi bilan “Mening fikrim” jamoaviy murojaatlar portaliga petitsiya joylashtirishdi.
Murojaat muallifining taʼkidlashicha, koʻpchilik karantin vaqtida toʻy oʻtkazish uchun oʻrnatilgan 30 kishilik meʼyorning doimiy saqlanib qolishini xohlamoqda.
“Shu sababli, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashining “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Qoʻshma qarorida belgilangan toʻylarga 200 kishidan ortiq mehmon chaqirmaslik haqidagi qoidani “30 kishilik” deb oʻzgartirishni taklif qilaman”, deydi murojaatchi.
Qayd etilishicha, Toʻy taraddudida yurganlarning koʻpchiligi shu kunlarda tezroq toʻyini oʻtkazishga shoshilyapti. Yoshlar ham bunga qarshilik qilayotgani yoʻq.
“Toʻylarni ixcham, dabdababozlik va isrofgarchiliklarsiz oʻtkazishni hamma xohlaydi. Ammo, biror qonun yoki qaror bilan tasdiqlanmasa, 200 kishiga toʻy qilinaveradi. 200 kishilik toʻylarga ketadigan sarf-xarajat 500-600 kishilik toʻylarnikiga teng boʻlib qoladi. Toʻy qilaman deb qarzga botib, ertasi kuni kuyov bola yoki uning otasining xorijga ketayotganlik holatlari ham kam emas. Hatto, buning ortidan jiddiy kasalliklar orttirib olinayotgan holatlar ham mavjud”, deydi murojaat muallifi.
Murojaatchi Abdulla Avloniyning yuz yil oldin yozib qoldirgan “Oʻzbek xalqini toʻy balosidan qutqaring”, degan soʻzlari bugungi kunimiz uchun ham ayni haqiqatdir, deya eslatib oʻtgan.
“Toʻy qilish, buni koʻpchilikka maʼlum qilish yaxshi, lekin bu oilaning kelajagiga yomon taʼsir oʻtkazadi. Shu toʻyga atalgan pullarga yoshlarni uy-joy bilan taʼminlashga, oilasining moliyaviy ahvolini yaxshilashga, taʼlim olishiga sharoit yaratib bersak, qanchalik baxtiyor oilani tuzgan boʻlamiz. Qanchadan-qancha oilalar iqtisodiy ahvoli tufayli hozir toʻy qila olmayapti. Menimcha, 30 kishilik toʻyni doimiy qilish vaqti keldi”, deydi muallif.
U Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi va Senati Kengashining “Toʻylar, oilaviy tantanalar, maʼraka va marosimlar, marhumning xotirasiga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkazilishini tartibga solish tizimini yanada takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qoʻshma qarorida belgilangan toʻylarga 200 kishidan ortiq mehmon chaqirmaslik haqidagi qoidani “30 kishilik” deb oʻzgartirishni taklif qilgan.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

Toshkentda ommaviy qabullar viloyatlardagi ommaviy qabullardan nimasi bilan farq qiladi?

«Oʻztransgaz» aholiga murojaat yoʻlladi

