| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Jamiyat4 daqiqada oʻqiladi341 marta oʻqildi

Jahon tan olgan universitet

“Plexanovka” universiteti BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Sifatli taʼlim” nominatsiyasi boʻyicha jahonning 676 universiteti oʻrtasida 3-oʻrinni, Rossiya oliy taʼlim muassasalari orasida esa 1-oʻrinni egalladi.

Jahon tan olgan universitet

G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti haqli ravishda jahonda nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri hisoblanadi. 1907 yilda tashkil topgan bu oliy oʻquv yurti oʻzining mashhur ilmiy maktabi, eng zamonaviy taʼlim uslubi, bitiruvchilarining mehnat bozorida yuqori raqobatdoshligi bilan tanilgan.

Universitet talabalariga saboq beradigan 2500 ta professor va oʻqituvchilar orasida oʻz ilmiy matablarini yaratgan mashhur iqtisodchi olimlar - akademiklar L. Abalkin, A. Aganbegyan, V. Mayevskiy, L. Grinberg, V. Makarov, P. Bunich, V. Ivanter, V. Kuleshov va boshqalar bor. “Plexanovka” nomi bilan mashhur bu oliy oʻquv yurti va uning 22 ta filialida hozirgi paytda 50 mingta talaba tahsil olmoqda. Universitet yuqori malakali iqtisodchilar tayyorlash bilan birga oʻz aspiranturasi va doktoranturasiga ham ega. Ularda hozirgi paytda 780 aspirant va doktorant ilmiy faoliyat uchun tayyorlanmoqda.

G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining yuksak nufuzi Buyuk Britaniyaning “Times Higher Education – THE” reyting agentligi tomonidan yana bir bor tasdiqlandi. Universitet yalpi va adolatli sifatli taʼlimni taʼminlash boʻyicha jahon oliy taʼlim muassasalari oʻrtasida 3-oʻringa munosib deb topdi hamda BMTning Barqaror rivojlanish sohasidagi maqsadlariga muvofiqligi boʻyicha dunyodagi eng nufuzli 100 ta oliy taʼlim muassasasi safiga kiritdi.

“Times Higher Education – THE” Birlashgan Millatlar Tashkilotining Barqaror rivojlanish maqsadlari boʻyicha yagona global reyting agentligidir. Buyuk Britaniyaning reyting agentligi jahon taʼlim muassaslari reytingini aniqlashda oliy taʼlim muassasalarining uch: tadqiqotlar, axborot-maʼrifiy faoliyat va boshqaruv sohalarida juda sinchiklab tanlab olingan mutanosib koʻrsatkichlardan foydalanadi. Bunda oliy taʼlim muassasalarining faoliyati Birlashgang Millatlar Tashkiloti tomonidan 2015 yilda qabul qilingan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiqligiga birinchi darajali ahamiyat beriladi. Jahonning hamma mamlakatlari intilayotgan Barqaror rivojlanishning 17 ta maqsadlariga qashshoqlik va ochlikka barham berish, mustahkam salomatlik va farovonlik, sifatli taʼlim, munosib ish va iqtisodiy oʻsish, masʼuliyatli isteʼmol va ishlab chiqarish, boshqa koʻrsatkichlar kiradi.

“Times Higher Education – THE” reyting agentligi 2020 yilda G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetini yalpi va adolatli sifatli taʼlimni taʼminlash boʻyicha jahon oliy taʼlim muassasalarining old qatoriga kiritdi. Bu oʻrinda Rossiya iqtisodiyot universiteti birinchi marta bu reytingga kiritilganligi va birdaniga bir necha koʻrsatkichlar boʻyicha eng yuqori oʻrinlarni egallaganligini taʼkidlash kerak.

Xususan, “Plexanovka” BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining “Sifatli taʼlim” nominatsiyasi boʻyicha jahonning 676 universiteti oʻrtasida 3-oʻrinni, Rossiya oliy taʼlim muassasalari orasida esa 1-oʻrinni egalladi. Maʼlumki, BMT “sifatli taʼlim olish odamlar turmush sharoitini yaxshilash va barqaror rivojlanishni taʼminlash uchun asos yaratadi” deb alohida taʼkidlagan.

G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti, shuningdek BMTning “Tinchlik, odil sudlov va samarali institutlar” maqsadi yoʻnalishi boʻyicha jahonning 453 ta oliy oʻquv yurti oʻrtasida 17-oʻrinni egalladi. Universitetning yana bir yuqori koʻrsatkichi BMTning “Munosib ish va iqtisodiy oʻsish” maqsadi boʻyicha dunyoning 479 oliy taʼlim muasasasi orasida 77-oʻrinni egallaganidir.

Birlashgan Millatlpar Tashkiloti “barqaror iqtisodiy oʻsishni taʼminlash uchun jamiyatlar atrof muhitga zarar yetkazmasdan iqtisodiyotning rivojlanishini taʼminlashga xizmat qiladigan sifatli ish bilan odamlarni taʼminlashga shart-sharoit yaratilishi kerak. Olgʻa yetaklaydigan va yalpi qamrab olinadigan iqtisodiy oʻsishning eng muhim tarkibiy qismlari mehnat unumdorligini oshirish, ishsizlik darajasini, ayniqsa yoshlar oʻrtasida pasaytirish hamda moliyaviy xizmatlar va imtiyozlardan foydalanish imkoniyatlarini yaratish ekanligini” koʻrsatgan.

G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universiteti 2020 yilda “Times Higher Education – THE” reytingida BMT Barqaror rivojlanish maqsadlarining olti yoʻnalishida ishtirok etdi. Universitet “Tengsizlikni kamaytirish” maqsadi yoʻnalishida 78-oʻrinni, “Gender tengligi” yoʻnalishi boʻyicha 101-200-oʻrinni, “Barqaror rivojlanish manfaatlarida sheriklik” yoʻnalishida 201-300-oʻrinni egalladi. Reytinglar umumiy yakuni boʻyicha “Times Higher Education – THE”da qatnashgan jahonning 89 mamlakatining 806 ta oliy taʼlim muassasalari orasida universitet jahonda 91-oʻrinni oldi.

Bu oʻrinda G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining taʼlim yuqori samaradorligini oshirishda erishayotgan muvaffaqiyatlarida uning Toshkent shahridagi filiali professor va oʻqituchilarining ham hissasi borligini taʼkidlash kerak. 1995 yilda tashkil etilgan Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali mustaqil Oʻzbekistondagi birinchi xorijiy oliy taʼlim muassasasi boʻldi.

Oʻtgan chorak asr davomida filialimizni 3518 nafar jahon darajasidagi yuqori malakali iqtisodchi kadrlar, shu jumladan 2718 bakalavr va 800 magistr bitirib chiqib, Oʻzbekiston iqtisodiyoti barcha sohalarida samarali faoliyat olib bormoqda.

Taʼlim muassasamizda iqtisodiyot, biznes va moliya fakultetlari, 6 ta kafedra mavjuddir. Boʻlajak iqtisodchi kadrlarni tayyorlash boʻyicha umumeʼtirof etilgan xalqaro standartlarga asoslangan taʼlim dasturlarini yuqori malakali professor va oʻqituvchilarimiz amalga oshirmoqda. Ularning 70 foizidan koʻprogʻi fan doktorlari va nomzodlaridir.

Filialimizda uchta – “Aholishunoslik va mehnat iqtisodiyoti”, “Iqtisodiy nazariya”, “Moliya va kredit” ilmiy maktablari ish olib bormoqda. Ularning ilmiy izlanishlari natijalari, yaratgan darsliklari va oʻquv qoʻllanmalaridan Oʻzbekiston oliy taʼlim muassalarida keng foydalanib kelinmoqda.

G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali Xitoy, Buyuk Britaniya, Yaponiya, Italiya, Germaniya, Janubiy Koreya, Indoneziya, Iordaniya va boshqa mamlakatlarning yetakchi universitetlari va institutlari bilan ilmiy aloqalarni yoʻlga qoʻygan. Bu taʼlim dasturlarini yanada takomillashtirish, talabalarimizning ana shu nufuzli oliy taʼlim muassasalarida bilimlarini puxtalashga xizmat qilmoqda.

Oʻzbekiston Respublikasining Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2020 yilda Oliy Majlisga Murojaatnomasida Sharq donishmandlarining “Eng katta boylik – bu aql-zakovat va ilm, eng katta meros – bu yaxshi tarbiya, eng katta qashshoqlik – bu bilimsizlikdir!” degan dono soʻzlarini keltirib, hammamiz uchun zamonaviy bilimlarni oʻzlashtirish, chinakam maʼrifat va yuksak madaniyat egasi boʻlish uzluksiz hayotiy ehtiyojga aylanishi kerakligini alohida taʼkidladi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda taʼlim, ayniqsa oliy taʼlim tizimini takomillashtirish, milliy itqisodiyot uchun zamonaviy yuqori malakali kadrlarni tayyorlash sohasida chuqur va keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilmoqda. Yurtimizda yangi oliy taʼlim muassasalari, nufuzli xorij universitetlari va filiallari ochilmqoqda, ularga talabalar qabul qilish keskin koʻpaymoqda.

Jahon tan olgan G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali professor va oʻqituvchilari ham mamlakatimiz iqtisodiyotini yanada rivojlantirishga munosib hissalarini qoʻshadigan kadrlar tayyorlash koʻlami va sifatini oshirishga oʻzlarining munosib hissalarini qoʻshadilar.

Qalandar ABDURAHMONOV,

G.V.Plexanov nomidagi Rossiya iqtisodiyot universitetining Toshkent shahridagi filiali rektori, Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining akademigi

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ