Jahon banki 30 yil muddatga shartlar asosida 500 mln dollar mablagʻ ajratadi
Prezident qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish loyihasi toʻgʻrisidagi qarorni imzoladi. Qaror bilan Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihaning ustuvor yoʻnalishlari, mablagʻdan foydalanish sxemasi va tartiblari belgilab berilgan.

11 avgust kuni prezident Shavkat Mirziyoyev «Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki hamda Xalqaro taraqqiyot uyushmasi ishtirokida «Oʻzbekiston Respublikasi qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish» loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarorni imzoladi.
Qaror bilan Jahon banki tomonidan moliyalashtirilayotgan loyihaning ustuvor yoʻnalishlari, mablagʻdan foydalanish sxemasi va tartiblari belgilab berilgan.
Unga koʻra, umumiy qiymati 659,3 mln AQSh dollariga teng va 6 yilga (2020–2026 yillar) moʻljallangan ushbu loyihaga Jahon banki tomonidan 30 yil muddatga quyidagi shartlar asosida jami 500 mln dollar miqdorida mablagʻ ajratiladi:
10 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro tiklanish va taraqqiyot banki tomonidan 181 mln AQSh dollari miqdorida qarz;
10 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 100 mln AQSh dollari miqdoridagi kredit;
5 yillik imtiyozli davr bilan Xalqaro taraqqiyot uyushmasining 219 mln AQSh dollari miqdoridagi imtiyozli kredit.
Belgilanishicha, loyihada Oʻzbekiston Respublikasining ulushi – 159,3 mln AQSh dollarini, shu jumladan, soliq va bojxona toʻlovlari boʻyicha imtiyozlar berish, investitsiya davrida moliyaviy xarajatlarni toʻlash shaklidagi ulush – 124,3 mln AQSh dollarini tashkil qiladi.
Prezident qarori bilan loyiha doirasida moliyalashtirishning ustuvor yoʻnalishlari ham belgilab berilgan. Unga koʻra, ajratiladigan mablagʻlar:
qishloq xoʻjaligida ilmiy-tadqiqot, taʼlim va maslahat xizmatlarining ishlab chiqarish bilan integratsiyalashgan samarali tizimini yaratish;
qishloq xoʻjaligini raqamlashtirish, statistik maʼlumotlarni toʻplash, tahlil qilish va tarqatishning ishonchli va shaffof usullarini joriy etish;
oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligini taʼminlash va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetishtirishda «Daladan isteʼmolgacha» tamoyili asosida sifat nazoratini kuchaytirish, agrologistika, yoʻl va boshqa zarur infratuzilmani yaratish;
eksportni ragʻbatlantirish, xalqaro bozorlarda raqobatbardosh, eksportbop yuqori qoʻshilgan qiymatli qishloq xoʻjaligi mahsulotlari ishlab chiqarish borasida qulay agrobiznes muhitini va qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratish;
qishloq xoʻjaligi va oziq-ovqat tarmogʻini diversifikatsiyalash, sohada davlat ishtirokini kamaytirish, kooperatsiya tizimini rivojlantirish hamda sohaning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish;
yer va suv resurslari, oʻrmon fondidan oqilona foydalanish;
sohaga boshqaruvning zamonaviy tizimlarini joriy etish, xizmat koʻrsatish servisini takomillashtirish kabi maqsadlarda yoʻnaltiriladi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

