| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Tahlil10 daqiqada oʻqiladi144 marta oʻqildi

Inqiroz ichidagi inqiroz: COVID-19 va xalqaro migratsiya

Yevropa mehnat muhojirlari orasida eng jozibador manzil hisoblanadi. 2019 yil holatida mintaqa 82 million muhojirni qabul qilgan boʻlib, undan keyingi oʻrinlarni Shimoliy Amerika (59 million), Shimoliy Afrika va Gʻarbiy Osiyo mamlakatlari (49 million) egallagan.

Inqiroz ichidagi inqiroz:  COVID-19 va xalqaro migratsiya

Oxirgi oʻn yilliklarda globalizatsiya va integratsion jarayonlarining jadal rivojlanishi xalqaro mehnat almashinuvida ham oʻz aksini topdi. Birlashgan millatlar tashkiloti va Jahon iqtisodiy forumi maʼlumotlariga koʻra, 2015-2019 yillar oraligʻida xalqaro mehnat muhojirlari soni 11,4%ga koʻpaygan. 2019 yilda muhojirlar soni jahon aholisining 3,5 foizini tashkil qilgan va ushbu koʻrsatkich 2000 yilga nisbatan 25%ga oshgan.

Muhojirlarning aksariyati (60%) oʻz mintaqasidagi qoʻshni mamlakatlarga koʻchib oʻtgan. Xususan, 2015 yilda 59 millionga yaqin osiyolik oʻz yurtidan mintaqadagi boshqa mamlakatga koʻchib oʻtgan boʻlsa, 40 million yevropalik Yevropaning boshqa davlatlarida qoʻnim topgan.

Umuman olganda, Yevropa mehnat muhojirlari orasida eng jozibador manzil hisoblanadi. 2019 yil holatida mintaqa 82 million muhojirni qabul qilgan boʻlib, undan keyingi oʻrinlarni Shimoliy Amerika (59 million), Shimoliy Afrika va Gʻarbiy Osiyo mamlakatlari (49 million) egallagan.

Pandemiyaning xalqaro mehnat migratsiyasiga taʼsiri

Aksariyat mehnat muhojirlari iqtisodiyotning norasmiy sektorida vaqtincha va huquqlari himoyalanmagan ishlarda faoliyat yuritishadi. Koʻpgina mamlakatlarda ushbu toifadagi insonlar oʻsha davlatdagi milliy mehnat qonunchiligiga amal qilmaganligi sababli, pandemiya kabi favqulodda vaziyatlarda ularning ijtimoiy va iqtisodiy himoya choralaridan foydalana olmaslik xavfi yuqori. Xususan, KOVID-19 bilan bogʻliq inqiroz sharoitida baʼzi mamlakatlarda mehnat muhojirlariga nisbatan diskriminatsiya, ishdan boʻshatish, mehnat sharoitining yomonlashishi va boshqa shu kabi salbiy holatlarning oshishi kuzatilmoqda.

Aksariyat muhojirlarning turli sabablarga koʻra sogʻliqni saqlash tizimidan foydalana olmasligi, virusning yanada keng va jadal surʼatlarda tarqalishiga olib kelmoqda. Aksincha, tibbiy xizmatlardan foydalangan taqdirda, bu ularning moliyaviy ahvolini yanada yomonlashtirib, kambagʻallik qopqoniga tushish ehtimolini koʻpaytiradi. Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga koʻra, iqtisodiy inqirozdan oldingi davrda dunyo boʻylab yiliga 100 million nafar aholi sogʻliqni saqlash uchun sarflangan xarajatlar tufayli kambagʻallik darajasiga tushib qolar edi.

Shuningdek, qattiq karantin choralarining joriy qilinganligi va davlatlararo transport qatnovlarining cheklanganligi tufayli muhojirlar mehnat bozoridagi ish oʻrinlarning keskin kamayishi va ish xaqi miqdorining tushishi kabi qiyinchiliklarga duch kelishmoqda (1-jadval).

Hisob-kitoblarga koʻra, 2020 yilning ikkinchi choragida ish oʻrinlarining qisqarishi dunyo boʻylab 10,5 %ga teng boʻldi. Boshqacha aytganda, joriy yilning 2-choragida dunyo boʻylab ishsizlar soni 195 million nafarga koʻpaydi. Mintaqalar kesimida, Amerika (-12,4%), Yevropa va Markaziy Osiyo (-11,8%) hududlarida raqamlar oʻrtacha koʻrsatkichlardan ham salbiyroq tus oldi. Undan tashqari muhojirlarning aksariyati faoliyat olib boradigan iqtisodiyotning norasmiy tarmoqlaridagi oʻrtacha ish haqi -60%ga qisqargan boʻlib, Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqasida mazkur qisqarish -70%ga teng.

Yana bir tomondan mehnat muhojirlarining moliyaviy tang vaziyatga tushib qolishi ular tomondan yuborilayotgan pul oʻtkazmalari hajmiga ham salbiy taʼsir qilishi turgan gap. Jahon banki hisob-kitoblariga koʻra, rivojlanayotgan mamlakatlarga pul oʻtkazmalari 2020 yilda oʻrtacha 19,9%ga kamayadi (2-jadval). Xalqaro pul oʻtkazmalarining pasayishi Yevropa va Markaziy Osiyo hududida eng sezilarli boʻlib, oʻtgan yilga nisbatan -27,5%ni tashkil etishi prognoz qilingan.Manba: Jahon banki maʼlumotlari

Manba: Jahon banki maʼlumotlari

Majburiy qaytish

Muhojirlar tomonidan chet elda ishlab topilgan pul mablagʻlari vatanga qaytganida kredit cheklovlarini yengib oʻtish va biznesni yoʻlga qoʻyish imkoniyatini yaratadi. Shuningdek, inson kapitaliga sarmoya kiritgan muhojirlar ichki mehnat bozori talablarini oʻzgartirishi mumkin.

Ammo, shuni unutmaslik kerakki, pandemiya tufayli aksariyat muhojirlarning rejalari oʻzgarib ketdi. Soddaroq qilib aytganda, ular rejalashtirgan mablagʻni toʻplay olmadi, koʻzlangan kasb malakalarni oʻrgana olmadi. Umuman, muhojirlar oʻz xohishi bilan emas, majburlikdan vatanga qaytishiga toʻgʻri kelmoqda. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar Markazi tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlar davomida pandemiya paytida vatanga qaytgan muhojirlarning 5% koʻzlagan jamgʻarmasini yigʻganligi tufayli vatanga qaytgani aniqlandi.

Bunday holatda, muhojirlarning vatanga qaytishidan jamiyat aʼzolarining maksimal darajada naf koʻrishi vatanda ularning mavjud malakasi va investitsiyalaridan foydalanishni ragʻbatlantiruvchi institutlarga bogʻliq. Bunda, ularning investitsiya kiritishga va mehnat bozorida reintegratsiyasi qilishiga ragʻbat yaratuvchi tizimni shakllantirish juda muhim.

Pandemiya va oʻzbekistonlik mehnat muhojirlari

Oʻzbekiston tashqi mehnat migratsiyasi jarayoni asosan muddatli va mavsumiy xarakterga ega va muhojirlarning aksariyati bahor va yoz oylarida chet elda ishlab, qishki mavsumda vatanga qaytadi. Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi maʼlumotiga koʻra, 2019 yil holatida 3 millionga yaqin oʻzbekistonlik chet elda mehnat faoliyatini olib boradi va ularning aksariyati Rossiya va Qozogʻiston hududida malaka talab qilinmaydigan sohalarda ish bilan band hisoblanadi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar Markazi tomonidan oʻtkazilgan tadqiqotlar davomida ushbu davlatlarga asosan kam taʼminlangan oila aʼzolarining borishi, daromadi yuqori uy-xoʻjaliklari vakillari esa koʻproq Turkiya, Janubiy Koreya va AQShga yoʻl olishi aniqlangan.

Markaziy bank maʼlumotlariga koʻra, 2019 yilda mehnat muhojirlari tomonidan Oʻzbekistonga yuborilgan pul oʻtkazmalari hajmi 6 mlrd. dollarni tashkil qilgan. Xususan, MDH aʼzo davlatlaridan 5 mlrd. joʻnatilgan boʻlib, uning 98% Rossiya va Qozogʻistondagi muhojirlar hissasiga toʻgʻri keladi. Shuni taʼkidlash kerakki, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari bilan solishtirganda eng koʻp pul joʻnatmalari qabul qiluvchi mamlakat boʻlib kelmoqda.

Chegaralarning yopilishi va qattiq karantin choralari chet elda mehnat qilayotgan oʻzbekistonlik fuqarolarga ham salbiy taʼsirini koʻrsatmay qolmadi. Xususan, turli manbalarga koʻra, qish mavsumi davrida uyiga qaytgan 500 mingga yaqin fuqarolar koʻzlangan manziliga qaytib keta olmadi. Bundan tashqari, Oʻzbekiston fuqarolarining asosiy manzili hisoblangan Rossiya Federatsiyasida har ikkinchi muhojir ishsiz qoldi. Ijara va oziq-ovqat xarajatlari tufayli muhojirlar ahvoli yanada ogʻirlashdi. Natijada, iyun oyidagi tiklanishga (oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 9%ga oʻsish) qaramay, joriy yilning birinchi yarim yilligida Oʻzbekistonga yuborilgan transchegaraviy pul oʻtkazmalarining umumiy hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 6%ga kamaydi (1-rasm).

1-rasm. Oʻzbekistonga/dan joʻnatilgan transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmi (mln. AQSh dollarida)

Manba: Markaziy Bank maʼlumotlari

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi hamda BMT Taraqqiyot dasturi bilan hamkorlikda mahallalar darajasida oʻtkazilgan tadqiqot natijalariga koʻra, mehnat muhojirlari pandemiyadan eng koʻp jabr koʻrgan aholi qatlamlaridan biri ekanligi aniqlandi. Xususan, 43% mahallalarda respublikaga qaytgan fuqarolarning soni oshgan, eng yuqori oʻsish Namangan, Jizzax va Qashqadaryo viloyatlarida kuzatilgan. Qaytgan muhojirlar asosan ish bilan taʼminlash (54%), moliyaviy yordam (27%) va oziq-ovqat mahsulotlariga ehtiyoj sezayotganligi aniqlandi.

Hukumatlar chet eldagi mehnat muhojirlarini qanday qoʻllab-quvvatlayapti?

Nazariyaga koʻra, ishchi kuchining ortiqcha cheklovlarsiz erkin harakati xalqaro migratsiyaning barcha ishtirokchilariga birdek foyda keltiradi. Ammo, deyarli barcha rivojlangan davlatlar viza, patent, sugʻurta va shu kabi boshqa cheklovlar orqali migrantlar oqimini nazorat qiladi. Mahalliy mehnat bozorini ragʻbatlantirish, byudjet mablagʻlarini qayta taqsimlash va davlat tomonidan koʻrsatiladigan ijtimoiy yordamni avvalambor oʻz fuqarolariga yoʻnaltirish, mazkur cheklovlarning asosiy sabablari hisoblanadi. Boshqacha qilib aytganda, xalqaro migratsiya jarayonining oʻyin qoidalarini mehnat resurslarini qabul qiluvchi mamlakat ishlab chiqadi. Pandemiya paytida mazkur cheklovlarning ahamiyati yanada oshgani qabul qiluvchi mamlakatlarni qiyin ahvolga tushib qolgan fuqarolarning huquqlarini mustahkamlash maqsadida qoʻshimcha chora-tadbirlar koʻrishga undadi. Xususan:

Filippin va Xitoy tajribasi. Filippin iqtisodiyotida chet elda mehnat qiluvchi muhojirlarning oʻrni muhim hisoblanadi. 2019 yilda muhojirlar tomonidan mamlakatga yuborilgan pul oʻtkazmalari hajmi 30 milliard dollarni tashkil qilgan va bu mamlakat YaIMning 10%ga teng. Har yili 1 millionga yaqin filippinlik ish topish maqsadida chet elga ketadi, turli hisob-kitoblarga koʻra, dunyo boʻylab 10 millionga yaqin filippinlik mehnat muhojiri mavjud.

Filippin hukumati mehnat muhojirlariga turli koʻrinishda ijtimoiy-iqtisodiy yordam berib kelmoqda. Xususan, Xitoy hukumati bilan erishilgan kelishuvga binoan muhojirlar va ish beruvchilar oʻrtasida uzviy maʼlumotlar almashinuvini taʼminlovchi maʼlumotlar platformasi yaratildi. Bu orqali ishidan ayrilgan muhojirlar boʻsh ish oʻrinlari haqida toʻgʻridan-toʻgʻri maʼlumotlarga ega boʻlishi mumkin.

Bundan tashqari, pandemiya davrida «Muhojirlar farovonligi jamgʻarmalari» tomonidan muhojirlarning maʼlum qatlamlariga moddiy va maʼnaviy koʻmak koʻrsatildi. Mazkur jamgʻarmalar migratsiya jarayonidagi qiyinchiliklarni bartaraf etish, jarayonni soddalashtirish va muhojirlarga koʻmak berish maqsadida asos solingan boʻlib, muhojirlarning oʻzlari, xususiy bandlik agentliklari, ish beruvchilar va hukumat tomonidan qisman moliyalashtiriladi.

Shri-Lanka tajribasi. Turli hisob-kitoblarga koʻra, dunyo boʻylab shri-lankalik mehnat muhojirlarining soni 1 milliondan ortiq boʻlib, har yili 200 ming nafar fuqaro ishlash maqsadida chet elga yoʻl oladi. Muhojirlar vataniga har yili 5-7 milliard AQSh dollari atrofida pul oʻtkazmalari joʻnatadi. Xususan, 2018 yilda mamlakatga yuborilgan pul oʻtkazmalari hajmi 7 milliard dollardan koʻpni tashkil qilgan boʻlib, bu mamlakat YaIMning 8%ga teng hisoblanadi.

Pandemiya paytida Shri-Lanka hukumati tomonidan muhojirlar muammolarini eshitish va unga yechim topish maqsadida virtual platforma yaratildi. Ogʻir ahvolga tushib qolgan muhojirlarga yordam berish maqsadida Oʻrta sharq mamlakatlari bilan hamkorlikda migratsiya qonunchiligi soddalashtirildi. Xususan, Qatar va Saudiya Arabistoni hududidagi muhojirlarga pandemiya bilan bogʻliq shikoyatlar yuzaga kelganda mamlakat sogʻliqni saqlash tizimidan bepul foydalanish huquqi berilib, vaziyat yaxshilangunga qadar turar joy va oziq-ovqat bilan taʼminlanadigan boʻldi. Bundan tashqari Shri-Lanka hukumati muhojirlar tomonidan mamlakatga joʻnatilgan pul oʻtkazmalarini qabul qilish boʻyicha bir qator yengilliklar joriy qildi. Xususan, pul oʻtkazmalari turli soliqlardan ozod qilinib, komission toʻlovlarning hajmi qisqartirildi.

Bangladesh tajribasi. Bangladesh mehnat resurslari va ularni qayta tayyorlash byurosi maʼlumotlariga koʻra, har yili 500 mingga yaqin fuqaro chet elga ish topish maqsadida joʻnab ketadi. Ularning aksariyati Koʻrfaz hamkorlik tashkiloti mamlakatlari va Hindistonga yoʻl olib, asosan malaka talab qilmaydigan sohalarda faoliyat yuritadi.

Pandemiya davrida hukumat vatanga qaytgan muhojirlarning reintegratsiya jarayonlarini yengillashtirish maqsadida ularga tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanishlari uchun maxsus kredit liniyalari ajratib, mehnat bozorida yuzaga kelishi mumkin boʻlgan ortiqcha mehnat resurslari bosimini kamaytirishga harakat qilmoqda. Qoʻshimcha tarzda, ish beruvchilarni qulay axborot bilan taʼminlash maqsadida qaytgan fuqarolarning malaka va koʻnikmalari boʻyicha maʼlumotlar bazasi yaratilmoqda.

Oʻzbekiston tajribasi. Pandemiya inqirozi natijasida chet elda qiyinchilikka uchragan va respublikaga qaytgan mehnat muhojirlariga ijtimoiy-iqtisodiy yordam berish maqsadida hukumat tomonidan bir qator ishlar amalga oshirildi. Xususan, iyul oyining oxiriga qadar 200 mingdan ortiq xorijdagi vatandoshlar charter reyslari va chegaralar orqali Oʻzbekistonga kirib keldi, respublikaning chet eldagi diplomatik vakolatxonalari tomonidan xorijda qiyin ahvolga duch kelgan fuqarolar oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlandi.

Bundan tashqari Prezidentning 30.07.2020 dagi PF-6038 farmoni bilan respublikadagi moddiy yordam va muhtoj oilalarning roʻyxati, xalq tili bilan aytganda “Temir daftarga” kiritilgan 1,7 million fuqaroni jamlagan 400 mingdan koʻproq oilalarga davlat byudjetidan bir martalik yordam puli ajratildi. Tadqiqotlar natijasida aniqlangan holat, yaʼni kam taʼminlangan uy-xoʻjaliklari orasida oila aʼzosining chet elga ketish holati koʻproq uchrashini hisobga olib, mazkur farmon aksariyat mehnat muhojirlariga ijobiy taʼsir etishiga umid qilish mumkin.

Qilingan ishlar natijasida 600 mingdan oshiq fuqaro ish bilan taʼminlanganligi, shundan 170 mingdan oshigʻi mavsumiy ishlarga, 100 mingdan oshigʻi esa qurilish loyihalariga jalb qilinganligi, bundan tashqari 37 ming nafar fuqaroga qishloq xoʻjaligiga moʻljallangan yer maydonlari ajratilganligi, ijro hokimiyati vakillari tomonidan taʼkidlandi.

Takliflar

Ammo shuni taʼkidlash kerakki, pandemiya vaqtida qisqa muddatli choralarni amalga oshirish vaqtinchalik xarakterga ega boʻlib, favqulodda zarur muammolarni hal qilishga va shu orqali muhojirlarning faqat maʼlum qatlamiga yordam berishga xizmat qiladi. Oʻrta va uzoq muddatli istiqbolda esa xalqaro migratsiyaning barqaror rivojlanishini taʼminlovchi tizimli oʻzgarishlarga qoʻl urish maqsadga muvofiq.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, tashqi migratsiya jarayonlarini koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat talablariga moslashtirish, pandemiyaning mehnat migratsiyasi jarayonlariga salbiy taʼsirini yumshatish va pandemiyadan keyingi istiqbolda tashqi migratsiya jarayonini ragʻbatlantirish maqsadlarida quyidagi 2 yoʻnalishdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish taklif qilinadi:

Birinchi yoʻnalish – mamlakatga qaytgan fuqarolarning mahalliy iqtisodiyot tarmoqlariga va mehnat bozoriga reintegratsiya jarayonlarini yengillashtirish orqali ularning jamgʻarilgan inson va moliyaviy kapitalini sarmoya qilish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadga muvofiq:

  • Pandemiya bilan bogʻliq inqiroz tufayli majburlikdan vatanga qaytgan fuqarolar, oʻzi katta bosim ostida turgan ichki mehnat bozoriga salbiy taʼsir oʻtkazadi. Muhojirlarning mehnat bozorida tezroq oʻrin egallashlarini taʼminlash maqsadida qaytgan fuqarolarning orttirgan malaka va koʻnikmalari toʻgʻrisidagi axborotni jamlagan maʼlumotlar bazasini yaratish (Bangladesh, Shri-Lanka va Misr tajribasi);

  • qaytgan fuqarolarni ijtimoiy va moddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida maqsadli reintegratsiya dasturlarini yaratish, qaytgan fuqarolar tomonidan iqtisodiyotning turli sohalariga sarmoya kiritishni ragʻbatlantirish, ularga qishloq xoʻjaligi uchun moʻljallangan yerlarni imtiyozli asosda ajratish, ular tomonidan amalga oshiriladigan tadbirkorlik loyihalariga banklarning sherikchilik shartlari asosida ishtirok etishini ragʻbatlantirish maqsadga muvofiq;

Ikkinchi yoʻnalish – fuqarolarning chet elga mehnat faoliyatini olib borish davrida ularning ijtimoiy himoyasini oshirish va manzilli migratsiya yoʻnalishlarini yaratish. Bu quyidagi yoʻnalishlarda amalga oshirilishi mumkin:

  • Ikki va koʻp tomonlama kelishuvlar asosida muhojirlarning pensiya va sogʻliqni saqlash tizimi xizmatlaridan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, bu orqali xavfsiz migratsiya jarayonini taʼminlash;

  • Janubiy Koreya va Rossiyaga yoʻnalgan tashkillashtirilgan migratsiya jarayonining samaradorligini oʻrgangan holda, Tashqi mehnat migratsiyasi masalalari agentligi tomonidan tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yoʻnalishlarini kengaytirish va chet ellik ish beruvchilar bilan hamkorlikni kuchaytirish;

  • xalqaro mehnat bozori talablaridan kelib chiqqan holda fuqarolarga chet tillari shuningdek, dolzarb bilim va koʻnikmalarni oʻrgatish, qisqa muddatli oʻquv kurslarini tashkil qilish orqali ularning raqobatdoshligini oshirish. Tadqiqotlar natijalariga koʻra, qabul qiluvchi mamlakatning davlat tilida muloqot qila olgan muhojirlarning oʻrtacha daromadi boshqalarnikiga nisbatan 5-35 foiz yuqori ekanligi aniqlangan[1];

  • xususiy bandlik agentliklari faoliyatini ragʻbatlantirish, ularni tashkil etishda ortiqcha toʻsiqlarni bartaraf etish, ammo bir vaqtning oʻzida faoliyati yuzasidan javobgarligini oshirish, yuqori hamkorlik istiqboliga ega davlatlarda Tashqi mehnat migratsiyasi Agentligining vakolatxonalarini ochish va uning natijadorligini nazorat qilish.

Mazkur takliflar samarali amalga oshirilganda, iqtisodiyot tarmoqlarini malakali va tajribali ishchi kuchi bilan taʼminlash bilan birga aholining keng qatlamlari va mehnat muhojirlari uchun munosib ish va yashash sharoitlarini yaratish, ular uchun ijtimoiy himoya va mehnat qonunchiligini taʼminlash mexanizmlarini yaratish imkoniyatlari yaratiladi.

Hasanjon Majidov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

[1] Adserà A & Pytliková M. Language and Migration

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ