Ichki ishlar organlariga himoya orderi soʻrab 7 mingdan ziyod xotin-qizlar murojaat qilgan
12 noyabr kuni Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha boʻlib oʻtgan matbuot anjumanida xotin-qizlarning jamiyatdagi oʻrni, ularni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish yoʻnalishlari haqida soʻz bordi.

12 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi tashabbusi bilan mamlakatimizda xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlarni taʼminlash sohasida olib borilayotgan ishlarga bagʻishlangan matbuot anjumani boʻlib oʻtdi.
Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Raisi, Gender tenglikni taʼminlash masalalari boʻyicha komissiyasi raisi Tanzila Narbayeva ishtirok etdi.
Ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy sohalarda xotin-qizlar hamda erkaklar uchun teng huquq va imkoniyatlar taʼminlash jamiyatimizda tinchlik va iqtisodiy barqarorlikni saqlashning asosiy omillaridan biridir. Shuni hisobga olgan holda “2020-2030 yillarda Oʻzbekiston Respublikasida gender tenglikka erishish strategiyasi” loyihasi tayyorlanib, davlat va nodavlat tashkilotlari bilan kelishilmoqda. Shunisi eʼtiborliki, mazkur strategiyadagi barcha yoʻnalishlar BMTning 2030 yilgacha moʻljallangan Barqaror rivojlanish maqsadlariga muvofiq ishlab chiqilgan.
Erkak va ayolning teng huquqliligi xalq farovonligida, jamiyat tinchligi hamda iqtisodiy barqarorlikda muhim oʻrin tutadi. Shu jihatdan ayollarning bandligini taʼminlash, ularning oʻz intilish va qobiliyatlarini toʻlaqonli roʻyobga chiqara olishlari uchun imkoniyatlarni kengaytirish masalasi davlatimizning doimiy diqqat markazida. Jumladan, davlat boshqaruvida xotin-qizlar ishtirokini oshirish maqsadida 6 mingdan ziyod faol xotin-qizlardan iborat kadrlar zaxirasi shakllantirildi. Hozirgi kunda ularni turli rahbarlik lavozimlariga tayyorlash boʻyicha tizimli oʻquvlar tashkil etilmoqda.
Ichki ishlar vazirligi tizimida 16 nafar ayol rahbarlik, 6 nafar ayol hokimlik, 1 nafari elchilik lavozimini egalladi. Bundan tashqari, 1 500 ga yaqin xotin-qizlar turli darajadagi rahbarlik lavozimlarida faoliyat yuritmoqda.
2019 yil dekabr oyida Oliy Majlisga va mahalliy kengashlarga oʻtkazilgan saylov natijalariga koʻra, ayol deputatlar soni Qonunchilik palatasi deputatlari umumiy sonining 32 foizini, ayol senatorlar esa Senat aʼzolarining 25 foizini, mahalliy Kengashlarda esa xotin-qizlar ulushi 25.6 foizni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich boʻyicha Oʻzbekiston parlamenti jahondagi 190 ta parlament orasida 44-oʻrinni egalladi.
Ogʻir turmush sharoitida yashayotgan ayollar, ayniqsa, yosh xotin-qizlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash ham davlatimizning doimiy eʼtiborida. Xususan, 2018-2020 yillar davomida Xotin-qizlarni va oilani qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi hisobidan ogʻir turmush sharoitida yashayotgan uy-joyga muhtoj 3 878 nafar xotin-qizlarning boshlangʻich badal pullari toʻlab berildi.
Kam taʼminlangan oilalarda yashovchi xotin-qizlarni kasbga qayta oʻqitishga sarflanadigan xarajatlarni moliyalashtirish uchun kasb-hunar taʼlimi muassasalariga Bandlikka koʻmaklashish davlat jamgʻarmasi mablagʻlari hisobidan grantlar ajratish amaliyoti joriy etildi.
Hukumat qarori bilan xotin-qizlar uchun qoʻshimcha grant asosida oliy taʼlim muassasalariga kirish tartibi belgilandi.
Soʻnggi yillarda xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish yoʻnalishida ham muhim qadamlar qoʻyildi. Bu boradagi tegishli qonunga muvofiq “Tazyiq va zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish, ijrosini taʼminlash va monitoring olib borish toʻgʻrisida”gi Nizom Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining qarori bilan tasdiqlandi.
Hozirgi vaqtga qadar ichki ishlar organlariga himoya orderi soʻrab 7 mingdan ziyod ayollardan murojaat kelib tushgan boʻlib, 6183 holatda xotin-qizlarga himoya orderi rasmiylashtirib berildi.
Koronavirus pandemiyasi davrida xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish, ularga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish maqsadida Komissiya tomonidan “NNTlar birlashmasi” va xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikda joriy yilning 10 apreldan boshlab “Ishonch telefoni” xizmati yoʻlga qoʻyildi.
Hozirgi kunga qadar “Ishonch telefoni” orqali 3 mingga yaqin murojaat qabul qilinib, ularning 40 foizi zoʻravonlik holatlari bilan bogʻliq boʻlib, xotin-qizlarga psixologik va yuridik yordam koʻrsatildi.
Karantin davrida ayrim notinch oilalarda yuzaga kelayotgan muammolarni bartaraf etish, xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zoʻravonlikning oldini olish maqsadida “Telegram” ijtimoiy tarmogʻida “Zoʻravonlikka yoʻl yoʻq!” kanalining faoliyati yoʻlga qoʻyildi.
Oʻzbekistonda xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, jamiyatda oʻz oʻrnini topa olgan, muvaffaqiyatli ayollarning hayot tajribasini ommalashtirish maqsadida www.genkom.uz sayti yaratildi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

Toshkentda ommaviy qabullar viloyatlardagi ommaviy qabullardan nimasi bilan farq qiladi?

«Oʻztransgaz» aholiga murojaat yoʻlladi

