Hokim va rahbarlarga biriktirilgan qimmat narxdagi xizmat avtomobillari auksion orqali sotiladi
Hokim va rahbarlar xizmat avtomobillaridan faqat xizmat maqsadlarida foydalanilishi jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadi hamda xizmatdan tashqari maqsadlarda foydalanish holatlari aniqlanganda, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining maxsus veb-portaliga, shuningdek, maxsus mobil dasturiy taʼminotiga foto va video materiallarni joylashtirish orqali xabardor qilinadi.

Mansabdor shaxslar davlat mablagʻlaridan turli qimmatbaho avtotransportlarni xarid qilishining oldini olish maqsadida “Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlaridan foydalanish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi Oʻzbekiston Prezidenti qarori loyihasi ishlab chiqildi. Bu haqda Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktori Akmal Burxanov maʼlum qildi.
“Ayrim mansabdor shaxslar bugungi murakkab (pandemiya) sharoitida davlat mablagʻlarining samarali sarflanishi naqadar muhim ekanligini toʻla anglab yetmayaptilar. Ijtimoiy tarmoqlarda qizgʻin muhokama boʻlayotgan — qimmat narxlardagi xizmat avtotransportlarini xarid qilish — bunga yaqqol misol boʻla oladi. Bunday hollarda davlat xizmatchilariga «Halollik vaksinasi»ni normativ hujjatlar qabul qilib, tegishli cheklovlarni qoʻllash orqali singdirishdan boshqa chora qolmayapti”, dedi Akmal Burxanov.
Prezident qarori loyihasida aynan mana shu kabi holatlarni bartaraf etishga moʻljallangan. Loyihaga koʻra, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlari rahbar xodimlariga xizmat avtoransportlarni klassiga qarab biriktirish normativlari (eng yuqori narxlari) belgilanadi.
Jumladan, tuman, shahar hokimlariga biriktiriladigan xizmat avtotransporti narxi BHMning 1200 baravari (267 mln 600 ming soʻm)dan oshmasligi, davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarining Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar boʻlinmalari rahbarlari xizmat avtomashinasi narxi esa BHMning 700 baravari (156 mln 100 ming soʻm)dan oshmasligi kerak boʻladi.
Davlat tashkilotlarida foydalanishda mavjud boʻlgan xizmat avtoransportlari xatlovdan oʻtkaziladi va belgilangan normativlardan ortiqcha boʻlgan xizmat avtotransportlari «E-IJRO AUKSION» orqali auksion savdolarda sotilishi taʼminlanadi.
Xizmat avtoransportlarini sotishdan tushgan mablagʻlar esa tegishlicha respublika, Qoraqalpogʻiston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar mahalliy byudjetlariga yoʻnaltiriladi.
Davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida xizmat avtotransportlarini yangisiga almashtirish undan kamida 5 yil foydalanilgandan soʻng amalga oshiriladi. Bunda avtotransportning texnik holati, undan foydalanish xavfsizligi, shuningdek, yangisiga almashtirishning iqtisodiy maqsadi inobatga olinishi lozim boʻladi.
Bundan tashqari, xizmat avtotransportlaridan faqat xizmat maqsadlarida foydalanilishi jamoatchilik tomonidan nazorat qilinadi hamda xizmatdan tashqari maqsadlarda foydalanish holatlari aniqlanganda, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligining maxsus veb-portaliga, shuningdek, maxsus mobil dasturiy taʼminotiga foto va video materiallarni joylashtirish orqali xabardor qilinadi.
Eslatib oʻtamiz, Prezident Shavkat Mirziyoyev 2020 yil boshida Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasida “Korrupsiyaga qarshi kurashishda aholining barcha qatlamlari, eng yaxshi mutaxassislar jalb qilinmas ekan, jamiyatimizning barcha aʼzolari, taʼbir joiz boʻlsa, “halollik vaksinasi” bilan emlanmas ekan, oʻz oldimizga qoʻygan yuksak marralarga erisha olmaymiz. Biz korrupsiyaning oqibatlari bilan kurashishdan uning barvaqt oldini olishga oʻtishimiz kerak” degan edi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

Toshkentda ommaviy qabullar viloyatlardagi ommaviy qabullardan nimasi bilan farq qiladi?

«Oʻztransgaz» aholiga murojaat yoʻlladi

