Ekspertonomiks yoki Oʻzbekiston koronavirus inqirozi davrida koʻproq tashqi qarz olayotgani toʻgʻrimi?
Soʻnggi paytlarda Oʻzbekistonning tashqi qarzi boʻyicha ham mana shunday qarama-qarshi fikrlar paydo boʻlmoqda. Koʻpchilik iqtisodchilar va ekspertlar tomonidan Oʻzbekistonda olib borilayotgan tashqi qarz siyosati toʻgʻrisidagi shaxsiy fikrlar, iqtisodiy qarashlar va mulohazalar bildirilmoqda. Bu haqda Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi yetakchi ilmiy xodim Xalilulloh Hamidov oʻz fikrlarini va asoslarini keltirib oʻtdi.

Bir paytlar AQShning 40-prezidenti Ronald Reygan “agar “Trivial Pursuit” oʻyini iqtisodchilar uchun moʻljallanganda edi, 100 ta savol va 3000 ta javob boʻlardi” deb hazilomuz gapirgan[1]. Xoʻsh, nima uchun iqtisodchilar koʻpincha qarama-qarshi fikrlar va iqtisodiy qarashlarga ega boʻlishadi?
Bunday qarama-qarshi fikrlarning vujudga kelishini ikki sabab bilan izohlash mumkin:
1) iqtisodchilar iqtisodiyot qanday ishlashi boʻyicha muqobil nazariyalarning asosliligi borasida kelishmovchiliklarga duch kelishlari mumkin;
2) bir toifa iqtisodchilar biror bir fikrga koʻproq qiymat berishlari mumkin va shuning uchun qanday iqtisodiy siyosatni amalga oshirishga harakat qilish kerakligi toʻgʻrisida turli xil normativ qarashlarga ega boʻlishlari mumkin;
3) ayrim iqtisodchilarning haqiqiy holat haqidagi maʼlumotlari yetarli boʻlmaganligi tufayli, tahlillar obʼyektiv holatni aks ettirmaydi.
Soʻnggi paytlarda Oʻzbekistonning tashqi qarzi boʻyicha ham mana shunday qarama-qarshi fikrlar paydo boʻlmoqda. Ommaviy axborot vositalarida, ijtimoiy tarmoqlarda, internet sahifalarida koʻpchilik iqtisodchilar va ekspertlar tomonidan Oʻzbekistonda olib borilayotgan tashqi qarz siyosati toʻgʻrisidagi shaxsiy fikrlar, iqtisodiy qarashlar va mulohazalar bildirilmoqda. Shular jumlasidan, 2020 yil 20 aprel kuni BBC Newsning oʻzbek tilidagi veb-sahifasida “Oʻzbekiston Koronavirus inqirozi davrida koʻproq tashqi qarz olayotgani toʻgʻrimi?” nomli maqola chop etildi. Shu oʻrinda taʼkidlab oʻtish kerakki, biror bir davlatning iqtisodiy qarorlari boʻyicha fikr va mulohazalar bildirilganda uzuq-yuliq maʼlumotlar asosida bir tomonlama yondashuv keng jamoatchilikda davlat siyosati borasida notoʻgʻri fikrlarni shakllanishiga sabab boʻlishi va koʻplab bahs-munozaralarni keltirib chiqarishi mumkin.
Ushbu maqolamizda yuqorida zikr etilgan maqolada keltirilgan maʼlumotlar, iqtisodchilar va ekspertlar tomonidan bildirilgan fikrlar hamda 100-savol sifatida koʻtarilgan “Oʻzbekiston Koronavirus inqirozi davrida koʻproq tashqi qarz olayotgani toʻgʻrimi?” degan savolga 3000-javob sifatida oʻz fikrlarimizni va asoslarimizni keltirib oʻtmoqchimiz.
Tashqi qarz oshganidan xavotirlanishlari qay darajada oʻrinli?
Birinchi navbatda taʼkidlash lozimki, hozirgi paytgacha Oʻzbekistonning tashqi qarz siyosati konservativ va ehtiyotkoronalik tamoyili asosida amalga oshirib kelinmoqda. Yaʼni, davlat tashqi qarzi asosan ijtimoiy va strategik ahamiyatga ega boʻlgan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish maqsadida jalb qilingan.
Moliya vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2019 yil davomida davlat tashqi qarzi 5,7 mlrd. AQSh dollariga yoki yil boshiga nisbatan 57,8 foizga oshib, 2020 yil 1 yanvar holatiga 15,6 mlrd. AQSh dollarini (YaIMga nisbatan 27,0 foiz) tashkil etdi. Shundan, 2,5 mlrd. AQSh dollari hukumat nomidan imzolangan tashqi qarz bitimlari hisobiga shakllangan boʻlsa, 2,2 mlrd. AQSh dollar miqdoridagi mablagʻlar hukumat kafolati ostida imzolangan tashqi qarz bitimlariga asosan jalb qilindi. Shuningdek, 2019 yil fevral oyida 1 mlrd. AQSh dollar qiymatida suveren xalqaro obligatsiyalar chiqarildi.
Hukumat kafolati ostida jalb qilingan 2,2 mlrd. AQSh dollarlik tashqi qarz mablagʻlari:
Shoʻrtan gaz-kimyo kompleksida ishlab chiqarilayotgan tozalangan metan negizida sintetik suyuq yoqilgʻi ishlab chiqarishga (1,1 mlrd. AQSh dollar);
uglevodorod xom-ashyosini qazib olish hajmini oshirishga (0,6 mlrd. AQSh dollar);
Taxiatosh, Navoiy va Toʻraqoʻrgʻon issiqlik elektr stansiyalarini qurish va modernizatsiya qilishga (0,4 mlrd. AQSh dollar);
axborot uzatuvchi magistral tarmoqlarni rivojlantirish va infrastrukturani yaxshilashga (0,1 mlrd. AQSh dollar) yoʻnaltirildi.
Umuman olganda, 2020 yil 1 yanvar holatiga davlat tashqi qarzining 4,5 mlrd. AQSh dollari energetika sohasi, 2,1 mlrd. AQSh dollari transport va transport infratuzilmasi, 1,9 mlrd. AQSh dollari qishloq xoʻjaligi sohasi, 1,8 mlrd. AQSh dollari uy-joy kommunal xizmat koʻrsatish sohasi va qolgan 5,3 mlrd. AQSh dollari boshqa sohalar hissasiga toʻgʻri kelgan.

Investitsiya maqsadlarida jalb qilingan tashqi qarz va byudjet kamomadini moliyalashtirish uchun olingan tashqi qarz oʻrtasida farq shundaki, investitsiyalarga yoʻnaltirilgan tashqi qarz asosan mazkur investitsiyalardan olingan “hosil” hisobidan qaytarilsa, byudjet kamomadini qoplash uchun ishlatilgan tashqi qarzni qaytarish soliq toʻlovchilar gardaniga tushadi.
Aks holda, hech bir davlat tashqi qarzlariga xizmat koʻrsatish xarajatlari oshib borayotgan bir paytda aholi va xoʻjalik yurituvchi subʼyektlar uchun soliq yukini kamaytirmaydi. Shundan kelib chiqib, Oʻzbekiston aholisi va xoʻjalik yurituvchi subʼyektlari soliq toʻlovchi sifatida davlat tashqi qarzi oshganidan havotirlanishlari uchun yetarlicha asos yoʻq.
“Yongʻin paytida suv uchun toʻlovlar haqida oʻylama”
Oʻzbekistonning koronavirus inqirozi davrida koʻproq tashqi qarz olayotgani toʻgʻrimi? Aynan hozirgi sharoitda qarz olish juda toʻgʻri qaror. Chunki, koronavirus pandemiyasi sababli kelib chiqqan inqiroz boshqa davrlardagi inqirozdan butunlay farq qiladi. Gʻarb mamlakatlari ushbu inqirozga qarshi kurashishda “do whatever it takes” (qanday zaruriy choralar kerak boʻlsa, shularni amalga oshir) tamoyiliga asosan ish koʻrishmoqda.
Bu goʻyoki biror bir ishlab chiqarish zavodida yongʻin kelib chiqqan paytda suv uchun toʻlovlar haqida emas, balki barcha imkoniyatlardan foydalangan holda, avvalo, ishchi va xizmatchilar (xalqni) hayotini saqlab qolishni iqtisodiy manfaatlardan ustun qoʻyish va yongʻinni (koronavirus infeksiyasi tarqalishini) tezda bartaraf etish hamda ishlab chiqarishni (iqtisodiyotni) qayta oyoqqa turgʻazish haqida oʻylash lozimligiga oʻxshaydi.
Oʻzbekiston hukumati tomonidan koronavirus infeksiyasi tarqalishini kamaytirish yoki qariyb 34 million ishchi va xizmatchisi boʻlgan zavodiga “qoʻshni zavodda chiqqan yongʻinning tarqalishi”ni tezda bartaraf etish maqsadida butun mamlakat boʻyicha karantin choralari joriy etildi. Bogʻchalar, maktablar, oliy oʻquv dargohlari karantin tugagunga qadar yopilib, masofadan turib taʼlim berish tizimiga oʻtildi. Zaruriy boʻlmagan korxonalar faoliyati vaqtinchalik toʻxtatildi.
Bunday vaziyatda iqtisodiy faollik pasayib, byudjetga tushumlar kamayishi tabiiy. Koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish maqsadida davlat xarajatlari sezilarli darajada oshgan bir paytda byudjet tushumlarining kamayishi sharoitida tashqi qarz olish uzoq muddatli ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni koʻzlab amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston hukumatining ushbu maqsadi qoʻyidagilar bilan izohlanadi:
Uzoq muddatda ham isteʼmolchi ham ishchi kuchi Oʻzbekiston aholisi hisoblanadi. Qisqa muddatda iqtisodiy oʻsish koʻrsatkichlarini kamaytirish orqali aholi salomatligini iqtisodiy manfaatlardan ustun qoʻyish uzoq muddatli iqtisodiy oʻsish garovidir. Oʻzi shundoq ham koronavirus inqirozidan aziyat chekayotgan aholi va xoʻjalik yurituvchi subʼyektlarga yordam qoʻlini choʻzish oʻrniga, ularga soliq yukini oshirish yoki ichki bozordan qarz jalb qilish iqtisodiyot fanida ratsional yechim hisoblanmaydi. Uzoq muddatli barqarorlikni taʼminlashning yagona yechimi esa ongli ravishda tashqi qarz mablagʻlarini jalb qilish hisoblanadi.
Tadbirkorlik vakillari, xoʻjalik yurituvchi subʼyektlar inqirozgacha boʻlgan davrda ham va undan keyingi davrda iqtisodiy oʻsishning lokomativi, ish oʻrinlari yaratuvchisi hisoblanadi. Shuning uchun, qisqa muddatda davlat xarajatlari oshishiga qaramasdan, soliq imtiyozlari, kredit taʼtillari va boshqa moliyaviy yordam koʻrsatish uzoq muddatli istiqbolda oʻz soʻzini aytadi. Ushbu maqsadlarda amalga oshirilayotgan xarajatlarni moliyalashtirish uchun maʼlum miqdorda mablagʻ jalb etilishi lozim. Jalb qilinayotgan tashqi qarz mablagʻlari esa kelajak uchun qilinayotgan investitsiyalar hisoblanadi.
Aynan koronavirus inqirozi davrida tashqi qarz jalb qilish ichki valyuta bozori barqarorligini taʼminlashga ham xizmat qiladi. Koronavirus inqirozi sababli Oʻzbekistonga xorijiy investitsiyalar oqimi sekinlashib, eksportdan valyuta tushumlari va chet eldan pul joʻnatmalari sezilarli darajada kamayayotgan bir paytda, tashqi qarz mablagʻlari ichki bozorda valyuta taklifini koʻpaytirib, soʻm almashuv kursiga bosimni pasaytiradi. Bunday murakkab vaziyatda xalqaro moliya tashkilotlaridan uzoq muddatli barqaror qarz mablagʻlarini jalb qilish aynan uzoq muddatli makroiqtisodiy barqarorlikni koʻzlab amalga oshirilayotgan ishdir. Buning yaqqol isboti sifatida rivojlanayotgan mamlakatlarda sodir boʻlayotgan vaziyatni keltirish mumkin. Mazkur mamlakatlar koronavirus pandemiyasi sababli kapital oqimining birdaniga toʻxtashi va mavjud kapitalning orqaga qaytishi natijasida milliy valyutalari almashuv kursi barqarorligini saqlab qolish uchun oltin-valyuta zaxiralarini “yoqishmoqda”.
Favqulodda vaziyatda oltin-valyuta zaxiralari ishlatilishi lozim(mi)?
Avvalo, nima uchun davlatlar oltin-valyuta zaxiralarini saqlab turishadi? Ushbu aktivlar juda koʻp maqsadlarga xizmat qilsada, ammo eng muhimi markaziy banklar oltin-valyuta zaxiralarini milliy valyutadagi majburiyatlarini, shu jumladan tijorat banklari depozitlarini kafolatlash uchun saqlab turishadi.
Bundan tashqari, oltin-valyuta zaxiralari markaziy banklar tomonidan xalqaro miqyosida oʻzaro hisob-kitoblarni amalga oshirishda maqbul toʻlov vositasi hisoblanadi. Shuningdek, ushbu aktivlar pul-kredit siyosatiga taʼsir koʻrsatish maqsadida foydalanilishi mumkin. Umuman olganda, oltin-valyuta zaxirasi markaziy hukumatga oʻzgaruvchan bozor sharoitida yanada moslashuvchan va barqaror boʻlishga imkon beradi.
Inqiroz paytida oltin-valyuta zaxiralaridan foydalanish esa moliyaviy muammolarni hal qilishning eng soʻnggi chorasi hisoblanadi. Shunda ham, odatda oltin-valyuta zaxiralari byudjet kamomadini moliyalashtirish uchun emas, balki milliy valyuta almashuv kursi barqarorligini saqlab qolish maqsadida sarflanadi. Bunga 1997 yilda Osiyo valyuta va moliyaviy inqirozi davrida Tailand milliy valyutasi-baht almashuv kursini saqlab qolish maqsadida oltin-valyuta zaxirasini quritgani yaqqol misol boʻla oladi.
Hozirga qadar bizga aniq boʻlgan maʼlumotlarga koʻra, koronavirus inqirozidan eng koʻp iqtisodiy zarar koʻrayotgan davlatlardan biri Saudiya Arabistoni soʻnggi chora sifatida oltin-valyuta zaxirasidan foydalanishni rejalashtirmoqda. Koronavirus inqirozi va neft narxining keskin tushib ketishi natijasida Saudiya byudjet defitsiti 2020 yilda qariyb 58 mlrd. AQSh dollarigacha yetishi baholanmoqda. Shuning uchun oʻtgan oyda Saudiya hukumati davlat tashqi qarzi chegarasini YaIMga nisbatan 30 foizdan 50 foizgacha koʻtardi. Joriy yilda Saudiya moliya vazirligi byudjet defitsiti moliyalashtirish uchun 26 mlrd. AQSh dollar miqdorida qarz olishni rejalashtirgan. Shuningdek, Saudiya hukumati oltin-valyuta zaxirasidan 32 mlrd. AQSh dollari miqdorida mablagʻlarini sarflashga majbur boʻlishi mumkin.
Bugungi kunda Oʻzbekiston Saudiya Arabistoni kabi moliyaviy muammolarga yechim topish maqsadida oltin-valyuta zaxirasini “xavfsizlik yostiqchasi” sifatida ishlatishga majbur shok holatda emas. Hozircha Oʻzbekistonda inqirozga qarshi kurashishda yetarlicha fiskal “maydon” (fiscal space) mavjud.
Qolaversa, Oʻzbekistonda oltin-valyuta zaxirasini barqaror darajada saqlab turish mamlakatimizning suveren reytinggi barqarorligini va tashqi qarz jalb qilish va unga xizmat koʻrsatish salohiyatini belgilab beruvchi omillardan hisoblanadi.
Shu bilan birga, taʼkidlash kerakki, koronavirus pandemiyasi dunyoni qarz botqogʻiga botirib ketadi va inqirozdan keyingi davrda mamlakatlar baʼzi qiyin qarorlarni qabul qilishga majbur boʻlishadi. Masalan, Xalqaro valyuta fondi hisob-kitoblariga koʻra, joriy yilda rivojlangan davlatlar umumiy davlat qarzi 6 trln. AQSh dollarga oshib, 66 trln. AQSh dollarini tashkil qilishi kutilmoqda. Bundan tashqari, rivojlanayotgan davlatlar ham koronavirus inqiroziga qarshi kurashish uchun katta miqdorda qarz jalb qilishmoqda. Koronavirus inqirozidan keyingi davrda dunyo boʻyicha davlatlarning xalqaro hisobvaraqlarida katta miqdorda qarzning toʻplanishi likvidlilik inqirozini (liquidity crunch) keltirib chiqarish ehtimoli ham yuq emas. Boshqa soʻz bilan aytganda, inqirozdan keyin tashqi manbalardan qarz olish mushkul vazifaga aylanishi mumkin. Qisqacha qilib aytganda, bu inqirozning qanchalik davom etishi va qanchalik chuqur boʻlishini hozirdan bashorat qilish juda mushkuldir.
Bundan tashqari, koronavirus inqirozi tufayli jahon bozorida oltinning 1 troy unsiyasi (31,10 gramm) narxi 3000 AQSh dollarigacha koʻtarilishi prognoz qilinmoqda. Bu esa hozirda oltin-valyuta zaxirasidan foydalangandan koʻra tashqi qarz mablagʻlarini jalb qilish eng maqbul yechim ekanligidan dalolat beradi.
Shunga qaramasdan, oltin-valyuta zaxiralari oʻzgarishini chuqur tahlil qilmasdan, “bizda oltin-valyutasi keragidan ortiq” deguvchilar ham topilib qolishi mumkin. Bunday ekspertlarga javobimiz quyidagicha boʻladi.
2020 yil 1-chorakda Oʻzbekistonning oltin-valyuta zaxirasi yil boshiga nisbatan 1088 mln. AQSh dollariga yoki 3,7 foizga oshdi. Bir qarashda, “koronavirusga qarshi kurashish maqsadida xalqaro moliya tashkilotlaridan kredit jalb qilib, tashqi qarz hajmini yanada oshirgandan koʻra, oltin-valyuta zaxirasidagi mazkur qariyb 1,1 mlrd. AQSh dollarlik mablagʻlardan foydalanish mumkinku” degan fikr yangrashi mumkin. Biroq, oltin-valyuta zaxirasi oshishining tarkibiy tahlili iqtisodchi va ekspertlarning bu boradagi fikrlarini oʻzgartirishga turtki boʻladi.

2020 yilda 1-chorakda oltin-valyuta zaxirasini qariyb 1,1 mlrd. AQSh dollarga koʻpayishi asosan mazkur davrda jahon bozorida 1 troy unsiya oltin narxining 1605 AQSh dollargacha oshishi natijasida sof oltin zaxirasi qoldigʻini qayta baholash hisobiga shakllandi. Yaʼni, mazkur davrda oltin-valyuta zaxirasi sof oltin qoldigʻini qayta baholash hisobiga 1008 mln. AQSh dollariga (umumiy oʻsishning 92,7 foizi) koʻpaydi.
Oltin-valyuta zaxirasi oʻzgarishining tarkibiy tahlili
(oʻtgan oyga nisbatan oʻzgarish, mln. AQSh dollar)

Shuningdek, sof oltin zaxirasi hajmining ortishi hisobiga 112 mln. AQSh dollarga oshgan boʻlsa, xorijiy valyutadagi zaxira aktivlari 27,4 mln. AQSh dollariga kamaydi. Xorijiy valyutadagi zaxira aktivlarining kamayishi Markaziy bank tomonidan mahalliy oltin ishlab chiqaruvchi korxonalardan oltin sotib olish natijasida iqtisodiyotda vujudga kelgan ortiqcha likvidlilikni sterilizatsiya qilish operatsiyalari bilan izohlanadi.
Yuqorida keltirilgan maʼlumotlardan kelib chiqib aytish mumkinki, Oʻzbekistonda oltin-valyuta zaxirasi koronavirus inqirozidan keyingi inqiroz davrida bakor kelishi mumkin.
Oʻzbekiston tashqi qarzining uzoq muddatli barqarorligini taʼminlash
Shu oʻrinda, bir qator ekspertlar davlat tomonidan koʻp miqdorda kredit olinishi uzoq muddatda kattaroq muammolar keltirib chiqarishi toʻgʻrisida oʻz fikrlarini bildirishi mumkin.
Bunday fikrlarning nechogʻlik asosligini davlat tashqi qarziga xizmat koʻrsatish xarajatlarida koʻrish mumkin. Moliya vazirligi maʼlumotlariga koʻra, 2019 yilda davlat tashqi qarziga xizmat koʻrsatish xarajatlari 759,3 mln. AQSh dollarini tashkil etgan. Shundan, 425,1 mln. AQSh dollari asosiy qarzni qaytarish xarajatlari boʻlsa, 334,3 mln. AQSh dollari foiz toʻlovlari hisoblanadi. Ushbu raqamlar shundan dalolat beradiki, Oʻzbekistonning tashqi qarzlari uzoq muddatli qarzlar hisoblanadi va mazkur qarzlar past foiz stavkalari bilan jalb qilingan.
Shuningdek, taʼkidlash lozimki, mazkur davrda davlat qarziga xizmat koʻrsatish xarajatlarining 34,7 foizi davlat byudjeti mablagʻlari hisobidan amalga oshirilgan boʻlsa, 65,3 foizi davlat korxonalari mablagʻlari hissasiga toʻgʻri kelgan.
Davlat tashqi qarziga xizmat koʻrsatish xarajatlari

Manba: Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi
Shuningdek, koronavirus pandemiyasi sababli vujudga kelgan global inqirozga qaramay aprel oyida Fitch reyting agentligi Oʻzbekiston Respublikasi suveren kredit reytingini “BB-” barqaror darajada saqlab qoldi.
Oʻtgan davrlarda davlat qarzini boshqarishning oʻrta muddatli strategiyasi ishlab chiqildi. Xalqaro valyuta jamgʻarmasi metodikasi asosida davlat qarzining xavfsiz darajasi aniqlandi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 dekabrdagi PQ-4555-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining “2020 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq, 2020 yilda Oʻzbekiston Respublikasi (Oʻzbekiston Respublikasi Hukumati) nomidan yoki Oʻzbekiston Respublikasi kafolati ostida tashqi qarzni jalb etish boʻyicha imzolanadigan yangi shartnomalarning chegaralangan hajmi 4 mlrd. AQSh dollaridan oshmasligi belgilab qoʻyildi.
Shu bilan birga, hozirda davlat qarzini xalqaro standartlar asosida boshqarish, mazkur jarayonda Parlament rolini oshirish, davlat qarzini makroiqtisodiy barqarorlik uchun xavfsiz darajada saqlab turish mexanizmlari va boshqa bir qator choralarni nazarda tutuvchi “Davlat qarzi toʻgʻrisida”gi qonun loyihasi ishlab chiqilmoqda.
Masalaning yana bir jihati – bu korrupsiya
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 dekabrdagi PQ-4555-sonli “Oʻzbekiston Respublikasining “2020 yil uchun Oʻzbekiston Respublikasining davlat byudjeti toʻgʻrisida”gi Qonuni ijrosini taʼminlash chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq, davlat tashqi qarzi hisobidan moliyalashtirilgan har bir loyiha va dasturni Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi auditdan oʻtkazmoqda va audit natijalari boʻyicha axborot har chorak yakunida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi hamda Vazirlar Mahkamasi Rayosatiga yubormoqda. Shuningdek, tegishli vazirlik va idoralar tomonidan yakunlangan loyiha va dasturlar boʻyicha Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi palatalarining qoʻmitalariga 3 oy ichida taqdimotlar oʻtkazilishi yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻzbekiston Respublikasi Hisob palatasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi hamda Moliya vazirligi loyiha va dasturlarning ishlab chiqilishi, tanlab olinishi, monitoring va audit natijalariga oid maʼlumotlarni ommaviy axborot vositalari va veb-saytlarda yoritib bormoqda.
Xulosa
Toʻsatdan yuz bergan koronavirus inqirozi davrida butun dunyo mamlakatlari koronavirus infeksiyasi tarqalishini kamaytirish, insonlar hayotini saqlab qolish va iqtisodiyotni qayta jonlantirish boʻyicha keng koʻlamli ishlarni amalga oshirmoqda. Shu jumladan, Oʻzbekiston ham aholi hayoti va salomatligini iqtisodiy manfaatlardan ustun qoʻygan holda bir qator ishlarni amalga oshirib kelmoqda. Mazkur chora-tadbirlar qatorida xalqaro moliya tashkilotlaridan qarz mablagʻlarini jalb qilinmoqda. Yuqorida keltirilgan barcha maʼlumotlardan kelib chiqib, Oʻzbekistonning davlat tashqi qarzi borasida havotirlanmaslikka hamda koronavirus inqiroziga qarshi hukumat bilan yelkama-yelka kurashishga chaqirib qolamiz.
Xalilulloh Hamidov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi yetakchi ilmiy xodim
[1] Trivial Pursuit – bu Kanadada oʻylab topilgan oʻyin boʻlib, unda gʻalaba qozonish oʻyinchining umumiy bilimlari va mashhur madaniyatlar haqidagi savollarga javob berish qobiliyati bilan belgilanadi. Oʻyinchilar oʻyin toshlarni oʻyin taxtasi atrofida aylantiradilar va toshlar qoʻnim topgan maydon soʻraladigan savol mavzusini belgilab beradi. Savollar olti toifaga, shu jumladan tarix, fan va tabiatga tegishli boʻladi.
Manba: Kun.uz
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekistonda davlat organlari va hududlar uchun korrupsiya hamda yashirin iqtisodiyot reytingi ishga tushiriladi

UZ V Uzbekistane zapuskayetsya reyting korrupsii i tenevoy ekonomiki dlya gosorganov i regionov

Infografika: Oʻzbekistonning 2020 yil yanvar-sentyabr oylarida MDH davlatlari bilan savdo aloqasi

