| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Tahlil4 daqiqada oʻqiladi1 863 marta oʻqildi

Dunyo boʻyicha koronavirus bilan bogʻliq noaniqlik rekord darajada yuqori

Koronavirus inqirozi qachongacha davom etadi? Koronavirus infeksiyasiga qarshi vaksina ishlab chiqarish qancha muddat oladi? Mamlakatlarda karantin tadbirlari qachon yakuniga yetadi? Koronavirusdan keyin global iqtisodiy oʻsish qanchalik tez darajada tiklanadi? Ushbu savollarning barchasi koronavirus pandemiyasi sababli vujudga kelgan noaniqlikni oshirib bormoqda.

Dunyo boʻyicha koronavirus bilan bogʻliq noaniqlik rekord darajada yuqori

Hozirgi kunda koronavirus pandemiyasi COVID-19 atrofidagi global noaniqlik oʻtgan davrlardagi pandemiya (epidemiya) holatlari sababli vujudga kelgan noaniqliklarga qaraganda ancha yuqoridir.

Ushbu noaniqlikni kamaytirish, iqtisodiyotning tezda oyoqqa turishi va odamlarning odatiy turmush tarziga qaytishi davlatlar tomonidan amalga oshirilayotgan chora-tadbirlarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi bilan bir qatorda insonlarning karantin qoidalari va intizomiga soʻzsiz amal qilishiga bogʻliq. Toki biror bir jamiyatda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan soʻnggi bemor aniqlanmagunicha, butun jamiyat, insoniyat uchun xavf saqlanib qolaveradi. Karantin qoidalari va intizomiga rioya qiling. UYDA QOLING!

Xalqaro valyuta jamgʻarmasining Tadqiqot departamenti boʻlim boshligʻi – Davide Furceri, katta ilmiy xodimi – Hites Ahir hamda Stenford universitetining iqtisodiyot professori – Nicholas Bloom tomonidan 143 mamlakat uchun Jahon pandemiya noaniqlik indeksi (World Pandemic Uncertainty Index (WPUI)) (Jahon noaniqlik indeksining kichik bir indeksi sifatida) ishlab chiqildi. Mazkur indeksni hisoblashda ular Economist Intelligence Unit (EIU) tomonidan 1996 yil 1-chorakdan 2020 yil 1-chorakgacha boʻlgan davrda chop etilgan mamlakatlar hisobotlaridagi maʼlumotlardan foydalandilar. Shunday qilib, ular mamlakatlar hisobotida “noaniqlik” soʻzi necha marta pandemiya yoki epidemiyalar bilan bogʻliq boʻlgan soʻzlarga (Severe Acute Respiratory Syndrome, SARS, Avian flu, H5N1, Swine flu, H1N1, Middle East respiratory syndrome, MERS , Bird fu, Ebola, Coronavirus, Covid-19, Influenza, H1V1, World Health Organisation, and WHO) yaqin tilga olinganligini sanab chiqdilar. WPUI indeksini mamlakatlar boʻyicha taqqoslash uchun muayyan bir davrda har bir mamlakat uchun hisobotda sanalgan soʻzlarni umumiy soʻzlar soniga nisbatini hisobladilar.

Koronavirus infeksiyasi dunyo boʻylab, mamlakatlar boʻylab tarqalishda davom etib avjiga chiqib bormoqda. Koronavirus inqirozidan aziyat chekayotgan davlatlar virus tarqalishini cheklash maqsadida tugash muddati nomaʼlum karantin holatlarini joriy etib, ijtimoiy uzoqlashish talablarini kuchaytirayotgan bir paytda, yuqumli kasallikni yuqtirib olish va daromadlarni yoʻqotish qoʻrquvi butun dunyoda noaniqliklarni kuchaytirmoqda.

Koronavirus inqirozi bilan bogʻliq noaniqlikni raqamlar orqali oʻlchash va uni oldingi pandemiya va epidemiyalar bilan taqqoslash maqsadida ishlab chiqilgan yangi oʻlchov birligi – WPUI shuni koʻrsatmoqdaki, hozirgi kunda COVID-19 atrofidagi noaniqliklar oldingi kasalliklar (masalan, SARS, Swine flu, MERS va boshqalar) sababli jahon hamjamiyatida vujudga kelgan noaniqlikdan ancha yuqori.

Quyidagi rasmda koʻrsatilgandek, koronavirus sababli vujudga kelgan noaniqlik darajasi misli koʻrilmagan darajada yuqori hisoblanadi. 2020 yil 31 mart holatiga ushbu koʻrsatkich 2002-2003 yillardagi oʻtkir nafas yoʻllari sindromi (Severe Acute Respiratory Syndrome (SARS)) epidemiyasi davridagi noaniqlik koʻrsatkichidan 3 barobar va Ebola epidemiyasi davridagi noaniqlik indeksidan qariyb 20 barobar koʻproqdir. Koronavirus bilan kasallanganlar soni koʻpayishda davom etishi hamda inqirozning qachon tugashi nomaʼlum boʻlib qolayotgan sharoitda koronavirus atrofidagi noaniqlik darajasi yuqoriligicha saqlanib qolishi kutilmoqda.

Jahon pandemiya noaniqlik indeksi, oddiy oʻrtacha:

Pandemiya atrofidagi global noaniqlik

Koronavirus global miqyosida kengayib borar ekan, Jahon pandemiya noaniqlik indeksi 2020 yil 1-chorakda eng yuqori darajaga koʻtarildi.

COVID-19 bilan kasallanganlar soni tobora koʻpayib borayotgan davlatlarda pandemiya bilan bogʻliq noaniqliklar ham oshib bormoqda. Avvaliga faqat Xitoyning muammosidek tuyulgan koronavirus epidemiyasi koʻp vaqt oʻtmay pandemiyaga aylandi. Bugungi kunga kelib, rivojlangan gʻarb mamlakatlarida, ayniqsa, AQSh, Buyuk Britaniya, Shveysariya, Germaniya, Italiya, Ispaniyada koronavirus inqirozi sababli noaniqliklar eng yuqori darajada saqlanib qolmoqda.

Shuning uchun, mamlakatimizda istiqomat qilayotgan har bir kishi dunyo mamlakatlari xatosidan xulosa chiqargan holda koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorning muammosini oʻz muammosi deb bilmogʻi lozim. Aks holda, koronavirus inqirozi bilan bogʻliq noaniqlarni oshib borishiga oʻz hissasini qoʻshadi.

Oʻzbekistonda COVID-19 infeksiyasini yuqtirib olganlar soni koʻpayib borishi bilan esa butun dunyo mamlakatlarida kuzatilayotgani singari mamlakatimizda ham ushbu kasallik tufayli vujudga kelgan noaniqliklar oshib boradi.

2020 yil 6 aprel holatiga mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi aniqlangan holatlar soni 397 nafarni tashkil etdi. Hozircha koronavirus bilan bogʻliq noaniqlikni biroz boʻlsada jilovlab turgan omillardan biri shuki, soʻnggi kunlarda koronavirus infeksiyasi tasdiqlangan bemorlarning barchasi statsionar sharoitda karantinga olingan fuqarolar orasidan aniqlangan. Bu statsionar sharoitdagi karantindan tashqarida xavf yoʻq degan maʼnoni anglatmaydi.

Shu bois, Oʻzbekiston Respublikasida istiqomat qilayotgan har bir inson karantin qoidalari, karantin intizomiga qatʼiy rioya qilishni oʻz burchi deb bilishi lozim.

Shu oʻrinda taʼkidlash kerakki, inqiroz tufayli daromadini yoʻqotgan tadbirkorlar, kunlik daromad topuvchi aholi qatlami, boquvchisini yoʻqotgan oilalar daromad topish ilinjida karantin qoidalarini buzishga majbur boʻlmasligi lozim.

Shubhasiz, hukumatimiz tomonidan oʻz vaqtida amalga oshirilayotgan keng qamrovli chora-tadbirlar koronavirus inqirozidan katta talofatlarsiz oʻtib olishimizga yordam beradi. Shunday boʻlsada, bunday ogʻir vaziyatda davlat-xususiy sherikchilik mexanizmini muvaffaqiyatli yoʻlga qoʻyilishi koronavirus inqiroziga qarshi kurashishda oʻz soʻzini aytadi. Shundan kelib chiqib, tadbirkorlik vakillari va fuqarolar tomonidan yordamga ehtiyojmand oilalar, yolgʻiz yashayotgan qariyalar, daromadini yoʻqotgan aholi qatlamiga yordam berish ustuvor vazifalardan biriga aylanishi darkor.

Ushbu maqsadlarda Oʻzbekiston Respublikasi Mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash vazirligi qoshida xayriya faoliyatini muvofiqlashtirish yagona markazi tashkil etildi. Mazkur markaz orqali yordamga muhtoj oilalarga yordam qoʻli choʻzilmoqda.

Ishonamizki, tez kunlarda davlatimizning, xalqimizning birdamlikdagi saʼy-harakatlari natijasida koronavirus bilan bogʻliq noaniqliklar bartaraf etiladi.

Xalilulloh Hamidov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Yetakchi ilmiy xodimi

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ