| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Tahlil2 daqiqada oʻqiladi1 043 marta oʻqildi

COVID-19 choʻqqisi zabt etildi: Karantin choralarining ijobiy taʼsiri

COVID-19 ning tarqalishi dinamikasiga koʻra, bemorlar soni doimo eksponensial egri chizigʻi boʻylab harakatlanmaydi va muayyan nuqtaga erishgach, pasayish kuzatiladi.

COVID-19 choʻqqisi zabt etildi: Karantin choralarining ijobiy taʼsiri

COVID-19 virusining chet mamlakatlarida tarqalish tendensiyasi va oqibatlarini hisobga olgan holda, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan Oʻzbekistonda COVID-19 bilan bogʻliq vaziyat SEIR (Susceptible-Exposed-Infected-Recovered) modeli asosida uzluksiz tahlil qilib borilmoqda. Tadqiqot natijalariga koʻra, karantin choralari ijobiy taʼsirini koʻrsatdi va xavf ortda qoldi.

Metodologiya

Yuqumli kasalliklarning tarqalish parametrlarini hisoblashda matematik kompartmental (guruhlarga ajratuvchi) modellardan foydalaniladi. Mazkur modelda aholi bir necha guruhlarga boʻlinadi va har bir guruhdagi odamlar bir xil xususiyatga ega deb faraz qilinadi.

Modelga koʻra, virus tarqalishi bir nechta bosqichlardan iborat boʻlib, bosqichlarni ikki qismga ajratgan holda, yaʼni pandemiya boshlanishidan oldingi va pandemiya davridagi holatlarida oʻrganiladi. COVID-19 ning tarqalishi dinamikasiga koʻra, bemorlar soni doimo eksponensial egri chizigʻi boʻylab harakatlanmaydi va muayyan nuqtaga erishgach, pasayish kuzatiladi. Mazkur holat tibbiyot statistikasida “epidemiologik egrisi” deyiladi va bu amaliyotda oʻz tasdigʻini topgan.

SEIR modeli kompartmental modellarning biri boʻlib, aholini toʻrt guruhga ajratadi:

  1. kasallikka taʼsirchan;

  2. kasallangan, lekin kasallik alomatlari yoʻq;

  3. kasallangan va kasal tarqatuvchi;

  4. sogʻaygan.

SEIR modelining tenglamalari:

Bunda:

S(t) – kasallikka taʼsirchan aholi soni

E(t) – kasallangan, lekin kasallik alomatlari yoʻq

I(t) – kasallangan va kasal tarqatuvchi

R(t) – sogʻaygan

Mazkur model kasallik koʻpayishining bazaviy chastotasi, inkubatsiya davri davomiyligi, bemorning oʻrtacha kasallanish muddati, oʻlim holatlari, statsionar rejimda saqlanish davri, gospitalizatsiya darajasi va boshqa omillarni hisobga olgan holda Oʻzbekistonda kasallangan va tuzalganlar sonini prognoz qiladi. Modelda asosiy koʻrsatkich sifatida kasallangan bemorlar soni (kasallikdan tuzalgan fuqarolar va umumiy kasallanganlar soni orasidagi tafovut)dan foydalaniladi.

Shuni taʼkidlash lozimki, mamlakatimizda COVID-19 bilan kasallanganlarning deyarli yarmini turli kanallar orqali yurtimizga kelgan va olib kelingan fuqarolar tashkil qiladi. Ushbu omillarni hisobga olgan holda, mamlakatdagi vaziyat ichki va tashqi kasallanish holatlarini guruhlarga ajratgan holda ham tahlil qilindi. Boshqacha qilib aytganda, mamlakat ichida kasallangan va chet eldan kelib, karantin zonalarida boʻlib turgan fuqarolar uchun alohida tahlillar olib borildi.

Tadqiqot natijalari

Tadqiqot natijalari kasallanishning eng yuqori choʻqqisi 24 aprel kuniga toʻgʻri kelganligini koʻrsatdi. Bunda kasallanganlarning umumiy soni va tuzalganlar orasidagi tafovut 1200 nafarga yaqinni tashkil qildi. Tashqi va ichki holatlarni guruhlarga ajratib olib borilgan tahlillar natijasi ham umumiy natijalardan sezilarli darajada farq qilmagan holda kasallanishning eng yuqori darajasi zabt etilganini koʻtsatdi. Ijobiy ssenariyga asoslanib shuni aytish mumkinki, agar boshqa omillarda kutilmagan oʻzgarishlar kuzatilmasa, may oyining oʻrtalariga kelib Oʻzbekistonda koronavirus bilan kasallanish holatlarining keskin kamayishiga erishish mumkin.

Xulosa

Tadqiqot natijalaridan kelib chiqib aytish mumkinki, kasallanish holatlari koʻpayish riski past hududlarda iqtisodiyotning muhim tarmoqlari faoliyatini uzluksiz yoʻlga qoʻyish, faoliyatini vaqtincha toʻxtatgan korxonalarni qayti tiklash va aholining ijtimoiy zaif qismini himoya qilish maqsadida karantin cheklovlarini bosqichma-bosqich yumshatish maqsadga muvofiq. Ammo bunda fundamental sanitariya-gigiyena qoidalariga va ijtimoiy masofalanish prinsipiga rioya etilishi koʻzda tutilishi lozim.

Majidov Xasan

Yetakchi mutaxassis, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Ismailov Baxtiyor

Yetakchi mutaxassis, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ