BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida 2030 yilga borib Oʻzbekistonda kambagʻallikni ikki barobarga qisqartirish masalasi qoʻyilgan
12 oktyabr kuni “Yuksalish” umummilliy harakati hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Xalqaro munozara klubi doirasida “Pandemiya davrida aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash: Oʻzbekiston va Germaniya tajribasi” mavzusidagi ikkinchi uchrashuvini tashkil etdi.

Aholining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligi masalalariga ixtisoslashgan Yevropaning yetakchi xorijiy ekspertlari, bir qator mustaqil ekspertlar, parlament, vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyatlari vakillari koronavirus pandemiyasi davrida aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini moliyaviy qoʻllab-quvvatlash jihatlarini Oʻzbekiston va Germaniya tajribasiga asoslangan holda ochiq muloqot shaklida muhokama qildilar. Muhokama chogʻida Germaniya va dunyoning bir qator boshqa mamlakatlari pandemiya paytida aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga moliyaviy koʻmak berish boʻyicha tajribasi oʻrganildi.
Ilhom MAMATQULOV, Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi Kambagʻallikni qisqartirish siyosatini yuritish departamenti rahbari: — Hozirgi pandemiya davrida yordamga muhtoj aholi qatlamini himoya qilish masalasida ayrim savollar yoki maʼlum bir noroziliklar boʻlmoqda. Bu masalada jarayonning shaffofligini taʼminlash uchun ijtimoiy himoya yagona reyestri axborot tizimi ishlab chiqildi. Yaʼni himoyaga olish onlayn tizim orqali amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, pandemiya davrida aholini moddiy, nomoddiy qoʻllab-quvvatlash maqsadida joylarda ishchi guruhlar tashkil etildi. Xalq deputatlari mahalliy Kengashlari qarorlari bilan ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamning dastlabki roʻyxatlari shakllantirildi. Mazkur roʻyxatni onlayn tarzda yuritish, monitoring qilish maqsadida avtomatlashtirilgan “SAXOVAT.ARGOS.UZ”elektron dasturi ishga tushirildi. Endilikda yordamga muhtoj aholi qatlamining roʻyxatini mazkur dasturga kiritish, daromad manbaini aniqlash, mehnatga layoqatli qismining bandligi taʼminlash, ular doimiy daromadga ega boʻlgandan soʻng, “Temir daftar”dan chiqarish ishlari bevosita onlayn amalga oshirilmoqda.
Kambagʻallikni qisqartirishda xalqaro tajribadan kelib chiqib, 3 ta vositadan foydalanish koʻzda tutilgan:
Birinchisi, yalpi talabni ragʻbatlantirish. Pandemiya davrida yalpi taklif imkoniyatlari cheklandi. Vaqtinchalik faoliyatini toʻxtatgan korxonalar, tadbirkorlik subʼyektlari faoliyatini qayta yoʻlga qoʻyishi uchun davlat tomonidan yengilliklar yaratildi. Kambagʻal aholi qatlamini koopiratsiyalarga jalb qilish, qishloq xoʻjaligida foydalanilmayotgan yerlardan yer ajratish, subsidiyalar berish orqali ularga dastak (instrument) berilmoqda.
Ikkinchisi, inson kapitalini rivojlantirish. Aholiga imtiyozli kreditlar, toʻgʻridan-toʻgʻri moliyaviy koʻmak berilishi bunga misoldir. Hozirda ishsiz fuqarolar turli kasb-hunarlarga oʻqitilmoqda, buning uchun Monomarkazlar tashkil qilindi. Yuqori malaka, oliy maʼlumot talab etilmaydigan darajadagi ishlarga aholi koʻnikmalarni rivojlantirish maqsadida joylarda oʻquv kurslari ochilmoqda. Biznes va tadbirkorlik oliy maktabida esa aholi tadbirkorlikka oʻqitilmoqda.
Uchinchisi, “Temir daftar”ga kiritilgan oilalarga toʻgʻridan-toʻgʻri moddiy va nomoddiy yordam berish. Bunda bogʻcha toʻlovlaridan ozod etish, maktabda taʼlim olayotgan bolalarni mavsumiy kiyim bilan taʼminlash ishlari amalga oshirilmoqda. Prezident qarori asosida Qurbon hayiti bayramida 182 mingdan ortiq ehtiyojmand oilalarga qariyb 154 mlrd soʻmlik moddiy yordam ajratildi.
Oldimizda turgan asosiy vazifalardan bu – iqtisodiy oʻsish inklyuzivligini taʼminlash, doimiy ish oʻrinlarini yaratish, eng asosiysi, inson kapitali darajasini yaxshilash orqali kambagʻallikni qisqartirishdir. Zero, BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarida 2030 yilga borib Oʻzbekistonda kambagʻallikni ikki barobarga qisqartirish masalasi qoʻyilgan.
Martin ShEBESTA, Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmaning siyosiy maslahatchisi, Germaniya: — Germaniyada kichik tadbirkorlik subʼyektlarini qoʻllab-quvvatlash hamda vaqtincha ishsizlarga nafaqa berishga hukumat tomonidan qariyb 50 mlrd yevro mablagʻ ajratildi. Shuning uchun ham mamlakatda ishdan boʻshatishlarning katta toʻlqinini oldini olishga erishildi. Bunda tashkilot va kompaniyalar hukumatga moliyaviy muammolarga duch kelgani, ishchilarga oylik maosh toʻlay olmasligi va davlat tomonidan yordam koʻrsatilishini soʻrab murojaat qilishadi. Davlat esa bu majburiyatni zimmasiga oladi va maoshlarning 50-70 foizini toʻlab beradi (korxonaning faoliyat shakli, oila aʼzolari soni hisobga olinadi), bu bilan fuqarolarning ishdan boʻshatilishidan himoya qiladi. Shu sababli Germaniyada ishsizlik past darajada saqlab qolindi, baʼzi firmalar endilikda ishchilari maoshlarining toʻlanmay qolgan qismini toʻlab berishmoqda. Bundan tashqari, soliq imtiyozlari ham berilmoqda. Ehtiyojmand oilalarga ijara toʻlovini toʻlash kechiktirilmoqda.
Muhokama natijalari boʻyicha mamlakat aholisini moddiy qoʻllab-quvvatlash va ragʻbatlantirish tizimini takomillashtirish boʻyicha taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.
Maʼlumot uchun: Xalqaro munozara klubi Prezidentning 2020 yil 2 martdagi farmoniga muvofiq, “Yuksalish” umummilliy harakati qoshida tashkil etilgan. Maqsad — ekspertlar, xususan, xorijiy va xalqaro tashkilotlar ishtirokida dolzarb ijtimoiy-iqtisodiy hamda ijtimoiy-siyosiy masalalarni muhokama qilish, turli sohalarda trendlarni shakllantirish, takliflar ishlab chiqish, innovatsion gʻoya va qarashlarni ilgari surish. Xalqaro munozara klubining media formati “UzReport” telekanali tomonidan qoʻllab-quvvatlanadi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

Toshkentda ommaviy qabullar viloyatlardagi ommaviy qabullardan nimasi bilan farq qiladi?

«Oʻztransgaz» aholiga murojaat yoʻlladi

