| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Jamiyat2 daqiqada oʻqiladi151 marta oʻqildi

Aziz Abduhakimov: Turizm-365 telekanalini ochish vaqti kelgandir

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov gidlar sonini 5000 nafarga yetkazmoqchi ekanligini aytdi. Shuningdek, Turizm-365 telekanalini ochish vaqti kelgani haqida ham gapirdi.

Aziz Abduhakimov: Turizm-365 telekanalini ochish vaqti kelgandir

Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisi Aziz Abduhakimov Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti binosida respublika gidlar guruhi vakillari bilan uchrashdi.

Aziz Abduhakimov bugungi kunda turizm sohasi rivojlanishida ekskursiyachi gidlarning oʻrni nihoyatda katta ekanligini taʼkidlab, qisqa vaqt ichida Oʻzbekistondagi gidlar sonini oshirish kerakligi haqida soʻzladi.

“Biz endi turizmni yangi pogʻonaga koʻtarishimiz lozim, zero turizm eng avvalo mahalliy aholi uchun yangi ish joylari demakdir. Bugunga kelib gidlarning soni 1000dan ortiq boʻlsa, biz qisqa vaqt ichida ularning sonini 5000 nafarga yetkazishimiz kerak”, dedi Abduhakimov.

Shuningdek ekskursiyachi gidlarni oʻylantirayotgan masalalar, oʻz yechimini kutayotgan muammolarni tingladi.

Aziz Abduhakimov sayohat madaniyatini kishilarga bolalikdan shakllantirish zarurligini taʼkidlab, shu yoʻnalishda dastur tuzish va unga koʻra, yosh sayyohlarga moʻljallangan koʻrsatuvlarni tashkil qilish, maxsus videokurslarni tavsirga olib tarqatish choralari koʻrilishini aytdi.

“Ehtimol, Turizm-365 telekanalini ochish vaqti kelgandir, zero ichki turizm bugungi kunda talab darajasida oʻrganilmagan”, deb qoʻshimcha qildi Bosh vazir oʻrinbosari.

Shu oʻrinda Aziz Abduhakimov bugungi kunda Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi tomonidan ekskursiyachi gidlar bilan muloqotga kirishib, operativ maʼlumot almashish imkonini beruvchi yangi loyiha ustidagi ishlar tugagani, bu kelgusida sayyohlik sohasi bilan bogʻliq muammolarni oʻz vaqtida bartaraf etish imkonini berishini maʼlum qildi:

“Gidlardan iltimosimiz – sayyoh bilan harakatlanayotib qayerdadir kamchilik yo muammo koʻrdingizmi, darhol ushbu platforma orqali bizga matn, foto yoki audio shaklida yoʻllang. Sir emaski, hududlarda kafe va restoranlar, sanitariya-gigiyena shoxobchalari va infratuzilma bilan bogʻliq muammolar talaygina. Bundan tashqari, turistik xizmat koʻrsatuvchilarning muomalasi koʻngildagidek boʻlmasligi mumkin. Bunday kamchiliklardan tezkor xabardor qilsangiz, biz tegishli davlat idoralari va tashkilotlar bilan hamkorlikda zarur choralarni koʻramiz. Shu tariqa mavjud muammolarni birgalikda bartaraf etamiz”.

Gidlar vakillari soʻnggi yillarda davlat rahbari hamda hukumat darajasida sohani rivojlantirishga doir qabul qilinayotgan farmon va qarorlar ularni ilhomlantirayotganini alohida taʼkidlab, kelgusida eʼtibor qaratilishi kerak boʻlgan jihatlar boʻyicha takliflarini bildirishdi. Turizm jurnalistikasi yoʻnalishini joriy qilish, yurtimiz haqidagi flayerlar va qoʻllanmalarining chet tillaridagi tarjimalari kamligi, har bir turistik obʼyektda siti-baslarni tashkil qilish, vegan menyuni yoʻlga qoʻyish, sertifikat olish jarayoniga oʻzgartirish kiritish shular jumlasidandir.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ