Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi – koʻrgazmali seminari tashkil etildi
6 yanvar kuni “Oʻzekspomarkaz” majmuasida Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan uch kunlik koʻrgazmali seminar oʻz ishini boshladi.

6 yanvar kuni “Oʻzekspomarkaz” majmuasida Davlat soliq qoʻmitasi tomonidan tashkil etilgan uch kunlik koʻrgazmali seminar oʻz ishini boshladi.
Mazkur tadbir davlat soliq xizmati uchun eng muhim boʻlgan xujjat - 2020 yil 1 yanvardan kuchga kirgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi targʻibotiga bagʻishlandi.
Seminarga Moliya vazirligi, Davlat soliq qoʻmitasi, Davlat bojxona qoʻmitasi, Savdo-sanoat palatasi va Biznes-Ombudsman rahbariyati va masʼul xodimlari jalb qilindi.
- Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi soliq qonunchiligini maksimal darajada soddalashtirishga yoʻnaltirilgan konseptual oʻzgartirishlardan iborat,- deydi Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vaziri oʻrinbosari Dilshod Sultonov. – Hujjatning asosiy maqsadi insofli soliq toʻlovchilar manfaatlarini ximoya qilishdir.
- Jahon tajribasi asosida yangi tahridagi Soliq kodeksi bilan davlat soliq xizmati organlari va soliq toʻlovchilar oʻrtasidagi munosabatlarning shakllari hamda mexanizmlari takomillashtirilmoqda, zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnolgiyalarini amaliyotga tatbiq qilish orqali yangi xizmat turlari joriy qilinmoqda,- taʼkidlaydi Davlat soliq qoʻmitasi raisi Bexzod Musayev.
Koʻrgazmali seminarning birinchi kunida Toshkent shahri va Toshkent viloyatida faoliyat yuritadigan 1000 dan ortiq tadbirkorlar va xisobchilar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari tashrif buyurdi. Tadbir tafsilotlari “Oʻzbekiston 24” telekanali orqali toʻgʻridan-toʻgʻri efirga uzatildi.
Koʻrgazmalar zalida 40 dan ortiq mavzulardagi axborot stendlari ishtirokchilar eʼtiboriga havola etildi. Yangi Soliq kodeksi qabul qilinishi munosabati bilan soliq qonunchiligiga kiritilgan yangiliklar haqida 30 ta mavzudagi 3,5 mingta bukletlar tarqatildi.
Koʻrgazmali seminar doirasida tadbirkorlar va buxgalterlarga Soliq kodeksiga oid sharhlar, intervyular, shuningdek yangi tahrirdagi Soliq kodeksi amalga kiritilishi bilan bogʻliq eng koʻp uchraydigan savollarga javoblarni oʻz ichiga olgan «Soliq-plyus» - «Nalogi plyus» gazetalarining maxsus soni tarqatildi.
Koʻrgazmali seminarning birinchi kuni natijalariga koʻra, soliq toʻlovchilar tomonidan 120 dan ortiq savollar oʻrtaga tashlandi. Bu biznes vakillarining soliq islohotlari bilan tanishishga boʻlgan katta qiziqishlarini bildiradi. Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasi mutaxassislari barcha savollarga batafsil javoblar berdi.
Shuningdek, seminarda koʻtarilgan va yozma ravishda kelib tushgan savollar va ularning javoblari Moliya vazirligi va Davlat soliq qoʻmitasining rasmiy veb-saytlarida eʼlon qilinadi.
Toshkent shahrida oʻtkaziladigan seminarlarda jami 3,5 mingdan ortiq xoʻjalik yurituvchi subʼyektlar vakillarini jalb qilish rejalashtirilmoqda. Keyinchalik mazkur tadbir asosida respublikamizning har bir hududida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi mazmun-mohiyatini soliq toʻlovchilar oʻrtasida tushuntirishga qaratilgan seminar-treninglar oʻtkaziladi. Buning uchun Davlat soliq qoʻmitasida har bir hudud uchun alohida ishchi guruhlari tuzilgan.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

Toshkentda ommaviy qabullar viloyatlardagi ommaviy qabullardan nimasi bilan farq qiladi?

«Oʻztransgaz» aholiga murojaat yoʻlladi

