Akmal Burxonov: “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunning eng muhim oʻzgarishlarni sanab oʻtmoqchiman
Bakalavriat yoʻnalishida taʼlim olish davomiyligi kamida 3 yil, magistraturada esa kamida 1 yil etib belgilanmoqda. Shuningdek, yana bir qancha oʻzgartirishlar kiritilmoqda.

Qonunchilik palatasi tomonidan “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonun yangi tahrirda qabul qilindi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, "Yuksalish" umummilliy harakati raisi Akmal Burxonov oʻzining Telegramʼdagi kanalida ushbu qonundagi eng muhim oʻzgarishlarni keltirdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi “Taʼlim toʻgʻrisida”gi qonunning yangi tahririni tasdiqladi
Qonunga taʼlim va tarbiyaga milliy hamda umuminsoniy qadriyatlarning singdirilganligi prinsipi kiritilmoqda;
11 yillik taʼlimning hamda 6 yoshdan 7 yoshgacha boʻlgan bolalarni bir yil davomida umumiy oʻrta taʼlimga tayyorlashning majburiyligi oʻrnatilmoqda;
Nodavlat taʼlim tashkilotlari tomonidan umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlimning amalga oshirilishi mumkinligi mustahkamlanmoqda;
Taʼlim olishning quyidagi shakllari belgilanmoqda:
ishlab chiqarishdan ajralgan holda taʼlim olish (kunduzgi);
ishlab chiqarishdan ajralmagan holda taʼlim olish (sirtqi, kechki, masofaviy, dual);
oilada taʼlim olish va mustaqil taʼlim olish;
katta yoshdagilarni oʻqitish va ularga taʼlim berish;
mudofaa, xavfsizlik va huquqni muhofaza qilish faoliyati sohasida kadrlar tayyorlash;
inklyuziv taʼlim;
eksternat tartibida taʼlim olish.
Umumiy oʻrta va oʻrta maxsus taʼlim tashkilotlarining sinflarida taʼlim oluvchilar soni 35 nafardan oshmasligi belgilanmoqda;
Bakalavriat yoʻnalishida taʼlim olish davomiyligi kamida 3 yil, magistraturada esa kamida 1 yil etib belgilanmoqda;
Oilada taʼlim olgan va mustaqil taʼlim olgan shaxslarga davlat tomonidan tasdiqlangan namunadagi taʼlim toʻgʻrisidagi hujjat berilishi mumkinligi belgilanmoqda;
Mahalliy davlat hokimiyati organlarining taʼlim sifati va darajasiga, shuningdek pedagog xodimlarning kasb faoliyatiga boʻlgan davlat talablariga rioya etilishiga doir vakolatlari bekor qilinmoqda;
Taʼlim tashkilotlarida siyosiy partiyalarning tashkiliy tuzilmalarini tashkil etish taqiqlanmoqda;
Chet davlatlari va Oʻzbekiston oliy taʼlim tashkilotlari oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida ularning bitiruvchilariga ikki tomonlama diplom (Double Diploma) berilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Shuningdek, qonun bilan taʼlim tashkilotlarida taʼlim oluvchilarning kiyim-boshiga doir talablar qoʻyilishi mumkinligi belgilanmoqda.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

Toshkentda ommaviy qabullar viloyatlardagi ommaviy qabullardan nimasi bilan farq qiladi?

«Oʻztransgaz» aholiga murojaat yoʻlladi

