| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Jamiyat1 daqiqada oʻqiladi644 marta oʻqildi

2020 yil 1 yanvardan dorixonalarga litsenziya beruvchi vakolatli organ oʻzgaradi

Dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana savdosini amalga oshirishga litsenziya berish Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligiga oʻtkazilmoqda.

2020 yil 1 yanvardan dorixonalarga litsenziya beruvchi vakolatli organ oʻzgaradi

Prezidentimizning 2019 yil 9 dekabrdagi “Byurokratik toʻsiqlarni yanada qisqartirish hamda davlat organlari va tashkilotlari faoliyatiga zamonaviy boshqaruv tamoyillarini joriy qilish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori davlat tomonidan tartibga solish va davlat xizmatlarini koʻrsatish sifatini yanada takomillashtirish, maʼmuriy tartib-taomillarni qisqartirish, davlat organlari va tashkilotlari faoliyati samaradorligini oshirish, byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Hujjatga koʻra, 2020 yil 1 yanvardan boshlab mahalliy ijro etuvchi hokimiyat organlarining alohida funksiya va vakolatlari tegishli davlat boshqaruvi organlarining hududiy boʻlinmalariga berilmoqda. Jumladan, dori vositalari va tibbiyot buyumlarining chakana savdosini amalga oshirishga litsenziya berish Sogʻliqni saqlash vazirligi huzuridagi Farmatsevtika tarmogʻini rivojlantirish agentligiga oʻtkazilmoqda.

Shuningdek, mazkur qarorda 2020 yil 1 yanvardan boshlab davlat organlari va tashkilotlari tomonidan 28 turdagi hujjatlarni fuqarolardan talab qilinishi, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari tomonidan ularning berilishiga yoʻl qoʻyilmasligi ham belgilangan. 2021 yil 1 yanvardan boshlab esa davlat organlari va tashkilotlari, ularning tarkibiy boʻlinmalari oʻrtasida hujjat aylanishi va hisobotlarni yuritish faqat elektron koʻrinishda shakllantiriladi va amalga oshiriladi.

Eslatib oʻtamiz, Prezidentimizning 2019 yil 6 sentyabrda qabul qilingan “Dori vositalari noqonuniy aylanishining oldini olish choralarini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi qarori bilan dori vositalari noqonuniy savdosining oldini olish, shifokor retsepti boʻyicha beriladigan dori vositalari va tibbiy buyumlar, shu jumladan, kuchli taʼsir qiluvchi moddalar roʻyxatiga kiritilgan dori vositalarining chakana savdosini tartibga solish, dorixonalarning faoliyatini yanada takomillashtirish boʻyicha qator muhim vazifalar belgilangan edi. Xususan, 2020 yil 1 yanvardan boshlab qishloq oilaviy poliklinikalari va qishloq vrachlik punktlari hududida joylashgan dorixonalar va ularning filiallaridan tashqari barcha dorixonalarda dori vositalari va tibbiy buyumlarning realizatsiya (berish) jarayonini uzluksiz ravishda videoga yozib olish va bir oy davomida videoyozuvlarni saqlash tartibi joriy etilishi koʻzda tutilgan.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ