1 avgustdan Oʻzbekistonning barcha hududiy aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimi joriy etiladi
“Ochiq osmon” rejimi 2020 yilning 1 avgustidan boshlab IATA “Qish 2022/2023” mavsumi yakunigacha ikki yil muddatga uni uzaytirish yoki shartlarni oʻzgartirish imkoniyati bilan joriy etiladi.

2020 yil 12 iyun kuni Oʻzbekiston Respublikasi Transport vazirining Oʻzbekiston Respublikasi aeroportlarida “Ochiq osmon” rejimini joriy etish toʻgʻrisidagi buyrugʻi imzolandi. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.
“Ochiq osmon” rejimi 2020 yilning 1 avgustidan boshlab IATA “Qish 2022/2023” mavsumi yakunigacha ikki yil muddatga uni uzaytirish yoki shartlarni oʻzgartirish imkoniyati bilan Oʻzbekiston Respublikasining Qarshi, Nukus, Termiz, Buxoro, Navoiy, Urganch, Andijon, Fargʻona, Namangan va Samarqand shahridagi aeroportlarida “beshinchi havo erkinligi” huquqini qoʻllagan holda joriy etiladi.
Buyruqqa muvofiq “Ochiq osmon” rejimi:
Qarshi, Nukus, Termiz, Buxoro, Navoi va Urganch shahridagi aeroportlarda hech qanday cheklovlarsiz;
Andijon, Fargʻona, Namangan va Samarqand shahridagi aeroportlarda Xalqaro fuqaro aviatsiyasi tashkilotiga aʼzo davlatlarning aviakompaniyalariga koʻrsatilgan aeroportlarga ularning texnik imkoniyatlarini inobatga olgan holda parvozlar soni cheklovlarisiz Oʻzbekiston Respublikasi tayinlangan tashuvchilari foydalanmagan yoʻnalishlarda “beshinchi havo erkinligi” va yoʻlovchi parvozlarini amalga oshirish huquqi bilan;
Samarqand shahridagi aeroportda qayta taʼmirlash ishlari yakunlangach joriy etiladi.
Mazkur rejimga muvofiq Navoiy va Termiz shahridagi aeroportlarda xorijiy aviakompaniyalarga yuk tashish parvozlarini amalga oshirish uchun “yettinchi havo erkinligi”ga qadar boʻlgan huquqlar beriladi.
Yangi havo yunalishlarini ochishga qiziqish bildirgan yoki parvozlar sonini oshirishni rejalashtirgan xorijiy aviakompaniyalar kerakli hujjatlarni oʻrnatilgan tartibda Transport vazirligi qoshidagi Aviatsiya agentligiga va Havo transportini rivojlantirish departamentiga topshirishi lozim.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

Toshkentda ommaviy qabullar viloyatlardagi ommaviy qabullardan nimasi bilan farq qiladi?

«Oʻztransgaz» aholiga murojaat yoʻlladi

