Oʻzbekiston "sovuq"dan chiqmoqdami?
"Oʻzbekistonning ochilayotgani unga oʻz mintaqasidagi iqtisodiy va xavfsizlik sohalaridagi faoliyatini kengaytirish uchun koʻplab imkoniyatlar yaratadi, biroq shu bilan birga muammolar ham tugʻdiradi, chunki zikr etilgan buyuk davlatlar oʻrtasidagi raqobat mamlakatdagi voqealar rivojini oʻzi istamagan oʻzanlarga burib yuborishi mumkin”, deya soʻz yuritiladi Stratfor Worldview saytida eʼlon qilingan “Uzbekistan Comes in From the Cold” nomli maqolada.

“Izolyasionizm uzoq yillar davomida Oʻzbekistonning tashqi dunyo bilan munosabatlarini belgilab keldi. Biroq Markaziy Osiyoning eng aholisi zich joylashgan mamlakatidagi islohotlar Toshkentdan ancha uzoq joylarda ham aks-sado bermoqda. Oʻzbekiston siyosiy evolyusiyasi – tadriji natijasi oʻlaroq, Markaziy Osiyodagi qoʻshni mamlakatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash barobarida Rossiya, Xitoy va Qoʻshma Shtatlarning ham tobora jozibador hamkoriga aylanib bormoqda, chunki ular mintaqaga taʼsir koʻrsatish yoʻlidagi strategik raqobatlashuv va investitsiyalar kiritishda qatnashmoqda. Oʻzbekistonning ochilayotgani unga oʻz mintaqasidagi iqtisodiy va xavfsizlik sohalaridagi faoliyatini kengaytirish uchun koʻplab imkoniyatlar yaratadi, biroq shu bilan birga muammolar ham tugʻdiradi, chunki zikr etilgan buyuk davlatlar oʻrtasidagi raqobat mamlakatdagi voqealar rivojini oʻzi istamagan oʻzanlarga burib yuborishi mumkin”, deya soʻz yuritiladi Stratfor Worldview saytida eʼlon qilingan “Uzbekistan Comes in From the Cold” nomli maqolada. Quyida ushbu maqolaning tarjimasini qisqartirilgan holda eʼtiboringizga havola qilamiz.
· Oʻzbekiston prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida anʼanaviy izolyasionizmdan voz kechmoqda hamda Rossiya, Xitoy bilan jadal rivojlanayotgan munosabatlarda kun sayin muhim, AQSh bilan munosabatlarda esa kamroq rol oʻynamoqda.
· Oʻzbekiston Rossiya bilan iqtisodiy va xavfsizlik sohasidagi rivojlanib borayotgan munosabatlarga tobora ochiladi, ammo shu bilan birga tashqi siyosatini rang-baranglashtirish uchun Xitoy va Gʻarb mamlakatlari sari parallel qadamlar qoʻyadi.
Toshkentning oʻzgarishi Markaziy Osiyo mintaqasida iqtisodiyot va xavfsizlik sohasida hamkorlikni rivojlantirishda muhim rol oʻynaydi.
Oʻtmishdan voz kechib
Shavkat Mirziyoyevning birinchi qilgan katta ishi mamlakatda chet el valyutasini konvertatsiya qilishni erkinlashtirgani boʻldi. Garchi bu qisqa vaqt mobaynida inflyasiyani oshirib yuborgan boʻlsa-da, biznes muhitini jiddiy tarzda yaxshiladi, oʻrta sinfga mansub vatandoshlar uchun pulni konvertatsiya qilish imkonini koʻpaytirdi va muhim iqtisodiy samara berdi.
Prezident Mirziyoyev keyingi qadam sifatida koʻproq chet ellik sayyohlarni va xorijiy investitsiyalarini jalb qilish maqsadida mamlakatning viza olish jarayonini liberallashtirdi. Oʻzbekiston 100 ga yaqin mamlakat vatandoshlariga mamlakatga vizasiz kirish huquqini berdi hamda elektron viza olishning soddalashtirilgan jarayonini joriy etdi. Ayni choralar turizmdan olinadigan daromadni ikki barobar oshirdi, bu koʻrsatkich 2016 yilda taxminan 500 million AQSh dollari boʻlgan boʻlsa, 2018 yilga kelib, 1,1 milliard dollardan oshib ketdi hamda investitsiyalar miqdorini YaIMga nisbatan 38 foiz, yaʼni oʻtgan yillar bilan solishtirganda, ikki xonali songa oshirdi.
Izolyasiyaga barham berish yoʻlida
Ushbu ichki islohotlar Oʻzbekistonning qoʻshnilari bilan munosabatlarini yaxshilash borasidagi saʼy-harakatlari bilan bir vaqtda amalga oshirildi. Karimov davrida Oʻzbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari, ayniqsa, Qirgʻiziston va Tojikiston bilan munosabatlari ogʻir kechgan edi, ushbu mamlakatlar bilan Fargʻona vodiysidan oʻtgan chegaralarining bahsli oʻrinlari bor. Chegara demarkatsiyasi va suv resurslariga oid munozaralar ular oʻrtasida muttasil toʻqnashuvlarni keltirib chiqardi, bu jiddiy siyosiy beqarorlikka sabab boʻlar, vaqti-vaqti bilan zoʻravonliklardan iborat noroziliklarga va etnik toʻqnashuvlarga olib kelar edi. Shavkat Mirziyoyev mamlakatlar oʻrtasidagi murakkab chegaralarni aniq demarkatsiya qilish uchun saʼy-harakatlarini ayamayapti, mavjud bahslarni kamaytirish barobarida suvdan birgalikda foydalanish masalasida hamkorlik qilmoqda. Bu oʻz navbatida mintaqadagi tovar aylanmasi jiddiy ravishda oshishiga olib keldi.
Biroq mintaqadagi yetakchi tashqi kuchlar haqida gap ketganda, Shavkat Mirziyoyev amalga oshirgan eng muhim oʻzgarish sifatida uning Oʻzbekistondagi izolyasionizmga barham berganini aytish lozim boʻladi.
Oʻzbekiston qoʻshnilari Qozogʻiston va Qirgʻizistondan farqli oʻlaroq, Kollektiv xafsizlik shartnomasi tashkiloti (KXShT) va Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi singari Rossiyaning bloklar tarmogʻiga qoʻshilmaslik yoʻlini tanladi (lekin Toshkent KXShTga bir muddat aʼzo boʻlib, keyin undan chiqib ketgan edi), Moskva bilan Pekinni oʻzidan nariroq tutishga qaror qildi, sababi ularning siyosiy taʼsiri kuchayib ketishidan xavfsirayotgan edi. Boz ustiga, 2005 yili Oʻzbekiston Qoʻshma Shtatlarni Qarshi shahridagi harbiy havo bazasidan chiqarib yubordi. Ushbu choralar mamlakatning betarafligini saqlab qoldi, biroq ular ancha qimmatga ham tushdi, chunki Oʻzbekiston chet investitsiyalari va iqtisodiy oʻsishdan benasib qoldi, ammo mintaqadagi boshqa mamlakatlar bilan solishtirganda, uning neft, tabiiy gaz, foydali qazilmalar, paxta va boshqa qishloq xoʻjalik mahsulotlari singari rang-barang resurs bazasi bor. Prezident Mirziyoyev ushbu muammoni iqtisodiy islohotlarni amalga oshirish, Rossiya va Xitoy bilan yirik, bir qancha Gʻarb mamlakatlari bilan esa kamroq miqdordagi energetika, transport, telekommunikatsiya, bank va boshqa sohalar uchun foydali boʻlgan savdo-sotiq va investitsiya bitimlari imzolash orqali bartaraf etishga intildi. Prezident yana xavfsizlik sohasida yirik qoʻshnilari bilan hamkorlik qilishga tayyor ekanini izhor qildi, oʻn yildan oshiq vaqtdan beri birinchi marta Rossiya bilan qoʻshma harbiy mashqlarni tikladi, terrorizmga qarshi amaliyotlarda Moskva va Pekin bilan hamkorlik qildi.
Tashqi dunyoga ochilishning bahosi
Oʻzbekistonning oʻlchami, resurslari va strategik joylashuvi, roʻy bergan keyingi oʻzgarishlar nafaqat mamlakatning ichkarisiga, qolaversa, butun mintaqaga taʼsir koʻrsatdi. Ammo shunga qaramasdan, islohot oʻtkazish saʼy-harakatlari toʻsiqlarsiz yoki oldindan koʻrib boʻlmaydigan oqibatlarsiz kechmadi. Biroq Shavkat Mirziyoyev bu toʻsiqlarini tirishqoqlik bilan bosqichma-bosqich yengib oʻtib, islohotlarni davom ettirish uchun yoʻlni toʻsiqlardan tozaladi. Lekin byurokratiya inersiyasi saqlanib qolayotganidan va ayrim unsurlar Shavkat Mirziyoyev tashabbuslariga qarshi chiqayotganidan ajablanmasa ham boʻladi.
Oʻzbekiston istisodiy islohotlarni amalga oshirish va keng qamrovli chet el investitsiyalarini jalb qilish yoʻlida duch kelayotgan yana bir boshogʻriq sutruktural muammodir. Mamlakatning markazlashtirilgan iqtisodiyoti necha oʻn yillar davomida arzimas oʻzgarishlar bilan rivojlandi, xususiylashtirish jarayoni oʻta sust kechdi; aslida mamlakatdagi korxonalarning 85 foizdan ortigʻi davlatga qarashliligicha qolmoqda, chunki hukumat barcha sohalarda nazorat paketini qoʻlida ushlab turibdi va oʻsha korxonalarni strategik deb hisoblaydi.
Qonun ustuvorligi hamda davlat xizmatchilarining islohotlarni qanday oʻtkazishga oid bilimlari oʻrta yoki past ekani bilan bogʻliq muammolar hisobga olinsa, Oʻzbekiston koʻp miqdordagi chet el – ayniqsa, Gʻarb mamlakatlari – investitsiyalarini jalb qilishi uchun koʻp yillar talab qilinsa ajab emas. Bu Rossiya bilan Xitoyga, ularning davlatga qarashli yirik korxonalariga Oʻzbekistonning ochilishi va uning resurslarlaridan foydalanish imkoniyati kengaytirilishidan koʻproq foyda olishda ustunlik beradi, biroq Toshkent AQSh va Yevropadan kelajak boshqa investitsiya sheriklarini ham istisno qilishni istamaydi.
Oʻzbekiston ochila borgani sari uning Moskva bilan Pekin oʻrtasida muvozanatni saqlashga oid saʼy-harakatlari ortib borishi va ayni hol kelgusida Rossiya bilan Xitoy oʻrtasidagi ixtilof va potensial ziddiyatning kuchayish manbasiga aylanishi ehtimoldan xoli emas.
Tashqi siyosat nuqtai nazaridan, Rossiya va Xitoy eʼtiborini koʻproq jalb etgan ayni ochilish ular oʻrtasidagi raqobat kuchayishiga turtki berishi mumkin, chunki ikkala mamlakat ham Oʻzbekistonda taʼsirini oshirishga intilmoqda. Xususan, Rossiya Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi orqali Oʻzbekistonni oʻz orbitasiga tortib olish borasidagi saʼy-harakatlarini faollashtirmoqda; Toshkent unga aʼzo boʻlish masalasini koʻrib chiqayotganini bildirdi, biroq manyovr qila olmay qolish xavfi va Xitoy singari boshqa kuchli davlatlar bilan – ayniqsa, Oʻzbekistonning “Makon va yoʻl” tashabbusidagi ishtirokini hisobga olganda – hamkorligiga putur yetishi ehtimoliga oid xavotirlar sabab qarshilik koʻrsatishi ham mumkin. Toshkentning mustaqilligiga putur yetkazmay, koʻp yoʻnalishli tashqi siyosatining bir boʻlagi oʻlaroq, chet elliklar yetakchiligidagi bloklarga qoʻshilmagan holda barcha asosiy tashqi kuchlar bilan iqtisodiy va xavfsizlik aloqalarini oʻrnatishi Oʻzbekiston uchun risoladagiday ish boʻlur edi. Oʻzbekiston ochila borgani sari uning Moskva bilan Pekin oʻrtasida muvozanatni saqlashga oid saʼy-harakatlari ortib borishi va ayni hol kelgusida Rossiya bilan Xitoy oʻrtasidagi ixtilof va potensial ziddiyatning kuchayish manbasiga aylanishi ehtimoldan xoli emas. Tabiiyki, bu siyosiy beqarorlikni qoʻzgʻashi, investitsiyalarni xavf ostiga qoʻyishi, Oʻzbekistonning tashqi dunyo bilan aloqalarini yaxshilashi va izolyasiyadan chiqishi jarayoniga toʻsqinlik qilishi, hatto uni orqaga surib yuborishi mumkin.
Pirovardida, islohotlar jarayoni Oʻzbekiston uchun imkoniyatlar yaratish barobarida muqarrar muammolarni keltirib chiqardi. Prezident Mirziyoyev hukumati bundan buyongi – bank sohasi va soliq islohotlaridan tortib, turizm va valyutani liberallashtirishgacha – oʻzgarishlarga kirishar ekan, bu boradagi takliflar mamlakat haqiqatan ham izolyasiyadan chiqishga intilayotgani uchun sinov boʻladi, chunki buyuk davlatlarning Toshkentning muvozanat saqlashi va kimga qarab yoʻnalish olishiga qaratilgan raqobati jadallashib boraveradi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

