| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Iqtisodiyot va biznes2 daqiqada oʻqiladi60 marta oʻqildi

Yil yakuniga kelib iqtisodiyotga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 9,9 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda

2020 yil soʻngiga qadar Oʻzbekiston iqtisodiyotga jalb qilingan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar – 6,8 milliard, xalqaro moliyaviy institutlar mablagʻlari – 3,1 milliard dollarga yetishi rejalashtirilyapti.

Yil yakuniga kelib iqtisodiyotga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 9,9 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2 iyul kuni mamlakatimiz investitsion va tashqi savdo faoliyati prognoz koʻrsatkichlarining joriy yil I yarmidagi ijrosini muhokama qilishga, shuningdek, Yaponiya, Koreya Respublikasi va Birlashgan Arab Amirliklari bilan ustuvor qoʻshma loyihalarning borishini hamda savdo-iqtisodiy, investitsion va moliyaviy-texnik hamkorlikni kengaytirish istiqbollarini koʻrib chiqishga bagʻishlangan videoanjuman tarzida yigʻilish oʻtkazdi.

Tadbirda Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi oldiga qoʻyilgan vazifalar ijrosi toʻgʻrisidagi hisobotlar, shu jumladan, investitsiyalarni jalb etish va eksport boʻyicha prognoz koʻrsatkichlarni hamda xorijiy sheriklar bilan erishilgan kelishuvlarni oʻz vaqtida amalga oshirishga qaratilgan kompleks chora-tadbirlarga doir takliflar tinglandi.

Global miqyosdagi epidemiologik vaziyat va undan kelib chiqayotgan cheklovlar Oʻzbekistonning investitsion va tashqi savdo faoliyatiga bevosita taʼsir koʻrsatib, tadbirkorlar uchun moliyalashtirish, qurilish, ishlab chiqarishda zarur xomashyo va uskunalarni yetkazib berish masalalarida maʼlum toʻsiqlar yaratayotgani taʼkidlandi.

Shu munosabat bilan mamlakatimiz ishlab chiqaruvchilari va eksportchilarini oʻz vaqtida qoʻllab-quvvatlash boʻyicha choralar koʻrildi.

Bu bilan birga, tijorat banklarini yetarli resurslar bilan taʼminlash maqsadida xalqaro moliyaviy institutlarning 1,2 milliard dollar miqdoridagi mablagʻlari jalb etildi.

Hisobot davrida umumiy qiymati 1,8 milliard dollarlik 28 ta yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish hisobiga 3,8 mingta yangi ish oʻrni yaratilishiga erishildi.

Hududlarni rivojlantirish dasturlari doirasida umumiy qiymati 9,5 trillion soʻmlik 2049 ta yirik investitsiya loyihalari amalga oshirildi, bu 27 mingta yangi ish oʻrinlari yaratish imkonini berdi.

Ayni paytda, bugungi kunda qator tarmoqlarda koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq xatarlar taʼsiri ostida investitsiyalarni oʻzlashtirishning prognoz koʻrsatkichlarini bajarish kechikayotgani taʼkidlandi. Shu munosabat bilan davlatimiz rahbari 2020 yil yakuniga koʻra koʻzlangan natijalarga soʻzsiz erishish maqsadida amalga oshirilishi rejalashtirilgan investitsiya loyihalarining koʻrsatkichlari va roʻyxatlarini qayta koʻrib chiqish topshirigʻini berdi.

Yil yakuniga kelib mamlakatimiz iqtisodiyotiga jalb qilingan investitsiyalar hajmi 9,9 milliard dollarni, shu jumladan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar – 6,8 milliard, xalqaro moliyaviy institutlar mablagʻlari – 3,1 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda. Iqtisodiy taraqqiyotning muhim drayverlaridan biri sifatida eksport faoliyatini qoʻllab-quvvatlash choralariga alohida eʼtibor qaratildi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ