Kripto-birja savdosini amalga oshirish qoidalari belgilandi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining 2019 yil 6 dekabrdagi 172-son buyrugʻi bilan Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi, xususan, Kripto-birja savdosini amalga oshirish qoidalari belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligining 2019 yil 6 dekabrdagi 172-son buyrugʻi (Adliya vazirligida 2019 yil 20 dekabrda 3127-3-son bilan roʻyxatdan oʻtkazilgan) bilan Kripto-birjalar faoliyatini litsenziyalash tartibi toʻgʻrisidagi nizomga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritildi, xususan, Kripto-birja savdosini amalga oshirish qoidalari (bundan keyin - Qoidalar) belgilandi.
Qoidalarda umumiy qoidalar va asosiy tushunchalar, mijozlar bilan munosabatlarni oʻrnatish tartibi, reklama va mijozlarga maʼlumot berish talablari, kripto-birjalar tomonidan kripto- birjalar savdosini tashkil etish jarayoni, kripto-birjada hisob-kitob va kliring operatsiyalari amalga oshirish tartibi va boshqalar belgilab berilgan.
Qoidalarning quyidagi muhim jihatlariga eʼtibor qaratamiz:
- Oʻzbekiston Respublikasi rezidentlari kripto-birjalarda faqat kripto-aktivlarni sotish boʻyicha bitimlar tuzish huquqiga ega;
- kripto-aktivlar bilan ilgari anonim tarzda tuzilgan bitimlar (operatsiyalar) boʻlsa, kripto-birjalarda bunday kripto-aktivlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish taqiqlanadi;
- kripto-aktivlar Oʻzbekiston Respublikasi hududida toʻlov yoki toʻlovni qabul qilish vositasi sifatida ishlatilishi mumkin emas.
Ushbu hujjatni ishlab chiqishda, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash sohasidagi xalqaro standartlarga (FATF tavsiyalari va rahbarlik hujjatlari) rioya etishga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, Qoidalarga muvofiq, kripto-birja:
majburiy identifikatsiya qilish mexanizmlari joriy etilganidan keyin savdo ishtirokchilariga elektron savdo maydonchalari orqali operatsiyalarni amalga oshirishga ruxsat berishga;
18 yoshga toʻlmagan shaxslar bilan, shuningdek, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish toʻgʻrisidagi qonun hujjatlariga muvofiq terroristik faoliyatda yoki ommaviy qirgʻin qurollarini tarqatishda ishtirok etayotgan yoki gumon qilinayotgan shaxslar roʻyxatiga kiritilgan shaxslar bilan munosabatlarni oʻrnatmaslikka;
savdolar yakunlari boʻyicha hisobotlar va qonun hujjatlari va Qoidalar buzilganligi aniqlangan faktlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni besh yildan kam boʻlmagan muddatda saqlab turishga;
jinoyat belgilari aniqlangan taqdirda darhol bu haqda vakolatli organ va huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yozma ravishda xabar berishga majburdir
Kripto-aktivlar qiymatining oʻzgaruvchanligini va shu sababli kripto-aktivlarga sarmoya kiritish bilan bogʻliq xavflarni hisobga olgan holda, reklama faoliyati va mijozlarni xabardor qilish boʻyicha isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Qoidalar maʼlum darajada qattiq boʻlsada, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Loyiha boshqaruvi milliy agentligi ushbu Qoidalarni belgilash Oʻzbekiston Respublikasida raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish va kripto-aktivlarning aylanmasi bilan bogʻliq faoliyatda muhim qadam deb hisoblaydi. Ushbu Qoidalarning oʻrnatilishi:
- Oʻzbekiston Respublikasi fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilishni taʼminlagan holda kripto-birja faoliyati tartibi va talablarini qatʼiy belgilash;
- Oʻzbekiston Respublikasiga toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarni, shuningdek, kripto-birjalar faoliyatiga xizmat koʻrsatish orqali tijorat banklari uchun qoʻshimcha daromad manbalarini jalb qilishni taʼminlash;
- Oʻzbekiston Respublikasi mayner-rezidentlari tomonidan kripto-aktivlarni qonuniy sotish mexanizmini joriy etish imkonini beradi
Hujjatning toʻliq matni bilan Oʻzbekiston Respublikasi Qonun hujjatlari milliy maʼlumotlar bazasida tanishishingiz mumkin.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

