| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 12 017,70 +15,60 ↑EUR/UZS 13 179,81 +13,51 ↑RUB/UZS 146,39 +0,37 ↑
Siyosat2 daqiqada oʻqiladi1 804 marta oʻqildi

Eng yaxshi shifokorlar aniqlandi

Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida tibbiyotning turli yoʻnalishlarida oʻtkazilgan “Yilning eng yaxshi shifokori” respublika koʻrik-tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Eng yaxshi shifokorlar aniqlandi

Toshkent vrachlar malakasini oshirish institutida tibbiyotning turli yoʻnalishlarida oʻtkazilgan “Yilning eng yaxshi shifokori” respublika koʻrik-tanlovi gʻoliblarini taqdirlash marosimi boʻlib oʻtdi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar boʻlimi xabariga koʻra, Konstitutsiya qabul qilinganining 27 yilligi arafasida oʻtgan ushbu tadbir Sogʻliqni saqlash vazirligi va Sogʻliqni saqlash xodimlari kasaba uyushmasi Respublika kengashi hamkorligida tashkil etildi.

Tadbirni sogʻliqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov ochib, tadbir ishtirokchilari va tanlov gʻoliblarini qutladi.

Soʻnggi yillarda sogʻliqni saqlash sohasini takomillashtirish boʻyicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, soʻnggi uch yilda ushbu yoʻnalishda 170 dan ziyod huquqiy hujjatlar qabul qilindi. Sohani moliyalashtirish hajmi ham bir necha barobarga oshirildi. Masalan, 2017 yilda sohaga 7,1 trillion soʻm yoʻnaltirilgan boʻlsa, 2019 yilda sohaga 12,1 trillion soʻm yoʻnaltirildi. Shuningdek, dori vositalari va tibbiy buyumlar hamda tibbiyot obʼyektlarini qurilish-taʼmirlash ishlariga ajratilayotgan mablagʻlar miqdori 3 barobarga ortdi.

Keyingi yillarda mamlakatda zamonaviy tibbiyotning muhim yoʻnalishi boʻlgan tibbiy-profilaktika xizmatini rivojlantirishga eʼtibor tobora kuchaymoqda. Aholi eng koʻp murojaat qiladigan soha — shoshilinch va “tez yordam” xizmatining faoliyati ham yangi bosqichga koʻtarilmoqda. Ixtisoslashgan tibbiy yordam koʻrsatish borasida ham keng qamrovli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Tibbiyoti taraqqiy etgan mamlakatlarda qoʻllanilayotgan ilgʻor innovatsion tibbiy texnologiyalarni mamlakat tibbiyotida joriy etishga ham alohida ahamiyat berilyapti. Soʻnggi uch yil ichida mamlakat tarixida birinchi marta buyrak va jigar koʻchirib oʻtkazish boʻyicha eng murakkab operatsiyalar muvaffaqiyatli bajarib kelinayotgani bunga misol ekani aytiladi.

Tibbiyot tizimida erishilayotgan bunday natijalar aholi salomatligini mustahkamlash, onalar va goʻdaklar oʻlimini keskin kamaytirish, xalqning sogʻlom va uzoq umr koʻrish koʻrsatkichini yaxshilashga zamin boʻlmoqda. Tibbiyot tizimida erishilayotgan bunday yutuqlar zamirida sogʻliqni saqlash tizimida fidokorona xizmat qilayotgan shifokorlarning oʻziga xos hissasi bor.

Prezident joriy yil Tibbiyot xodimlari kuni munosabati bilan soha vakillariga yoʻllagan tabrigida bu jihatlarga alohida eʼtibor qaratib, “Biz sizlarning timsolingizda xalq salomatligi yoʻlida oʻz halovatidan kechib, kunni tunga ulab, fidokorona mehnat qilayotgan sharafli kasb egalarini koʻramiz”, deya shifokorlarning el salomatligini asrash yoʻlida olib borayotgan ishlariga munosib baho berdi.

Sogʻliqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan anʼanaviy tarzda oʻtayotgan “Yilning eng yaxshi shifokori” tanlovi ham tibbiyot xodimlarining mehnatini qadrlash, ularni munosib ragʻbatlantirish, tizimda orttirilgan ilgʻor tajribalarni keng ommalashtirishda muhim oʻrin tutmoqda. Tanlov bu gal har yilgidan koʻra ham yuqori saviyada va keng miqyosda oʻtkazildi. Bu yil birinchi marta 39 ta nominatsiya boʻyicha gʻoliblar aniqlandi.

Joriy yilda tanlovda tibbiyot xodimlari bilan bir qatorda ilk bor tibbiyot ilm-fani rivojiga munosib ulush qoʻshayotgan olimlar, tadqiqotchilar hamda farmatsevtika sohasi vakillari ham ishtirok etdi. Yaʼni, “Yilning eng yaxshi professori”, “Yilning eng yaxshi izlanuvchi-tadqiqotchisi”, “Yilning eng yaxshi ilmiy xodimi”, “Yilning eng yaxshi dotsenti”, “Yilning eng yaxshi oʻqituvchisi” nominatsiyalarida tibbiyotning dolzarb masalalari boʻyicha samarali izlanish olib borayotgan, tibbiy taʼlimda yaxshi natijalarga erishayotgan olimlar, tadqiqotchilar, professor-oʻqituvchilar ragʻbatlantirildi.

Tadbirda tibbiyotning turli yoʻnalishlari boʻyicha oʻtkazilgan tanlov gʻolib va sovrindorlari “Sogʻliqni saqlash aʼlochisi” koʻkrak nishoni, diplom, statuetka, esdalik sovgʻalar va pul mukofoti bilan taqdirlandi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ