| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 12 017,70 +15,60 ↑EUR/UZS 13 179,81 +13,51 ↑RUB/UZS 146,39 +0,37 ↑
Iqtisodiyot va biznes3 daqiqada oʻqiladi1 190 marta oʻqildi

Oʻzbekistonlik ekspertlar Ukrainaning AESining atrof-muhitga taʼsirini baholash boʻyicha tajribasini oʻrganmoqda

Oʻzbekistonlik ekspertlar AES qurilishiga doir loyihalarning ekologik ekspertizasi borasidagi tajribalar bilan tanishish maqsadida Ukrainaga tashrif buyurdilar.

Oʻzbekistonlik ekspertlar Ukrainaning AESining atrof-muhitga taʼsirini baholash boʻyicha tajribasini oʻrganmoqda

Oʻzbekistonlik ekspertlar atom elektr stansiyasining qurilishi va ekspluatatsiyasining atrof-muhitga taʼsirini baholash, radioaktiv chiqindilarga boʻlgan munosabat, radioaktiv chiqindilarni joylashtirish uchun joy yaratish va uning ekspluatatsiyasi, shuningdek AES qurilishiga doir loyihalarning ekologik ekspertizasi borasidagi tajribalar bilan tanishish maqsadida Ukrainaga tashrif buyurdilar.

Safar dasturiga «KIEP» (Kiyev ilmiy-tadqiqot va loyiha-konstruktorlik instituti – "Energoproyekt") institutiga tashrif buyurish, Ukraina Ekologiya vazirligi va Davlat ekologiya inspeksiyasida uchrashuvlar oʻtkazish, atom energiyasini ishlab chiqaruvchi milliy kompaniya – «Energoatom»ga (Ukrainadagi barcha AESlar operatori), chiqindilar saqlash hududi va Chernobil AESga tashrif buyurish, shuningdek Chernobil AES chiqindilarni saqlash hududi davlat administratsiyasi rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazish kiritilgan.

KIEPda boshqaruv raisi Yuriy Malaxov va masʼul xodimlar bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi. Ushbu institut AES qurilishidan boshlab uni foydalanishga topshirishgacha boʻlgan atom elektr stansiyalarini loyihalashtirish bilan shugʻullanadi. Shuningdek bu yerda atom elektr stansiyalari AMTB (Atrof-muhitga koʻrsatadigan taʼsirni baholash) loyihalari ishlab chiqiladi va tashkilot vakillari buyurtmachi bilan birga AMTB boʻyicha ochiq eshituvlarda ishtirok etadi.

Uchrashuv davomida Oʻzbekiston delegatsiyasi aʼzolariga AMTB tayyorlash mexanizmi toʻgʻrisida batafsil maʼlumot berildi, shuningdek ular oʻzlarini qiziqtirgan savollarga javoblar oldilar. Qayd etish kerak, zamonaviy usullar zamonaviy atom elektr stansiyalarining xavfsiz faoliyati toʻgʻrisida ishonchli tasavvurga ega boʻlish imkonini beradi.

Shuni alohida qayd etish kerakki, Chernobil AES bilan bogʻliq voqealardan keyin Ukrainaning olgan saboqlari mamlakatga bunday favqulodda hodisalarning oldini olish, oqibatlarini minimallashtirish va umuman, tinch atom sohasini xavfsiz yoʻlga qoʻyish boʻyicha katta tajriba berdi.

Zamonaviy Ukraina uchun atom elektr stansiyalari – bu turli yillarda, mamlakatda ishlab chiqarilgan elektr energiyasining yarmi yoki undan koʻprogʻi deganidir. Bugungi kunda Ukrainada 15 ta energoblokdan iborat 4 ta atom elektr stansiyasi faoliyat koʻrsatmoqda. Ulardan biri – 6 ta energiya blokli Zaporojsk AESning umumiy quvvati 6000 MVt boʻlib, Yevropadagi eng katta atom elektr stansiyasi hisoblanadi.

AMTB masalalariga zamonaviy yondashuv, tinch atomdan foydalanishning ekologik foydasi xususidagi masalalar delegatsiyaning Ukraina Ekologiya vazirligida boʻlib oʻtgan uchrashuvi davomida muhokama qilindi. Bu borada alohida qayd etildiki, Ukraina tajribasi shuni koʻrsatadiki, atom elektr stansiyalarini energiya balansiga kiritish atmosferaga issiqxona gazlari chiqarilishini sezilarli darajada kamaytiradi.

Tashrif dasturidan Oʻzbekiston delegatsiyasining Chernobil AES obʼyektlari va chiqindi saqlash hududlari faoliyati bilan tanishish, shuningdek Chernobil AES chiqindilarni saqlash hududi davlat administratsiyasi rahbariyati bilan uchrashuv oʻtkazish joy olgan edi. Oʻzbekiston vakillari 1986 yildagi halokatdan soʻng nimalar sodir boʻlgani, qanday choralar koʻrilgani xususida bevosita tanishish imkoniyatiga ega boʻldilar, shuningdek, halokat sodir boʻlgan AESning 4-energoblokida va ishlatilgan yadro yoqilgʻisi saqlanadigan omborda boʻldilar. Delegatsiya aʼzolari mazkur obʼyektlarning atrof-muhitga taʼsiri boʻyicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishdilar va ular atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatmasligiga ishonch hosil qildilar.

Chernobil AES oʻz vaqtida RBMK reaktorlari bilan jihozlangan, halokatdan soʻng 1991 – 2000 yillar oraligʻida navbatma-navbat yopilgan edi. Bugungi kunda Ukraina hududida ishlab turgan barcha reaktorlar VVER toifasiga mansub boʻlib, ulardan ikkitasi – VVER-440 va oʻn uchtasi – VVER-1000 hisoblanadi.

Shuningdek, Ukraina davlat ekologiya inspeksiyasi vakillari bilan boʻlib oʻtgan uchrashuvda AMTB loyihalari boʻyicha ekspertiza oʻtkazish borasida inspeksiyaning AES va ishlatilgan yadro yoqilgʻilari saqlash joylari misolida toʻplagan tajribalari xususida oʻrtoqlashildi.

Bugungi kunda Ukraina VVER toifasiga mansub energiya reaktorlari boʻyicha jahonda oʻninchi va Yevropada beshinchi oʻrinda turadi. Mazkur mamlakat uchun atom energetikasi – bu mamlakat hayotini taʼminlashning kafolati, iqtisodiy faoliyat va aholini energiya bilan taʼminlashning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. Ukraina atom elektr stansiyalaridan samarali va xavfsiz foydalanish boʻyicha katta tajriba toʻplagan va bu tajribalarni Oʻzbekiston bilan oʻrtoqlashishga tayyordir.

Oʻzbekiston Respublikasi
Energetika vazirligi Matbuot xizmati

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ