Markaziy Bank pul-kredit siyosatining asosiy yoʻnalishlarini eʼlon qildi
Inflyasion targetlashga oʻtish orqali pul-kredit siyosatini amalga oshirishning 2020 yil va 2021-2022 yillar davriga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari

Inflyasion targetlashga oʻtish orqali pul-kredit siyosatini amalga oshirishning 2020 yil va 2021-2022 yillar davriga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari
Pul-kredit siyosatining 2020 yil va 2021-2022 yillar davriga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari Oʻzbekiston Respublikasining yangi tahrirdagi “Oʻzbekiston Respublikasining Markaziy banki toʻgʻrisida”gi Qonuni va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining joriy yil 18 noyabrdagi PF-5877-sonli “Inflyasion targetlash rejimiga bosqichma-bosqich oʻtish orqali pul-kredit siyosatini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi Farmoniga muvofiq ishlab chiqildi.
Joriy makroiqtisodiy holat, jumladan, inflyasiyaning amaldagi dinamikasi va prognoz koʻrsatkichlari, shuningdek, barqaror va muvozanatli iqtisodiy oʻsishni taʼminlash zaruriyati Markaziy bank tomonidan narxlar barqarorligini taʼminlash boʻyicha aniq va yanada taʼsirchan choralar koʻrishni taqozo etmoqda.
Shu munosabat bilan, mazkur hujjatni ishlab chiqishda, Markaziy bank tomonidan asosiy eʼtibor tarkibiy islohotlarning yangi bosqichiga oʻtish davrida inflyasion targetlash rejimini faol tadbiq etish orqali pul-kredit siyosati sharoitlarini belgilashga qaratildi. Bunda:
2023 yildan inflyasiyaning 5 foizlik doimiy maqsadli koʻrsatkichi (targeti);
2021 yilda inflyasiyani 10 foizgacha pasaytirish maqsadi belgilandi.
Kelgusi yillarda inflyasiyaning doimiy va oraliq targetiga erishishga qaratilgan ustuvor vazifalarni belgilab olish uchun asosiy yoʻnalishlarni ishlab chiqishda iqtisodiy rivojlanishning joriy dinamikasini saqlanib qolinishi, tarkibiy islohotlarning bosqichma-bosqich amalga oshirilishi va jahon iqtisodiyoti oʻsish surʼatlarining biroz sekinlashi kabi omillarga asoslanildi.
Iqtisodiy rivojlanishning asosiy ssenariysiga koʻra 2020 yilda yalpi ichki mahsulot (YaIM) hajmining real oʻsishi 5,2-5,5 foizni tashkil etishi, 2021-2022 yillarda 5,5-5,8 foizgacha tezlashishi prognoz qilinmoqda.
Bunda, tijorat banklari tomonidan iqtisodiyotga ajratiladigan kreditlar qoldigʻining oʻsish surʼatlari YaIM nominal hajmini oʻsish surʼatlariga mutanosib ravishda, jumladan, 2020 yilda 20-25 foiz atrofida (valyuta kursi oʻzgarishlarini hisobga olmaganda) boʻlishi kutilmoqda.
Soliq-byudjet sohasida umumiy fiskal balans taqchilligining maʼlum miqdorda qisqarishi hamda davlat tashqi qarzining belgilangan parametrlar doirasida shakllanishi kutilmoqda. Umumiy fiskal balansning 2020 yilda YaIMga nisbatan 2,7 foizdan oshmasligi, 2022 yilga qadar bosqichma-bosqich 1,5 foizgacha pasayib borishi va kelgusi yillarda ushbu darajada saqlanib qolishi prognoz qilinmoqda.
Qatʼiy pul-kredit siyosati yuritilishi va fiskal balans taqchilligining qisqarib borishi sharoitida xususiy va xorijiy investitsiyalar hajmining oshishi iqtisodiy oʻsishning prognoz koʻrsatkichlariga erishilishiga xizmat qiladi. Shundan kelib chiqib, dastlabki hisob-kitoblarga koʻra kelgusi yillarda toʻlov balansining joriy operatsiyalar hisobvaragʻi manfiy saldosi YaIMga nisbatan 2020 yildagi 7 foizdan 2022 yilda 5,9 foizgacha pasayib boradi. Ushbu taqchillikning asosan tashqi moliyaviy manbalar, xususan, investitsion resurslar hisobidan qoplanib borishi natijasida valyuta almashuv kursiga sezilarli devalvatsion bosimni yuzaga keltirmasligi kutilmoqda.
Asosiy ssenariy boʻyicha yillik inflyasiya darajasi 2020 yil oxirida 12-13,5 foiz oraligʻida boʻlib, 2021 yilda bir xonali son darajasiga tushadi va 2023 yilda esa asosiy 5 foizlik targetga erishiladi.
Ushbu ssenariyga koʻra, tashqi iqtisodiy sharoitlarning joriy tendensiyalari saqlanib qolib, asosiy savdo hamkor davlatlar iqtisodiyotida keskin oʻzgarishlar yuzaga kelmaydi hamda asosiy eksport tovarlari narxlari va transchegaraviy pul oʻtkazmalar oʻsishining ijobiy dinamikasi saqlanib qoladi.
Prognozlarga koʻra inflyasiya boʻyicha doimiy maqsadli koʻrsatkichga erishish maqsadida pul-kredit siyosatining qatʼiy sharoitlari saqlanib qolinadi va bunda iqtisodiyotda ijobiy real foiz stavkalar taʼminlanadi.
Asosiy yoʻnalishlarda inflyasion targetga erishish va pul-kredit siyosati instrumentlari, mexanizmlari va jarayonlarini inflyasion targetlash rejimi standartlariga muvofiqlashtirish boʻyicha amalga oshiriladigan barcha chora-tadbirlar batafsil yoritilgan. Xususan:
operatsion mexanizmni rivojlantirish sohasida:
asosiy foiz stavkasi va foiz koridori, pul-kredit siyosati operatsion mexanizmining samarali ishlashini taʼminlovchi bozor instrumentlari toʻplami, shu jumladan, kredit va depozit auksionlari, overnayt depozit va kreditlar joriy etiladi hamda zarur hollarda Markaziy bank obligatsiyalari muomalaga chiqariladi;
ichki valyuta bozorini rivojlantirish strategiyasini ishlab chiqish koʻzda tutilgan boʻlib, bunda tijorat banklarining valyuta kursi shakllanishida market-meyker sifatidagi rolini bosqichma-bosqich oshirib borish, valyuta intervensiyalarini oʻtkazishga boʻlgan yondashuvni takomillashtirish, shuningdek, hosilaviy instrumentlarni (svop, opsion va fyucherslar) joriy etish masalalari inobatga olingan;
imtiyozli kreditlash amaliyotini bozor tamoyillari asosida qayta koʻrib chiqish orqali kredit bozoridagi segmentatsiya darajasi pasaytirib boriladi;
tahliliy-prognozlash salohiyatini oshirish sohasida:
makroiqtisodiy tahlil va prognozlashtirish tizimi (FPAS) va zamonaviy modellashtirish instrumentlari joriy etiladi;
aholi va tadbirkorlik subʼyektlarining inflyasion kutilmalari va inflyasiya omillarini empirik modellar asosida doimiy oʻrganib borish uslublari ishlab chiqiladi.
kommunikatsiya siyosatini takomillashtirish sohasida:
keng jamoatchilik va biznes vakillariga inflyasiyaning asosiy omillari va pul-kredit siyosati choralarining oʻz vaqtida yetkazilishini koʻzda tutuvchi kommunikatsiya siyosatining zamonaviy tamoyillari ishlab chiqiladi;
bozor ishtirokchilari bilan muloqot qilishning samarali mexanizmlarini tatbiq etish boʻyicha tizimli ishlar yoʻnalishlari belgilandi.
Shuningdek, bank tizimini isloh qilish strategiyasi doirasida tijorat banklarini aholi va biznes vakillarining jamgʻarmalarini investitsiyalarga aylanishiga, iqtisodiyotda uzoq muddatli pullarning shakllanishiga xizmat qiladigan moliya instutitlariga transformatsiya qilish boʻyicha ishlar amalga oshiriladi.
Bank tizimida moliyaviy barqarorlikni taʼminlash va yuzaga kelishi mumkin boʻlgan xatarlar ehtimolini kamaytirish maqsadida makroprudensial nazoratning samarali choralari ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.
Inflyasiyaning nomonetar omillarini pasaytirish maqsadida ularning har biri boʻyicha chuqur va har tomonlama tahlil amalga oshiriladi hamda ishlab chiqilgan takliflar keyinchalik Hukumatga va tegishli vazirlik va idoralarga kiritib boriladi.
Bundan tashqari, kelgusi yillarda monetar-fiskal va tarkibiy siyosat sohasidagi islohotlarni samarali muvofiqlashtirish boʻyicha birgalikdagi harakatlarni kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratiladi.
Shuningdek, asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha oʻtkaziladigan Markaziy bank boshqaruvi yigʻilishlari soni bir yilda 4 tadan 8 taga oshirish grafigi tasdiqlandi va boshqaruv yigʻilishlarini shanbadan payshanba kuniga oʻzgartirildi.
Shu munosabat bilan, 2019 yilning 26 noyabr kuni soat 11-00 da OAV vakillari uchun Markaziy bank va Moliya vazirligi rahbarlari ishtirokida matbuot anjumani tashkillashtirilmoqda.
Pul-kredit siyosatining 2020 yil va 2021-2022 yillar davriga moʻljallangan asosiy yoʻnalishlari toʻliq matni Markaziy bank veb-saytida joriy yilning 30 noyabriga qadar eʼlon qilinadi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

