Jismoniy shaxslar tomonidan tovarlarni notijorat maqsadlari uchun olib oʻtish tartibi yanada takomillashtiriladi
Soʻnggi yillarda mamlakatimizda bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, maʼmuriy va byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, shuningdek, bojxona organlari faoliyatini rivojlantirish uchun munosib shart-sharoitlar yaratish boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Soʻnggi yillarda mamlakatimizda bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish, maʼmuriy va byurokratik toʻsiqlarni bartaraf etish, shuningdek, bojxona organlari faoliyatini rivojlantirish uchun munosib shart-sharoitlar yaratish boʻyicha qator chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
Shuning bilan bir qatorda, jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali olib oʻtilayotgan tovarlarning bojxona rasmiylashtiruvi jarayoni xalqaro standartlar asosida yanada soddalashtirilmoqda.
Xususan, bugungi kunda, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 6 fevraldagi PQ-3512-sonli “Jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali tovarlarni olib oʻtilishini yanada tartibga solish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori bilan bojxona toʻlovlari undirilmaydigan tovarlarni respublikamizga olib kirishni chegaraviy normalari oʻrnatilgan.
Davlat bojxona qoʻmitasi jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadida olib oʻtilayotgan tovarlarni bojxonada deklaratsiyalanishi tartibini yanada takomillashtirish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Jismoniy shaxslar tomonidan notijorat maqsadida tovarlarning olib oʻtish tartibini takomillashtirish toʻgʻrisida”gi qarori loyihasini ishlab chiqdi.
Loyihada, Oʻzbekiston Respublikasi Davlat chegara oʻtkazish punktlari orqali tovarlarni olib kiruvchi jismoniy shaxslar uchun, qonunchilik bilan oʻrnatilgan tartibda, bir qancha bojxona toʻlovlari oʻrniga yagona bojxona toʻlovini undirishni nazarda tutuvchi bojxona toʻloviga tortish va bojxona rasmiylashtiruvining soddalashtirilgan tartibini joriy etish nazarda tutiladi.
Shu bilan birga, loyihada yagona bojxona toʻlovi, xususan, respublikamizga jismoniy shaxslar tomonidan bojxona toʻlovlari undirilmaydigan chegaraviy normadan oshgan tovar qiymatidan kelib chiqib, tovarning tashqi iqtisodiy faoliyat tovar nomenklaturasi kodi va kelib chiqish mamlakatidan qatʼiy nazar, barcha toifa(kategoriya)dagi tovarlar boʻyicha undirilishi koʻzda tutilgan.
Yagona bojxona toʻlovini quyidagi miqdordagi stavkalarda oʻrnatish taklif etiladi:
- oziq-ovqat mahsulotlari uchun - 30%, lekin kamida 1 kg uchun 2 AQSh dollari;
- nooziq-ovqat mahsulotlari uchun - 50%, lekin kamida 1 kg uchun 4 AQSh dollari.
Stavkalar amalda oʻrnatilgan bojxona bojlari, aksiz soligʻi va qoʻshilgan qiymat soligʻi stavkalarining (keyingi oʻrinlarda QQS) oʻrtacha yigʻindisi asosida hisoblanadi.
Masalan, sut mahsulotlaridan biri boʻlgan pishloq tovariga 15% miqdorida bojxona boji, 10% miqdorida aksiz soligʻi va 15% miqdorida qoʻshilgan qiymat soligʻi belgilangan. Jami boʻlib ushbu tovarga 44% miqdorida bojxona toʻlovlari toʻlanishi lozim.
Joriy qilinayotgan tartibga muvofiq esa pishloq mahsulotiga 30% miqdorida yagona bojxona toʻlovi joriy etilmoqda.
Shu kabi holatni shokolad mahsulotlari misolida ham koʻrish mumkin, xususan ushbu mahsulotga 30% miqdorida bojxona boji, 10% miqdorida aksiz soligʻi va 15% miqdorida qoʻshilgan qiymat soligʻi belgilangan. Jami boʻlib ushbu tovarga 61% miqdorida bojxona toʻlovlari toʻlanishi lozim.
Joriy qilinayotgan tartibga muvofiq shokolad mahsulotiga 30% miqdorida yagona bojxona toʻlovi joriy etilmoqda.
Shuningdek, nooziq-ovqat mahsulotlari hisoblanuvchi va Tashqi iqtisodiy faoliyat tovarlar nomenklaturasining 6105 tovar pozitsiyasida tasniflanadigan kiyim kechak tovarlari uchun 20% miqdorida bojxona boji va 15% miqdorida qoʻshilgan qiymat soligʻi belgilangan. Jami boʻlib ushbu tovarga 38% miqdorida bojxona toʻlovlari toʻlanishi lozim.
Hozirgi amaliyotda jismoniy shaxslar tomonidan olib kelingan ushbu tovarlarning kelib chiqish sertifikatlari taqdim qilinmagan taqdirda Bojxona kodeksining 300-moddasi talablariga muvofiq ishlab chiqarilgan mamlakati aniqlanmagan tovarlarga nisbatan bojxona bojlarining stavkalari ikki baravar oshirilgan miqdorida hisoblanadi. Bu holatda pishloq mahsulotiga 51%, shokolad mahsulotiga 95%, kiyim kechak tovarlariga 61% miqdorida bojxona toʻlovlari belgilanadi.
Ushbu tahlillardan koʻrinib turibdiki, yagona bojxona toʻlovining joriy etilishi chegara oʻtkazish punktlarida jismoniy shaxslar tomonidan bojxona toʻlovlari undirilmaydigan meʼyorlardan ortiq tovarlar uchun toʻlovlarni hisoblash tartibotlarini keskin soddalashtiradi va tirbandliklarni oldini oladi.
Shuningdek, chegara oʻtkazish punktlari orqali harakatlanayotgan jismoniy shaxslar tomonidan olib oʻtilayotgan belgilangan meʼyordan ortiqcha tovarlar uchun toʻlovlarni hisoblashga sarflanayotgan oʻrtacha vaqtni 40 daqiqadan 10 daqiqagacha qisqartirish imkonini beradi.
Taʼkidlash joizki, bu kabi amaliyot Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqiga aʼzo mamlakatlarda ham yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, ushbu davlatlarda jismoniy shaxslar tomonidan bojsiz olib kirish normasidan oshgan olib oʻtilayotgan tovarlar boʻyicha bojxona rasmiylashtiruvi QQS, aksiz va bojxona bojini oʻrniga, soddalashtirilgan tartibda, yagona bojxona toʻlovini undirish yoʻli bilan amalga oshiriladi.
Mazkur toʻlov shakli tovarlar qiymatidan 30%, lekin har bir kg.dan 4 yevrodan kam boʻlmagan miqdorda, xususan normadan oshgan qismiga undiriladi.
Shu bilan birga, loyihada jismoniy shaxslar tomonidan bojxona chegarasi orqali qoʻl yuki bilan olib kirilgan oziq-ovqat mahsulotlarining sanoat qadoqlari boʻlishi majburiy shartini kiritish taklif etilmoqda.
Chunki, hozirgi vaqtda chegara bojxona postlari orqali jismoniy shaxslarning qoʻl yuki ichida sanoat qadoqlarisiz oziq-ovqat mahsulotlarini olib kirish holatlari koʻplab uchramoqda.
Mazkur vaziyatni oʻrganish natijasida, mamlakatga import qilingan oziq-ovqat mahsulotlari sifati yaxshi emasligi hamda mahsulotga qoʻyilgan sanitariya-epidemiologik va gigiyenik talablarga javob bermasligi aniqlandi.
Xalqaro tajribani oʻrganish shuni koʻrsatmoqdaki, Yevrosiyo Iqtisodiy Ittifoqi, Xitoy Xalq Respublikasi, AQSh mamlakatlarida jismoniy shaxslar tomonidan ayrim turdagi tovarlar (goʻsht, sut mahsulotlari, mevalar, sabzavotlar va boshqa oziq-ovqat mahsulotlari)ni olib oʻtish chogʻida sanoat qadoqlarining mavjud boʻlishi sharti nazarda tutilgan va sanoat qadoqlari boʻlmagan tovarlarni olib kirishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bunga sabab qoʻl yukida olib kirilayotgan hatto ozgina miqdordagi goʻsht qadoqlanmagan boʻlsa, u bilan oqsim, choʻchqa grippi, parranda grippi, Qrim kongo lixoradkasi, Qorason kabi kasalliklar kirib kelishi ehtimoli paydo boʻladi hamda pirovard natijada davlatning butun bir chorvachiligi qirilishi mumkin.
Yoki ikkinchi holatda mevalar yoki urugʻlarda oʻsimliklar kasalliklarini tarqatuvchi zararli organizmlarni kirib qolishi davlatning oʻsimlik dunyosini nobud boʻlishiga sabab boʻlishi mumkin.
Texnik tartibga solish sohasida normativ hujjatlar talablariga javob bermaydigan tovarlarni olib kirilishini oldini olish uchun, jismoniy shaxslar tomonidan olib kirishda tadbirkorlik faoliyati maqsadini nazarda tutmaydigan tovarlar toifa(kategoriya)lari roʻyxatini loyiha bilan tasdiqlash nazarda tutilmoqda.
Mazkur roʻyxatga meditsina, xirurgik, stomatologik yoki veterinar mebellari, markaziy isitish uskuna-anjomlari, va boshqalar kiritilgan.
Ushbu tovarlar olib kirilgan taqdirda, bojxona idoralari tomonidan ular shaxsiy extiyoj uchun olib kiriladigan tovarlar toifasiga kiritilmay, ularga belgilangan tartibda notarif boshqaruv usullari (sertifikat, ruxsatnoma va hk.) qoʻllaniladi.
Mazkur qaror loyihasi https://regulation.gov.uz saytida umumxalq muhokamasi uchun joylashtirildi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

