Istanbul-Buxoro yoʻnalishidagi ilk charter reys muvaffaqiyatli amalga oshirildi
Oʻzbekiston Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi turizm sohasini jadal rivojlantirishga doir 5781-sonli farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda “Uzbekistan Airports” AJ tomonidan xorijiy aviakompaniyalar bilan bir qator koʻlamli ishlar olib borilmoqda.

Oʻzbekiston Prezidentining 2019 yil 13 avgustdagi turizm sohasini jadal rivojlantirishga doir 5781-sonli farmoni ijrosini taʼminlash maqsadida Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi hamda “Uzbekistan Airports” AJ tomonidan xorijiy aviakompaniyalar bilan bir qator koʻlamli ishlar olib borilmoqda.
Bugun, 31-oktyabr kuni erta tongda Turkiyaning «Atlasglobal Airlines» aviakompaniyasiga qarashli “Airbus-321” samolyoti Istanbul-Buxoro yoʻnalishidagi ilk charter reysni amalga oshirdi.
Turkiyaning « Atlasglobal Airlines» aviakompaniyasi tomonidan Oʻzbekistonning «Grand Atlas Discovery» kompaniyasi koʻmagida yoʻlga qoʻyilgan Istanbul-Buxoro birinchi charter reysi Buxoro xalqaro aeroportida viloyat hokimligining qator mutasaddi tashkilotlari vakillari tomonidan tantanali ravishda kutib olindi.
Charter reysning ilk yoʻlovchilari turkiyalik jurnalist, bloger, turistik firmalar rahbarlari va xodimlari, shuningdek, qator din arboblari va olimlarini oʻzida jamlagan.
“Qardosh Oʻzbekistonga kelganimizdan juda baxtiyormiz. Turkiyadan qariyb 25 nafar turoperator va 100 ga yaqin mehmon bilan Istanbul-Buxoro birinchi charter reysida parvozni amalga oshirdik. Turkiyada Oʻzbekistonning tarixi, madaniyati, maʼnaviyatini koʻrib bahramand boʻlish uchun bu yerga kelishni istaydigan insonlar juda koʻp. Charter reys masalasi hal boʻlganida 100 – 110 nafar yoʻlovchi roʻyxatimizga qoʻshilish istagini bildirdi. Biz bugun ularni Buxoroi sharifga olib keldik. Bizni tantanali kutib olishganidan boshimiz koʻkka yetdi. Tarixiy merosga toʻla Buxoroni qardosh turk xalqi kelib koʻrishi juda muhim ahamiyatga ega. Biz turoperator sifatida Oʻzbekistonga keladigan sayyohlar soni oshirish masalasida qoʻlimizdan kelgan barcha ishlarni qilishga tayyormiz. Sayohat xarajatlari muhim omillardan biridir, u hamyonbop boʻlgani sayin turistlar soni ortib boraveradi. Yurtingizdagi bunday islohotlardan juda xursandmiz”, - dedi “Uchbey” turistik kompaniyasi rahbari Muhammad Gulseren.
Maʼlumot uchun: “Uchbey” turistik firmasi idorasi Anqarada joylashgan boʻlib, u Turkiya Madaniyat va turizm vazirligi hamda “TÜRSAB” Turkiya sayohatlar agentliklari birlashmasining ruxsati asosida ish olib boradi. Turkiyada 11 mingga yaqin turagent faoliyat yuritadi, ularning bir qismi “A” toifasidagi agentliklar boʻlib, xorijiy sayohatlarni uyushtirish huquqiga egadir. “Uchbey” turistik firmasi ham mana shunday huquqqa ega. Tashkilot 1998 yildan beri Oʻzbekistonga sayohatlarni tashkillashtirib keladi.
Ayni damda, turkiyalik mehmonlar Buxoro viloyatining qadimiy hamda diqqatga sazovor maskanlari boʻylab sayohat qilishmoqda.
Navbatdagi charter reys 4 noyabr kuni Istanbul-Samarqand yoʻnalishida amalga oshirilishi kutilmoqda.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

