Shavkat Mirziyoyev: Yoshlarga zamonaviy qurilish texnologiyalari boʻyicha yetarli malaka bersak, daromadlari ham ikki-uch barobar oshadi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Bektemir tumanidagi «Binokor» masʼuliyati cheklangan jamiyatning ishlab chiqarish maydoniga tashrif buyurdi.

Davlatimiz rahbarining tumanga avvalgi tashrifi chogʻida bu korxona faoliyati haqida taqdimot oʻtkazilgan edi. Umumiy qiymati 50 million dollardan ziyod boʻlgan loyihaning birinchi bosqichi 2018 yilda ishga tushirilgan. Bugungi kunda ikkinchi bosqichi faoliyat boshlash arafasida.
Buning uchun yangi majmuaga Germaniyaning “Vollert”, “Würschum”, Italiyaning “Maema”, “Schnell”, “AWM”, Rossiyaning “Tochnaya Stroitelnaya Mexanika”, “Gruzopodʼyem”, Polshaning “Airpol” va Ispaniyaning “Azcona Y Pantoja SL” kompaniyalari bilan hamkorlikda zamonaviy texnologiya va dastgohlar keltirib oʻrnatilgan.

Shu oʻrinda eslash joizki, avvalgi yigirma yilda koʻp qavatli uylar qurish tajribasi yoʻq boʻlish holatiga kelib qolgandi. Bunga ixtisoslashgan avtokranlar ham, mutaxassislar ham yetishmasdi. Oxirgi 3 yilda birgina Sergeli tumanida 460 ta koʻp qavatli uy barpo etildi. Mamlakatimiz boʻylab bunday bunyodkorlik ishlari jadal davom etmoqda.
«Binokor» korxonasida tayyorlanayotgan temir-beton panellar koʻp qavatli uylar va boshqa inshootlar qurishda qoʻllanilmoqda. Hozirgacha bu yerda 1 ming 200 dan ziyod muhandis va mutaxassislar ishlab, yiliga 150 ming kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarayotgan edi. Korxona toʻliq quvvatga chiqqach, yiliga yana 180 ming kvadrat metr qurilish paneli tayyorlanib, qoʻshimcha 670 ta ish oʻrni yaratiladi.
Prezident korxona faoliyati bilan tanishar ekan, masʼuliyati cheklangan jamiyatning moddiy-texnik bazasidan foydalanib, bu yerda oʻquv-amaliyot kombinati tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berdi.
- Mamlakatimizda katta-katta qurilishlar boʻlyapti, yana rejalar koʻp. Yoshlarga zamonaviy qurilish texnologiyalari boʻyicha yetarli malaka bersak, daromadlari ham ikki-uch barobar oshadi, - dedi davlatimiz rahbari.
Shu yerda 2020-2022 yillarda Toshkent shahri hamda Bektemir tumanida amalga oshiriladigan eksport va investitsiya loyihalari boʻyicha maʼlumot berildi.
Fotogalereya 17
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?


















