| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Siyosat1 daqiqada oʻqiladi637 marta oʻqildi

Shavkat Mirziyoyev: Qurilish, taʼmirlash va yangi uylar barpo etish boʻyicha xalq bilan masalahatlashib ish tutamiz (foto)

Shavkat Mirziyoyev Sardoba tumanidagi suv toshqiniga duch kelgan mahalalarni borib koʻrdi. Oʻz mahallasiga qaytgan odamlar bilan muloqotda boʻlib, talafot koʻrgan joylarda turmush sharoitlari tez kunlarda tiklanishi, aholiga har tomonlama koʻmak berilishini taʼkidladi.

Shavkat Mirziyoyev: Qurilish, taʼmirlash va yangi uylar barpo etish boʻyicha xalq bilan masalahatlashib ish tutamiz (foto)

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Sardoba suv omborida yuz bergan favqulodda vaziyat sababli Sirdaryo viloyatida boʻldi.

Davlatimiz rahbari suv toshqiniga birinchi boʻlib duch kelgan Sardoba tumanidagi Navoiy mahallasini borib koʻrdi.

Hukumat komissiyasi mutasaddilari amalga oshirilgan chora-tadbirlar yuzasidan axborot berdi.

Prezidentimiz mahalla boʻylab yurib, yuzaga kelgan ahvol bilan yaqindan tanishdi. Hududni puxta tozalab, dezinfeksiya qilish, qatʼiy sanitar-epidemiologik nazoratni taʼminlash, muhandislik-kommunikatsiya tarmoqlarini tez fursatlarda, lekin sifatli tiklash boʻyicha topshiriqlar berdi.

Shavkat Mirziyoyev suv chekinganidan keyin oʻz mahallasiga qaytgan odamlar bilan muloqotda boʻlib, talafot koʻrgan joylarda turmush sharoitlari tez kunlarda tiklanishi, aholiga har tomonlama koʻmak berilishini taʼkidladi.

– Shunday ogʻir paytda hammamiz sizlarning yoningizdamiz. Avvalo, har bir mahallaga kirib, oʻt oʻchirish mashinalari yordamida suvni qochiramiz. Qurilish, taʼmirlash va yangi uylar barpo etish boʻyicha xalq bilan masalahatlashib ish tutamiz. Hammasini sekin-sekin joyiga qoʻyamiz. Fermerlarning masalasi ham dalasiga chiqqan holda hal etiladi. Eng muhimi, oʻzlaringiz sogʻ-salomat, bolalaringiz yoningizda ekan. Koʻngilni toʻq qilinglar. Xudoga iltijo qilamizki, bizga madadkor boʻlsin, oxirgi koʻrganimiz shu boʻlsin, – dedi Prezident.

Davlatimiz rahbari Oqoltin tumanidagi Shodlik mahallasi va Mirzaobod tumanidagi Haqiqat mahallasi tutash hududda ham boʻldi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ