Shavkat Mirziyoyev Qashqadaryo viloyatiga koʻp yillar davomida yigʻilib qolgan muammolar yechimini topish maqsadida tashrif buyurdi (foto)
Shavkat Mirziyoyevning Qashqadaryoga tashrifining ilk manzili Shahrisabz shahridagi Oqsaroy Vortex MChJ boʻldi. Prezident bu yerda sintetik aralashmali ip va mato ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 12 noyabr kuni Qashqadaryo viloyatiga tashrif buyurdi.
Tashrifdan asosiy maqsad hududda koʻp yillar davomida yigʻilib qolgan muammolar yechimini topish, ijtimoiy-iqtisodiy sohalar rivojiga turtki berish, shu boradagi yangi vazifalarni belgilashdir.
Davlat rahbari viloyatga safarini Shahrisabz shahridagi Oqsaroy Vortex masʼuliyati cheklangan jamiyatda sintetik aralashmali ip va mato ishlab chiqarish jarayoni bilan tanishishdan boshladi.
Bu yerda Oqsaroy Group kompaniyasi tarkibiga kiruvchi Shahrisabz Textile va Oqsaroy Textile korxonalari tashkil etilgan boʻlib, ularda umumiy qiymati 54 million dollar boʻlgan 3 ta loyihani bosqichma-bosqich amalga oshirish, 1 ming 610 ta ish oʻrni yaratish, yiliga 22 million dollarlik mahsulot eksport qilish belgilangan edi.
Birinchi bosqichda 2014 yili Oqsaroy Textile korxonasida oʻtkazilgan modernizatsiya natijasida bu yerda yiliga 9 ming tonna ip kalava, 4 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi.
Ushbu korxonada 2019 yilda 6 million dollarlik mahsulot eksport qilgan boʻlsa, joriy yilda bu koʻrsatkich 8 million dollarni tashkil etdi.
Ikkinchi bosqichda joriy yilning oktyabr oyida Oqsaroy Vortex korxonasi tashkil etilib, sunʼiy va tabiiy toladan kalava ip va trikotaj mato ishlab chiqarish loyihasi ishga tushirildi. Loyiha qiymati – 15 million dollar, yiliga 3 ming tonna kalava ip, 5,5 ming tonna sunʼiy tolali ip, 3,5 ming tonna trikotaj mato ishlab chiqarish quvvatiga ega. Eksport hajmi yiliga 7 million dollarni tashkil etadi.
Uchinchi bosqichda ushbu korxonalar yonida yana bitta toʻqimachilik fabrikasi barpo etilib, kalava ip va trikotaj mato ishlab chiqarishni kengaytirish rejalashtirilgan. Kelasi yil ishga tushadigan loyiha natijasida 700 ta yangi ish oʻrni yaratiladi.
Prezident korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlarini koʻzdan kechirdi.
Prezident korxonadagi ishlab chiqarish jarayonlarini, kalava ip va tayyor mato namunalarini koʻzdan kechirdi.
Uning anʼanaviy ip-yigiruv korxonalaridan asosiy farqi – bu yerda Yaponiyaning «Murata» kompaniyasida ishlab chiqarilgan Vortex texnologik uskunalari oʻrnatilgan. Ushbu texnologiyaning afzalligi kalava ip toʻqilayotganda tola markazlashgan aerodinamik havo bosimi orqali oʻtkaziladi. Natijada ipning tukdorligi kamayadi, sifati ortadi.
Davlatimiz rahbari Qashqadaryo viloyatining paxta yetishtiriladigan toʻqqizta tumanida Oqsaroy Vortex korxonasi namunasidagi toʻqimachilik kombinatlari tashkil etish, ularni barpo etishda arzon konstruksiyali texnologiyalardan foydalanish boʻyicha topshiriq berdi. Chunki qurilish qancha qimmat boʻlsa loyiha oʻzini oqlashi shuncha qiyin boʻladi.
Mutasaddilarga Qashqadaryo viloyatida toʻqimachilik sanoatini rivojlantirish, bunda xomashyodan tayyor mahsulotgacha boʻlgan tizim yaratish, klasterlar faoliyatini tahlil etib borish yuzasidan vazifalar berildi.
Fotogalereya 19
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?




















