Shavkat Mirziyoyev: Yoshlar imtihondan oʻtish uchun emas, bilimli mutaxassis boʻlish uchun oʻqishi lozim (foto)
Prezident Shavkat Mirziyoyev 12 iyun kuni Oʻzbekiston Fanlar akademiyasining Matematika institutiga tashrif buyurdi.

Davlat rahbari Oliy Majlisga shu yil yanvar oyidagi Murojaatnomasida har yili ilm-fanning bir nechta ustuvor yoʻnalishi rivojlantirilishini aytgan edi. Joriy yilda matematika ana shulardan biri sifatida belgilandi.
Bu xalqimizni ham, ilmiy jamoatchilikni ham gʻoyat quvontirdi. Chunki matematika yurtimizda chuqur tarixiy asosga ega va bugungi kunda taraqqiyot uchun gʻoyat dolzarb.
Mamlakatimizda ushbu yoʻnalishni rivojlantirishda Fanlar akademiyasining Matematika instituti katta oʻrin tutadi. 1943 yilda tashkil etilgan bu dargoh oʻtgan davrda matematik tadqiqotlarning yirik markazlaridan biriga aylangan. Bu yerda shakllangan algebra va funksional analiz, differensial tenglamalar, ehtimollar nazariyasi va matematik statistika boʻyicha ilmiy maktablar jahon olimlari tomonidan eʼtirof etilgan.
Lekin shu paytgacha institut eski, taʼmirtalab binoda ish yuritib kelayotgan edi. Matematiklarga zamonaviy sharoitlar yaratish maqsadida Olmazor tumanidagi Talabalar shaharchasida yangi bino qurilib, foydalanishga topshirildi.
Prezident bu yerda yaratilgan qulayliklar bilan tanishdi. Yangi imoratda 7 ta ilmiy laboratoriya va “Yosh matematiklar” markazi faoliyat yuritadi. Binoning shinam qavatlarida axborot-resurs markazi va seminar xonalari, akademik va tadqiqotchilar uchun kabinetlar, kutubxona, majlislar zali, oshxona joylashgan. Xonalar eng ilgʻor texnika va uskunalar bilan jihozlangan.
- Bu zamonaviy institut barcha olimlar uchun maʼrifat markazi boʻlishi kerak. Matematika koʻp fanlarga yoʻl ochadi. Uni Talabalar shaharchasida barpo etganimiz bejiz emas. Bu institut taʼlim va ilm-fan oʻrtasida uzviylikni taʼminlashi, mamlakatimiz rivojiga zamin yaratishi kerak, - dedi Shavkat Mirziyoyev.
Shu yerda taʼlim sohasi mutasaddilari, rektor va matematik olimlar bilan muloqot boʻldi.
Oxirgi besh-oʻn yilda matematika yoʻnalishi boʻyicha universitetlarni bitirgan yoshlarni topib, xohishiga qarab qayta tayyorlab, maktablarga, fan nomzodlarini esa oliy taʼlim muassasalariga ishga jalb etish muhimligi taʼkidlandi. Matematika kafedra mudirlarini saylash tartibini joriy qilish, kafedra mudirlari kengashi tuzib, doimiy tajriba almashinuvni yoʻlga qoʻyish boʻyicha koʻrsatma berildi.
Matematika institutida 72 nafar ilmiy xodim, jumladan, 5 nafar akademik faoliyat yuritmoqda. Oxirgi ikki yilda 11 nafar fan doktori va 14 nafar fan nomzodi tayyorlangan. 422 ta ilmiy maqola (245 tasi chet elda), 9 ta monografiya (5 tasi chet elda) chop etilgan.
Sohadagi fundamental tadqiqotlarni moliyalashtirish hajmi bir yarim barobarga oshirildi. Xalqaro fan olimpiadalarida gʻolib boʻlgan yoshlar va ularning ustozlarini ragʻbatlantirish tizimi joriy etildi.
2019 yil 9 iyulda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining “Matematika taʼlimi va fanlarini yanada rivojlantirishni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining V.I.Romanovskiy nomidagi matematika instituti faoliyatini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori hamda 2020 yil 7 mayda “Matematika sohasidagi taʼlim sifatini oshirish va ilmiy-tadqiqotlarni rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilingan.
Fotogalereya 9
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?










