Shavkat Mirziyoyev: Koronavirus paytida toʻplagan katta tajribamiz asosida munosib yashash va ishlashda davom etishimiz kerak
Prezident Shavkat Mirziyoyev bugungi videoselektor yigʻilishi avvalida pandemiya bilan bogʻliq vaziyatga toʻxtalib oʻtdi. Yurtimizda ushbu virus bilan kasallanganlar soni 70 ming nafardan ortgani, tuzalganlar soni qariyb 68 ming nafarni tashkil etgani qayd etildi.

17 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev sud qarorlari ijrosini taʼminlash masalalari yuzasidan videoselektor yigʻilishini oʻtkazdi.
Tadbir avvalida bugun mamlakatimizda koronavirus pandemiyasi bilan bogʻliq vaziyat tahlil qilindi.
Jumladan, oʻtgan 8 oy mobaynida COVID-19ga qarshi kurashishda yetarli tajriba toʻplangani, tibbiyot xodimlari ham zaruriy malakaga ega boʻlganlari taʼkidlandi.
Maʼlumki, “kasallik zanjiri”ni jiddiy nazorat qilgan holda karantin talablari bosqichma-bosqich yengillashtirildi. Ammo dunyo mamlakatlaridagi, qoʻshni davlatlardagi holatni inobatga olib, Oʻzbekistonda bu kasallikka qarshi kurashishni bir daqiqaga ham toʻxtatib boʻlmasligi, chunki xavf-xatar hali oʻtib ketmagani aytib oʻtildi.
Bugun yurtimizda ushbu virus bilan kasallanganlar soni 70 ming nafardan ortgani, tuzalganlar soni qariyb 68 ming (96 foiz), oʻlim koʻrsatkichi 599 nafarni (0,9 foiz) tashkil etayotgani qayd etildi.
Hokimlar, sektorlar rahbarlari va sogʻliqni saqlash tizimi mutasaddilariga qator vazifalar yuklatildi.
Avvalo, koronavirus bilan bogʻliq vaziyat doimiy ravishda jiddiy tahlil qilinishi, kerakli xulosalar chiqarilishi lozim. Xususan, haftada kamida ikki kun hududdagi pandemiyaga oid holat bilan alohida shugʻullanib, shtab yigʻilishi oʻtkazilishi, muntazam ravishda Respublika maxsus komissiyasiga shaxsan hisobot berilishi belgilandi.
- Yana bir marta taʼkidlayman, bu kasallik befarqlikni aslo kechirmaydi. Shu bilan birga, biz koronavirus paytida toʻplagan katta tajribamiz va olgan chuqur xulosalarimiz asosida munosib yashash va ishlashda davom etishimiz kerak, - dedi davlatimiz rahbari.
Bugungi kunda Oʻzbekiston boʻyicha 89 ta muassasada 17 ming 500 oʻrin COVID-19 bilan kasallanganlar uchun ajratilgan.
Hozirda ushbu oʻrinlarda 6 ming 570 nafar bemor davolanmoqda. Koykalar bandligi Qoraqalpogʻistonda 16 foiz, Xorazmda 10 foiz, Qashqadaryoda 11 foiz, Namanganda 19 foizni, respublika boʻyicha esa 38 foizni tashkil etyapti. Shu bois ulkan mablagʻlar bekorga sarf boʻlayotgani qayd etildi.
Shu munosabat bilan, mutasaddilarga koronavirusga ixtisoslashgan shifoxonalar faoliyatini chuqur oʻrganib, ularni optimizatsiya qilish topshirigʻi berildi.
Maʼlumki, taʼlim-tarbiya tizimini tubdan takomillashtirish hamda sogʻliqni saqlash sohasini rivojlantirish borasida qator farmon va qarorlar qabul qilindi, ushbu ikki masalada yaqinda alohida videoselektor yigʻilishlari oʻtkazildi.
- Meni mazkur farmon va qarorlarning joylardagi ijrosi, bu borada hokimlar qanday ish tashkil etayotgani tashvishga solyapti. Bugun hokimlar zamonaviy fikrlaydigan va fidoyi, jonkuyar xalq taʼlimi va sogʻliqni saqlash boshqarmalari boshliqlarini oʻz yoniga olib ish koʻrmas ekan, amaliy natijaga erisha olmaydi, - deya taʼkidladi Prezident Shavkat Mirziyoyev.
Shundan kelib chiqib, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari mazkur yoʻnalishlardagi islohotlarni amalga oshirishda quyi boʻgʻin rahbarlariga shaxsiy namuna koʻrsatib, haftada ikki marta maktablar va tibbiyot muassasalari boʻyicha berilgan topshiriqlar ijrosi bilan shugʻullanishi kerakligi qayd etildi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

