Shavkat Mirziyoyev dunyoda oʻta noyob kitob boʻlgan “Usmon Mushafi” nusxasini Xalq kutubxonasiga tuhfa qildi
Turkiya Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasining ochilish marosimida Shavkat Mirziyoyev va Ziroat Mirziyoyeva ishtirok etdi. Oʻzbekiston Prezidenti kutubxona fondiga 350 dan ziyod turli mavzudagi kitoblarni sovgʻa qildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 20 fevral kuni Anqara shahrida Turkiya Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasining ochilish marosimida ishtirok etdi.
Ushbu majmua Turkiya rahbari Rejep Tayyip Erdogʻan tashabbusi bilan bunyod etilgan. Mahobatli kutubxona kitob fondi (4 million bosma nashr va 120 milliondan ziyod elektron fayl) hamda xizmat darajasi boʻyicha dunyodagi eng ulkanlaridan biridir. Ushbu maʼnaviy boylik maskani Prezident qarorgohi – Jumhurbashkanligi saroyi yonida qurilgani ham uning ahamiyatini koʻrsatadi.

Ochilish marosimida butun dunyodan ikki mingga yaqin mehmon - olimlar, yozuvchilar, taʼlim va madaniyat namoyandalari, davlat va jamoat arboblari qatnashdi. Shavkat Mirziyoyev Turkiya Prezidenti tomonidan taklif etilgan oliy darajadagi yagona mehmon boʻldi.
Marosimda Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq soʻzladi.
– Dunyodagi har qaysi davlat, har qaysi xalq birinchi navbatda oʻzining intellektual salohiyati, yuksak maʼnaviyati bilan qudratlidir. Bunday yengilmas kuch manbai esa avvalo insoniyat tafakkurining buyuk kashfiyoti – kitob va kutubxonalarda, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Bu yil ulugʻ allomalar Abduxoliq Gʻijduvoniy va Bahouddin Naqshband tavalludlariga bagʻishlangan tadbirlar oʻtkaziladi. Mahmudxoʻja Behbudiy tugʻilganining 145 yillik sanasi nishonlanadi. Shuningdek, joriy yilda Buxoro shahri Islom madaniyati poytaxti, Xiva shahri Turkiy dunyo madaniyati poytaxti deb eʼlon qilingani munosabati bilan bir qator xalqaro anjumanlar tashkil etilishi rejalashtirilgan.
Oʻzbekiston Prezidenti turkiyalik olimlar, adabiyotshunos va dinshunoslarni ushbu madaniy-maʼrifiy tadbirlarga taklif etdi. Oʻzbekistonning kitob fondlarida 100 mingdan ziyod noyob qoʻlyozma asarlar saqlanayotgani, ularning aksariyati oʻz tadqiqotchilarini kutayotganini taʼkidladi.

Turkiya Prezidenti ushbu quvonchli ayyomda Oʻzbekiston Prezidenti rafiqasi bilan birga ishtirok etayotgani uchun tashakkur izhor etdi.
- Oʻzbekiston biz uchun madaniy tasavvurimizni shakllantirgan, olimlarni yetishtirgan, ilm, irfon va maʼnaviy dunyomizni taʼminlagan hayotiy manbalarimizdan eng muhimidir, - dedi Rejep Tayyip Erdogʻan. - Ilm muhiti asrlar davomida Toshkent bilan Anqara, Samarqand bilan Konyo, Buxoro bilan Bursa, Xiva bilan Edirneni bogʻlab, oʻzaro boyitgandir. Bu kun Xalq kutubxonasini Janobi oliylari bilan birgalikda ochib, mushtarak madaniyatimiz haqida butun dunyoga muhim bir ishora bermoqdamiz.

Shavkat Mirziyoyev dunyoda oʻta noyob boʻlgan “Usmon Mushafi”ning xattotlarimiz tomonidan koʻchirilgan nusxasi, Jaloliddin Rumiyning mashhur “Masnaviy” asari hamda Abu Bakr ar-Roziyning “Kasalliklar tarixi” asari qoʻlyozmalarining faksimile nusxalari, “Alisher Navoiy asarlarining Istanbul kutubxonalaridagi tasviriy nusxalari” nomli kitob-albom, Yunus Emro sheʼrlarining oʻzbek tiliga tarjimasi jamlangan “Oʻlmas koʻngul” deb nomlangan kitoblarni kutubxonaga tuhfa qildi.
Shuningdek, Turkiya Prezidenti huzuridagi Xalq kutubxonasiga 350 dan ziyod turli mavzudagi kitoblar taqdim etildi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

