| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Siyosat2 daqiqada oʻqiladi540 marta oʻqildi

Shavkat Mirziyoyev “Valday” xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi ishtirokchilarini qutladi

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Miromonovich Mirziyoyevning “Valday” xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi ishtirokchilari, tashkilotchilari va mehmonlariga qutlovi

Shavkat Mirziyoyev “Valday” xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi ishtirokchilarini qutladi

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari va tashkilotchilari!

Aziz doʻstlar!

Oʻzbekistonda ilk bor “Valday” xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi ishtirokchilari – yetakchi siyosatchilar, olim va ekspertlarni qabul qilish biz uchun ulkan sharaf. Sizlarni saxovatli va mehmondoʻst zaminimizda samimiy qutlayman!

Mazkur konferensiya asrlar davomida Sharq va Gʻarb madaniyatlari oʻzaro tutashgan va bir-birini boyitgan, yangi ilmiy gʻoya va bilimlar tugʻilgan shahar – Samarqandda oʻtkazilayotganida chuqur maʼno mujassam.

Dunyo tamadduni rivojiga ulkan hissa qoʻshgan Samarqand hozirgi kunda ham mintaqaviy va global kun tartibiga oid dolzarb masalalar boʻyicha ochiq va konstruktiv muloqot uchun oʻziga xos maydon vazifasini oʻtagan holda xalqaro hamkorlikni mustahkamlashda muhim rol oʻynamoqda.

Soʻnggi ikki yilda bu yerda Markaziy Osiyoda xavfsizlik va barqaror rivojlanishni taʼminlash boʻyicha xalqaro konferensiya, Inson huquqlari boʻyicha Osiyo forumi va mintaqa uchun tarixiy ahamiyatga ega yuksak darajadagi qator boshqa tadbirlar muvaffaqiyatli oʻtkazildi. Bu, oʻz navbatida, hamkorlikning oʻziga xos “Samarqand ruhi“ni shakllantirish haqida soʻz yuritish imkonini beradi.

Bugungi uchrashuv ushbu ezgu anʼanani davom ettirishi hamda ochiqlik va oʻzaro anglashuv ruhida oʻtishiga ishonchim komil.

Haqli ravishda nufuzli va obroʻli ekspert-tahliliy platforma hisoblangan “Valday“ klubining har bir yigʻilishi hamisha butun dunyo mutaxassislari va jamoatchiligi oʻrtasida katta qiziqish uygʻotadigan yorqin hodisa boʻlib kelgan.

Oʻylaymanki, Yevroosiyo mintaqasi, jumladan, Markaziy Osiyoda roʻy berayotgan murakkab jarayonlarga bagʻishlangan bugungi munozara ham sermahsul boʻlib, istiqboldagi oʻzaro hamkorlikning yangi yoʻnalishlarini belgilab beradi.

Markaziy Osiyo Yevroosiyo makoni va, umuman olganda, geosiyosatda tobora muhim rol oʻynamoqda. Qisqa vaqt ichida Markaziy Osiyo xalqlarining birgalikdagi saʼy-harakatlari tufayli mintaqada mutlaqo yangi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va hamkorlik muhitini yaratishga erishildi.

Siyosiy ishonch yuksak darajaga koʻtarildi. Bu esa bugungi kunda mintaqadagi hayotiy muhim muammolarni samarali hal etish imkonini bermoqda. Davlat chegaralari, suvdan foydalanish, transport va savdo masalalari boʻyicha oqilona murosaga erishildi.

Oʻzbekiston Respublikasi koʻp tomonlama mintaqaviy hamkorlikni yanada kengaytirish tarafdori. Asosiy maqsadimiz Markaziy Osiyoni barqaror va iqtisodiy rivojlangan mintaqa, tinchlik va hamkorlik makoniga aylantirishdan iborat.

Shubhasiz, bularning barchasi global xavfsizlikni taʼminlashda muhim ahamiyatga ega boʻlib, butun Yevroosiyo mintaqasini rivojlantirishga xizmat qiladi. Shuningdek, mintaqa mamlakatlarining dunyodagi yetakchi hamkorlar, birinchi navbatda, Rossiya bilan oʻzaro manfaatli va teng huquqli munosabatlarini rivojlantirish uchun keng imkoniyatlar ochib beradi.

Rossiya Federatsiyasi Oʻzbekistonning ishonchli strategik hamkori va ittifoqdoshi. Azaliy doʻstlik rishtalariga asoslangan munosabatlarimiz izchil rivojlanib, yangi amaliy mazmun bilan boyimoqda.

Oʻzbekiston savdo, sanoat kooperatsiyasi, investitsiya, innovatsiyalar, energetika, qishloq xoʻjaligi sohasidagi, yirik transmintaqaviy loyihalarni amalga oshirish boʻyicha Oʻzbekiston-Rossiya hamkorligining mavjud salohiyatini toʻliq ishga solishdan manfaatdor. Madaniyat va taʼlim sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda.

“Valday“ klubining Oʻzbekistondagi bugungi uchrashuvi mamlakatlarimizning ishonchli muloqot va amaliy hamkorlikni mustahkamlash hamda barcha darajalarda rivojlantirishga boʻlgan oʻzaro intilishining yorqin dalilidir.

Hurmatli konferensiya ishtirokchilari!

Samarqandda oʻtayotgan “Valday” xalqaro munozara klubining X Osiyo konferensiyasi mamlakatlarimiz ekspert-tahlil hamjamiyatlari oʻrtasida yangi, toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalar oʻrnatish va mavjudlarini mustahkamlashga xizmat qilishi, shubhasiz. Umid qilamanki, bunday uchrashuvlar muntazamlik kasb etadi.

Konferensiya ish faoliyati samarali boʻlishini, Sharq gavhari - koʻhna va navqiron Samarqand bilan tanishish sizlarda yorqin va unutilmas taassurot qoldirishini tilab qolaman.

Toshkent shahri,

2019 yil 11 noyabr

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ