Shavkat Mirziyoyev Qozogʻiston, Qirgʻiz va Tojikiston Respublikalari Bosh vazirlarini qabul qildi
Bugun, 1 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHTga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun Toshkentga tashrif buyurgan Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Maminni qabul qildi.

Bugun, 1 noyabr kuni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHTga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun Toshkentga tashrif buyurgan Qozogʻiston Respublikasi Bosh vaziri Asqar Maminni qabul qildi.
Prezidentimiz mehmonni samimiy qutlar ekan, qardosh mamlakatlarimiz rahbarlarining muntazamlik kasb etgan va ishonchga asoslangan uchrashuvlari hamda ularning natijasida erishilgan kelishuvlar Oʻzbekiston va Qozogʻiston oʻrtasidagi koʻp asrlik doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik rishtalarini, strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga xizmat qilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Asqar Mamin Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Qozogʻistonning Birinchi Prezidenti - Elboshi Nursulton Nazarboyev va Prezident Qasim-Jomart Toqayevning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda konstruktiv siyosiy muloqot yoʻlga qoʻyilgani, oʻzaro savdo hajmi ortib, investitsiya, bank-moliya, transport-kommunikatsiya va boshqa sohalardagi hamkorlik kengayib borayotgani alohida taʼkidlandi. Oʻzbekistonda oʻtayotgan Qozogʻiston yili doirasida hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar faollashdi.
Ikki tomonlama hamkorlik, shuningdek, xalqaro va mintaqaviy siyosatga oid dolzarb masalalar koʻrib chiqildi.
***
Bugun Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHTga aʼzo davlatlar Bosh vazirlari uchrashuvida ishtirok etish uchun mamlakatimizga kelgan Qirgʻiz Respublikasi Bosh vaziri Muhammadqaliy Abilgʻaziyevni qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, oliy darajadagi muntazam muloqot ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga koʻtarish va uni amaliy mazmun bilan boyitishga xizmat qilganini mamnuniyat bilan qayd etdi.
Muhammadqaliy Abilgʻaziyev Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga Qirgʻiz Respublikasi Prezidenti Sooronboy Jeenbekovning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi hamda samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirdi.
Uchrashuvda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi doʻstlik, yaxshi qoʻshnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashning dolzarb masalalari muhokama qilindi.
Savdo-iqtisodiy, sanoat, transport, agrosanoat, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi sheriklikni, shuningdek, chegaraoldi hamkorlikni yanada kengaytirish muhimligi qayd etildi.
Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashildi.
***
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev ShHTga aʼzo davlatlar Hukumat rahbarlari kengashi majlisida ishtirok etish uchun mamlakatimizga amaliy tashrif bilan kelgan Tojikiston Respublikasi Bosh vaziri Qohir Rasulzodani qabul qildi.
Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, Oʻzbekiston bilan Tojikiston oʻrtasidagi doʻstlik va yaxshi qoʻshnichilik munosabatlari izchil rivojlanib borayotgani, ikki davlat rahbarlarining birgalikdagi saʼy-harakatlari bilan strategik sheriklik darajasiga koʻtarilganini katta mamnuniyat bilan qayd etdi.
Qohir Rasulzoda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentiga har doimgidek samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmonning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Uchrashuvda siyosiy, savdo-iqtisodiy, energetika, transport, madaniy-gumanitar sohalar va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarni oʻz vaqtida va toʻliq hajmda amalga oshirish muhimligi qayd etildi.
Chegaradosh hududlar oʻrtasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.
Mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari koʻrib chiqildi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

