"Raqamli iqtisodiyot" boʻyicha yana bir muhim hujjat imzolandi
Hujjatga koʻra, “Raqamli Toshkent” kompleks dasturining asosiy vazifasi etib shahar xizmatlarini boshqarish, ijtimoiy soha obʼyektlari, ishlab chiqarish, yoʻl transport va kommunal infratuzilmaning integratsiyalashgan axborot muhitini yaratish va keyinchalik muvaffaqiyatli tajribani respublikaning boshqa hududlarida tatbiq etish belgilandi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasi va 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini va hayot sifatining barqaror yaxshilanishini taʼminlash hamda tadbirkorlik faoliyatini yuritish va “raqamli iqtisodiyot”ni rivojlantirish uchun qulay muhit yaratish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining "Toshkent shahrida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida"gi qarori imzolandi.
Qarorga koʻra:
Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Toshkent shahar hokimligining “Raqamli Toshkent” kompleks dasturi (keyingi oʻrinlarda – Dastur) amalga oshiriladi.
“Raqamli Toshkent” kompleks dasturining asosiy vazifasi etib shahar xizmatlarini boshqarish, ijtimoiy soha obʼyektlari, ishlab chiqarish, yoʻl transport va kommunal infratuzilmaning integratsiyalashgan axborot muhitini yaratish va keyinchalik muvaffaqiyatli tajribani respublikaning boshqa hududlarida tatbiq etish belgilandi.
Dasturga asosan 2020 yil 1 mayga qadar avia, temir yoʻl va boshqa transport xizmatlariga elektron chiptalarni onlayn sotib olish yagona axborot tizimini joriy etiladi.
Shuningdek, 1 sentyabrga qadar barcha umumtaʼlim maktablarida jurnal va oʻquvchilarning kundaliklarini qogʻoz shaklida yuritishni bekor qilinib, ularni elektron tarzda yuritishga moʻljallangan yagona axborot tizimini ishga tushiriladi.
Joriy yilning 1 noyabriga qadar kommunal xizmatlar (tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suv va issiq suv) boʻyicha toʻlovlarni onlayn toʻlash hamda kommunal xizmat koʻrsatuvchi tashkilotlar bilan elektron hamkorlikni taʼminlovchi “Mening uyim” yagona axborot tizimini joriy etiladi.
2020 yilning 1 dekabrigacha “Yagona elektron tibbiy karta” axborot tizimini joriy etish va “Elektron poliklinika” axborot tizimiga 62 ta oilaviy poliklinika ulanadi.

“Ilm, maʼrifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” Davlat dasturi tasdiqlandi
Toshkent shahar hokimligi taʼsischiligida masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklida Raqamli rivojlanish departamenti (keyingi oʻrinlarda – Departament) tashkil etilib, quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
shaharning geografik axborot-tahlil tizimini yaratish;
davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlarini, maʼlumotlar bazalarini va boshqa axborot manbalarini yagona dasturiy platforma orqali Toshkent shahar hokimligining axborot tizimlari bilan integratsiyasini taʼminlash;
Dasturning oʻz vaqtida va sifatli bajarilishi, Toshkent shahar hokimligi axborot tizimlarida maʼlumotlarning himoyasi va saqlanishini taʼminlash boʻyicha samarali ishlarni tashkil etish;
axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni tijoratlashtirish, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning kreditlari va grantlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalarni jalb qilish;
Departament tuzilmasida tarmoq Loyiha ofislari (keyingi oʻrinlarda – Loyiha ofislari) tashkil etiladi va ularning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:
Dastur doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarning konsepsiyalari, loyiha va texnik hujjatlarini ishlab chiqish, tegishli yoʻnalishlardagi axborot tizimlari, maʼlumotlar bazalari va dasturiy mahsulotlarga xizmat koʻrsatish;
shahar xizmatlarining raqamli maʼlumotlarini birxillashtirish va ularning Dasturga integratsiyalashuvi, davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarida yagona identifikator va tasniflagichlarni joriy qilish hamda ulardan foydalanish;
Departament huzurida “Raqamli poytaxt” axborot-tahlil markazi (keyingi oʻrinlarda – Markaz) tashkil etiladi va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
shahar xizmatlarida axborot tizimlarining idoralararo elektron hamkorligi natijasida olingan maʼlumotlarni tahlil qilish va qayta ishlash;
shahar atrof-muhitini rivojlantirishda tizimli muammolarni aniqlash, shahar xizmatlari samaradorligini oshirish va umuman, shahar muhitini yaxshilash boʻyicha takliflarni ishlab chiqish.
Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda Departament faoliyatini tashkil etsin, uni malakali mutaxassislar bilan toʻldirsin.
Departament xodimlariga davlat boshqaruvi organlarining xodimlariga belgilangan ish haqi miqdori hamda qonunchilikda belgilangan qoʻshimcha va ustamalar qoʻllaniladi.
Toshkent shahar hokimiga Departamentga mutaxassislarni bir yillik mehnat shartnomalari asosida ish haqini mustaqil belgilagan holda hamda loyihalarni amalga oshirish uchun tanlov (tender) savdolarini oʻtkazmasdan, toʻgʻridan-toʻgʻri shartnoma tuzish orqali mustaqil konsalting tashkilotlarini jalb qilish huquqi berildi.
Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablagʻlari Departamentning joriy xarajatlarini moliyalashtirish manbai etib belgilansin.
Oʻzbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Toshkent shahar hokimligi Departamentning joriy xarajatlarini moliyalashtirishni 2020 yilda Toshkent shahar mahalliy byudjetining qoʻshimcha manbalari hisobidan, 2021 yildan boshlab Toshkent shahar mahalliy byudjeti hisobidan amalga oshiradi.

Joriy yilning 1 aprelidan boshlab quyidagi yigʻimlar va jarimalar Toshkent shahar mahalliy byudjetiga oʻtkaziladi:
Toshkent shahrida tashqi reklama obʼyektlarida (konstruksiyalarida) tashqi reklamani joylashtirish (tarqatish) huquqi uchun oylik yigʻim, tashqi reklama obʼyektlari uchun reklama joylari pasportlarini berishdan tushadigan mablagʻlar hamda tashqi reklama obʼyektlarini qurish huquqi uchun elektron auksion yakunlari boʻyicha toʻlangan mablagʻlar (auksion savdolarini oʻtkazganlik uchun savdo tashkilotchisiga toʻlanadigan mablagʻ chegirib qolingan holda);
Toshkent shahrida tashkil etilgan yoʻl chetida pullik vaqtincha avtomobil toʻxtab turish joylarida toʻxtab turish qoidalarini buzilganligi uchun jarimalar;
Toshkent shahrida maxsus avtomatlashtirilgan foto va videofiksatsiya texnika vositalari qayd etgan yoʻl harakati qoidalari buzilganligi uchun jarimalarning 80 foizi, qolgan 20 foizi esa – Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining byudjetdan tashqari rivojlantirish jamgʻarmasiga.
Toshkent shahar hokimligining Ijro apparati tuzilmasiga axborot texnologiyalarini joriy etish boʻyicha hokim oʻrinbosari – Departament rahbari lavozimi kiritiladi.
Vazirliklar va boshqa davlat organlari rahbarlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun masʼul boʻlgan oʻrinbosarlari Departament va Loyiha ofislari bilan samarali hamkorlik qilish uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.
Dastur doirasida loyihaoldi oʻrganishlar, loyihani amalga oshirish boʻyicha konsepsiya va texnik topshiriqlarni ishlab chiqish Loyiha ofislari tomonidan amalga oshiriladi.
Shuningdek:
Loyiha-texnik hujjatlarining ekspertizasi faqat Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va “Kiberxavfsizlik markazi” DUK tomonidan oʻtkaziladi;
Axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar ishlab chiquvchilarni va integratorlarni jalb qilish, ular bilan shartnomalar tuzish Departament tomonidan tanlov orqali amalga oshiriladi;
Departament axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar ishlab chiquvchilar va integratorlar bilan 1 milliard soʻmgacha boʻlgan miqdorda loyihalar boʻyicha Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki rezidentlari oʻrtasida tanlov oʻtkazish yoʻli bilan shartnoma imzolash huquqiga ega.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
noyob identifikatorlar, kataloglar va tasniflagichlardan foydalanilishi boʻyicha davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va maʼlumotlar bazalarini toʻliq xatlovdan oʻtkazilishini;
idoralararo elektron hamkorlikning yagona texnologik talablari, standartlari va shakllarini, shuningdek, Dasturni amalga oshirish doirasida tasniflagich va maʼlumotnomalar roʻyxati tasdiqlanishini;
amaldagi maʼlumotlar bazalari va dasturiy mahsulotlarning boshqa axborot tizimlari bilan oʻzaro integratsiyasini amalga oshirish maqsadida davlat organlari va tashkilotlarini integratsiya qilish choralari ishlab chiqilishini;
Departament va Markazga Toshkent shahrining “Xavfsiz shahar” integratsiyalashgan tizimiga kirish huquqi beriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda bir oy muddatda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti negizida davlat organlari va tashkilotlarining masʼul xodimlari – Dastur ijrochilarining raqamli texnologiyalar va dasturiy mahsulotlardan samarali foydalanish koʻnikmalarini bosqichma-bosqich oshirish dasturi ishlab chiqiladi.
“Oʻzstandart” agentligi Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 avgustga qadar apparat-dasturiy komplekslarni yaratish boʻyicha mavjud davlat standartlari va texnik talablarini qayta koʻrib chiqiladi.
2020 yil 1 sentyabrdan axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishda davlat organlari va tashkilotlari quyidagilarga majburdirlar:
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tasdiqlangan yagona texnologik yechimlar, tasniflagichlar va standartlardan foydalanish;
dasturiy mahsulotlarni joriy etishda asosan litsenziyalash cheklovlaridan xoli yagona ochiq formatdagi elektron hujjatlardan foydalanishni taʼminlash;
tasdiqlangan tegishli milliy standartlar va texnik talablarga muvofiq apparat-dasturiy tizimlarni oʻrnatish;
2020 yil 1 maydan davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va resurslarida axborotni shakllantirish, saqlash va qayta ishlash faqat quyidagi noyob identifikatorlardan foydalangan holda amalga oshiriladi:
jismoniy shaxslar – jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR);
yuridik shaxslar – soliq toʻlovchining identifikatsiya raqami (STIR);
koʻchmas mulk – kadastr raqami;
manzillar – geografik kod;
transport vositalari – transport vositasining identifikatsiya raqami.
Alohida hollarda Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tegishli yoʻnalishlarda maxsus oʻziga xos identifikatorlar belgilanishi mumkin.
Toshkent shahar hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2020 yil 1 mayga qadar shahar infratuzilmasining holati, davlat xizmatlarining sifati va aholini qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish uchun “Xalq nazorati” portali va mobil ilovasini ishga tushiradi.
Oʻzbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi Oʻzbekiston Milliy geografik axborot tizimi faoliyati doirasida Toshkent shahar hokimligiga zarur kartografiya materiallarini taqdim etadi. Shuningdek, koʻchmas mulk obʼyektlari manzillarining yagona reyestriga kirish, koʻchmas mulk obʼyektlariga geografik joylashishni hisobga olgan holda obʼyektning fazoviy maʼlumotlari taqdim etiladi.
Toshkent shahar hokimligining Raqamli Toshkent vaziyatlar markazi Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, I.Karimov koʻchasi, 51-binoda joylashgan Toshkent shahar hokimligi hududida quriladi.
Oʻzbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bir oy muddatda “Oʻzbektelekom” AK Axborotni qayta ishlash markazining texnologik maydonchasida Dastur loyihalarini joylashtirish uchun zarur server imkoniyatlarini belgilangan tartibda ajratiladi.
Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda kompleks dastur loyihalari amalga oshirilishining jamoatchilik nazoratini tashkil etish, loyihalarning holati, ishtirokchilari, moliyalashtirish va zarur uskunalarni yetkazib beruvchilari toʻgʻrisida toʻliq maʼlumot berish uchun ochiq axborot portalini ishga tushiradi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

