Prezident topshirigʻi: Sergeli yer usti metrosi sentabr oyida foydalanishga topshiriladi
Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumanida barpo etilgan yangi ekoparkda mutasaddilar bilan oʻtgan uchrashuvda Sergeli yer usti metrosi sentabr oyida foydalanishga topshirilishi vazifasini qoʻydi.

29 may kuni Shavkat Mirziyoyev Yangi ekoparkda Sergeli tumani mutasaddilari, aholi vakillari bilan uchrashdi.
- Bugun bu yerga kelishimdan maqsad - koronavirus pandemiyasi tufayli yuzaga kelgan hozirgi murakkab vaziyatda xalqimizni nimalar oʻylantirayotgani, odamlar hayotini yaxshilash uchun yana nimalar qilish kerakligini birgalikda fikrlashib olish, - dedi davlatimiz rahbari.
Sergeli tumani uchun shakllantirilgan investitsiya loyihalari muhokama qilindi.
Jumladan, joriy yilda umumiy qiymati 1,8 trillion soʻmlik 61 ta investitsiya loyihasi amalga oshirilib, 5 mingdan ziyod ish oʻrni yaratish rejalashtirilgan.
Shuningdek, 22 ta loyiha boʻyicha 83 million dollar miqdorida xorijiy sarmoyalar oʻzlashtiriladi.
Misol uchun, Toshkent quvur zavodida joriy yilda xitoylik hamkorlar bilan birga 85 million dollar investitsiya evaziga yiliga 500 ming tonna metall list ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushiriladi.
Chirchiq daryosining Bektemir va Sergeli tumanlaridan oqib oʻtuvchi 16 kilometrlik qismidagi oʻzanlarni 65-80 metrgacha qisqartirish orqali qoʻshimcha 565 gektar boʻsh yer zaxirasi paydo boʻladi. Bu yerda yangi investitsiya loyihalarini joylashtirish orqali qoʻshimcha 160 ming yangi ish oʻrni yaratish mumkin. Mutasaddilarga bu masalani atroflicha hisob-kitob qilib, ularni amalga oshirish boʻyicha topshiriqlar berildi.
Davlatimiz rahbari kichik biznesni rivojlantirish, aholi tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash orqali bandlikni oshirish, kambagʻallikni qisqartirish zarurligini taʼkidladi.
Transport va kommunal xoʻjalik infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha qator loyihalar amalga oshirilmoqda. Jumladan, «Oʻzbekiston temir yoʻllari» AJ tomonidan qiymati 83 million dollar boʻlgan, 7 kilometr uzunlikdagi Sergeli yer usti metrosi qurilmoqda. Uni joriy yil sentabr oyida foydalanishga topshirish vazifasi qoʻyildi.
Oqova suv va isitish tarmoqlarini yaxshilash, markaziy issiqlik tizimini yopiq tizimga oʻtkazish orqali modernizatsiya qilish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

