Shavkat Mirziyoyev: Pandemiyani jilovlashda jasorat koʻrsatgan tibbiyot xodimlari taqdirlanadi
Bir guruh tibbiyot, ichki ishlar, mudofaa va favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya xodimlarini va boshqa tashkilotchilarini faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi Farmonni imzoladim, - dedi Shavkat Mirziyoyev.

Ayni daqiqalarda Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida navbatdagi videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtmoqda. Tadbir avvalida bugun mamlakatimiz pandemiyaga qarshi qanday kurash olib borayotganiga alohida toʻxtalib oʻtildi.
Xususan, hozirda COVID-19 yuqtirganlar soni 18 ming 700 nafardan oshgani, vaziyat hamon jiddiy boʻlib qolayotgani taʼkidlandi.
- Ahvoli ogʻir bemorlar soni koʻpayib bormoqda, - dedi davlatimiz rahbari. - Koronavirusga qoʻshimcha ravishda pnevmoniya holatlari ham keng tarqalmoqda. Shu sababli, oxirgi 10 kunda 4 ta selektor oʻtkazib, hokimlar, vazirlar va boshqa mutasaddi rahbarlarga qoʻshimcha davolash oʻrinlarini tashkil etish, simptomsiz kasallarni uyda tizimli davolash, ularni zarur dori-darmon va oziq-ovqat bilan taʼminlash, tez tibbiy yordam tizimi ishini yaxshilash boʻyicha tegishli topshiriqlar bergan edim. Bugun hisobotlarni eshitamiz.
Shavkat Mirziyoyev hozirgacha amalga oshirilgan ishlar haqida soʻz yuritar ekan, oxirgi kunlarda koronavirusni davolash uchun qoʻshimcha 46,5 mingta oʻrin ajratilgani, yana 31 mingta oʻrin tashkil etilishi, 397 ta tez tibbiy yordam mashinasi xarid qilingani, bir oy muddatda yana 409 ta mashina joylarga yetkazilishini taʼkidlab oʻtdi.
Xalqaro va mahalliy tajribani hisobga olib, koronavirusni davolash strategiyasi va taktikasi yangilandi, dedi Prezident. Tibbiyot oliy oʻquv yurtlari va kollejlari professor-oʻqituvchilari, ilmiy xodimlar va pensiyaga chiqqan mutaxassislar orasidan jami 5 mingta vrach hamda 9 mingta hamshira bemorlarni davolash va maslahat berishga jalb etildi.
- Shu oʻrinda oʻz hayoti va sogʻligʻini xavf ostiga qoʻyib, kasallikka qarshi mardona kurashayotgan fidoyi shifokorlarimizga har qancha rahmatlar aytsak, arziydi. Bugun koronavirus pandemiyasi sharoitida aholi salomatligini muhofaza qilish va hayotini asrash, yurtimizda infeksiyani jilovlashda ulkan jasorat va fidoyilik namunalarini koʻrsatgan bir guruh tibbiyot, ichki ishlar, mudofaa va favqulodda vaziyatlar vazirliklari hamda Milliy gvardiya xodimlarini va boshqa tashkilotchilarini faxriy unvon, orden va medallar bilan mukofotlash toʻgʻrisidagi Farmonni imzoladim, - dedi davlatimiz rahbari.
Oldinda bunday mukofotlar koʻp boʻlishi taʼkidlandi. Bu kurashda oʻzini ayamay mehnat qilayotgan barcha tibbiyot xodimlari albatta munosib taqdirlanadi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

