Oʻzbekiston XMTning Yevropa va Markaziy Osiyoga bagʻishlangan mintaqaviy sammitida mehnat bozorida pandemiya taʼsiriga qarshi kurashish tajribasi bilan tanishtirdi
Oʻzbekiston tomonidan qabul qilingan inqirozga qarshi choralar XMTning pandemiyaga qarshi kurashning toʻrtta asosiy tamoyillariga toʻla mos keladi, yaʼni u iqtisodiyot va bandlikni ragʻbatlantirishga, korxonalarni, ish oʻrinlari va daromadlarni qoʻllab-quvvatlashga, ishchilarni ish joylarida himoya qilishga va ijtimoiy muloqotga qaratilgan.

1 iyul kuni Xalqaro Mehnat Tashkilotining Global Sammiti davomida Yevropa va Oʻrta Osiyoda koronavirus pandemiyasining mehnat bozorlariga taʼsiriga qarshi kurashish yoʻllari va kelajakdagi istiqbollarini muhokama qilish maqsadida mintaqaviy sessiyalardan biri boʻlib oʻtadi. Eng yirik onlayn-uchrashuv sessiyasida mehnat vazirlari va Shveysariya, Shvetsiya, Portugaliya, Belgiya, Xorvatiya, Ispaniya, Rossiya, Gruziya kabi davlatlarning mehnat vazirlari, ishchilar va ish beruvchilar tashkilotlari rahbarlari qatnashadilar. Markaziy Osiyo mintaqasidan Oʻzbekiston Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov ishtirok etadi, u ishtirokchilarni mamlakat mehnat bozori uchun pandemiya oqibatlarini bartaraf etishning mahalliy tajribalari bilan tanishtiradi.
XMTning hisob-kitoblariga koʻra, 2020 yilning birinchi choragida Yevropa va Markaziy Osiyo mintaqalarida ish vaqtining 3 foizi (toʻliq ish vaqti sharoitida 12 million ish oʻrniga teng) yoʻqotilgan va ikkinchi chorak oxirida 12,9 foiz ish vaqti (toʻliq ish vaqti sharoitida 50 million ish oʻrniga teng) yoʻqotilishi mumkin. Shu munosabat bilan xalqaro hamjamiyat pandemiyaning odamlar uchun, shuningdek, iqtisodiyot va jamiyat uchun halokatli oqibatlariga qarshi birgalikda kurashmoqda.
XMT koʻmagida vazirlik COVID-19 ning mehnat bozoriga taʼsirini oʻrganish ustida ish olib bormoqda va oʻtkazilgan soʻrov natijalariga koʻra, inqiroz iqtisodiyotning bir qator muhim sohalarida (xizmat koʻrsatish, qurilish va boshq.) ishchilarni, ayniqsa, kichik biznesda band boʻlgan yoshlar va ayollarni ish bilan taʼminlashga juda kuchli salbiy taʼsir koʻrsatdi, deyish mumkin.
Oʻzbekiston tomonidan qabul qilingan inqirozga qarshi choralar XMTning pandemiyaga qarshi kurashning toʻrtta asosiy tamoyillariga toʻla mos keladi, yaʼni u iqtisodiyot va bandlikni ragʻbatlantirishga, korxonalarni, ish oʻrinlari va daromadlarni qoʻllab-quvvatlashga, ishchilarni ish joylarida himoya qilishga va ijtimoiy muloqotga qaratilgan. Prezident tashabbusi bilan 10 trillion soʻm miqdorida Inqirozga qarshi kurashish jamgʻarmasi va “Mehr-shafqat va salomatlik” kam taʼminlangan oilalarni qoʻllab-quvvatlash jamoat fondi tashkil etildi.
Koronavirus pandemiyasi sharoitida ijtimoiy ahvoli va turmush sharoiti ogʻirlashgan oilalarning bandligini taʼminlash orqali ularga daromad manbai yaratishning “Vaqtinchalik tartibi” joriy etildi. Vaqtincha bandlik boʻyicha jamoat ishlari fondi mablagʻlari hisobidan 230 mingga yaqin ishsiz fuqarolar ish bilan taʼminlandi; 33 mingdan ortiq oilalar kam taʼminlangan oilalarning shaxsiy tomorqalarini rivojlantirish va qishloq xoʻjaligi kooperativlarini tashkil etish uchun subsidiyalar berish mexanizmi orqali taʼminlandi; aholi oʻrtasida tadbirkorlikni rivojlantirish uchun berilgan subsidiyalar hisobiga 3 ming ishsiz ish bilan taʼminlandi; 20 ming ishsizga ishsizlik boʻyicha nafaqa berildi. Shunday qilib, 374 ming fuqaro Mehnat vazirligi tomonidan uch oy davomida bandlik va doimiy daromad bilan taʼminlandi.
Ayni vaqtda XMT bilan birgalikda Oʻzbekistonning mehnat bozorida muhim boʻlgan tashabbuslarni amalga oshirish davom etmoqda, xususan: 1) Mehnat kodeksining yangi tahriri ishlab chiqildi; 2) «Aholi bandligi toʻgʻrisida»gi Oʻzbekiston Respublikasi Qonunining yangilangan loyihasi tayyorlanib, tasdiqlash uchun taqdim etildi; 3) Milliy bandlik strategiyasini ishlab chiqish boʻyicha ish olib borilmoqda.
Oʻz nutqida Nozim Xusanov ish joylarida ishchilarni himoya qilish boʻyicha koʻrilayotgan choralar haqida toʻxtalib oʻtdi. Birinchi navbatda, Davlat mehnat inspeksiyasi epidemiologiya xizmati bilan birgalikda korxonalarda sanitariya meʼyorlari va mehnat xavfsizligini taʼminlash tizimini monitoringini yoʻlga qoʻydi. Bugungi kunga qadar mehnat inspektorlarining monitoring guruhlari 5757 korxonada boʻlib, ularning 892 tasida xavfsizlik va mehnat gigiyenasi meʼyorlarining buzilishini aniqladi. Har bir vaziyatni alohida oʻrganish uchun inspektorlarga tavsiya berdi.
Koronavirus pandemiyasi, shuningdek, amaldagi «Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida»gi Qonunni qayta koʻrib chiqish zarurligini koʻrsatdi. Normativ meʼyorlar hozirgi sharoit va xalqaro standartlar talablariga muvofiq ishchilarni himoya qilish va munosib mehnat sharoitlarini tashkil qilishni maksimal darajada taʼminlashi kerak.Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Xusanov “Mehnatni muhofaza qilish toʻgʻrisida”gi qonun loyihasida hamkorlkda ishlashga umid bildirdi.
Pandemiya paytida noqonuniy ishdan boʻshatish masalalari kun tartibida paydo boʻldi, ish haqini, homiladorlik hamda tugʻuruq nafaqasini toʻlashdan bosh tortish hollari koʻpaydi. COVID -2019 pandemiyasi davrida Davlat mehnat inspeksiyasi fuqarolarning mehnat qonunlari buzilishi va ish joyida huquqni cheklashga oid 8,2 mingta shikoyatni koʻrib chiqdi, shundan 3 mingtasi ayollar tomonidan yuborilgan. Tekshiruvlar natijalariga koʻra, 3,6 ming fuqaroning, shu jumladan 1,2 ming ayolning mehnat huquqlari tiklandi.
Koʻpgina korxona va tashkilotlar karantin-cheklov choralari sharoitida oʻz faoliyatlarini masofaviy ishlash rejimiga moslashtirdilar. Bunday ish rejimiga oʻtish va barcha meʼyorlarga rioya qilishni taʼminlash maqsadida Mehnat vazirligi «Xodimlarni masofaviy ish usuliga oʻtkazishning vaqtinchalik tartibi toʻgʻrisidagi nizom»ni ishlab chiqdi va joriy etdi.
Oʻzbekistonda qonun ustuvorligini, gender tengligini, iqtisodiy faoliyatning barcha sohalarida mehnatkashlarning huquq va erkinliklarini himoya qilishni taʼminlash maqsadida xalqaro mehnat standartlarini mamlakatimiz qonunchiligiga tatbiq etish boʻyicha ishlar davom ettirilmoqda.
2019 yilda Oʻzbekiston XMTning 29-sonli Mehnat Konvensiyasiga Protokolni ratifikatsiya qilgan Markaziy Osiyodagi yagona mamlakat boʻldi. XMTning «Uch tomonlama maslahatlashuvlar toʻgʻrisida», 129-sonli «Qishloq xoʻjaligidagi mehnat nazorati toʻgʻrisida» va 81-sonli «Sanoat va savdo sohasidagi mehnat nazorati toʻgʻrisida»gi uchta konvensiyasi ratifikatsiya qilindi, bu esa ushbu sohalarda bandlik va ishchi kuchi monitoringini kuchaytirishga imkon berdi. Ayni paytda XMTning yana uchta konvensiyasini ratifikatsiya qilishga tayyorgarlik koʻrilmoqda: 17-sonli «Ishlab chiqarishdagi baxtsiz hodisalarda ishchilarga kompensatsiya toʻlash toʻgʻrisida», 183-sonli «Onalikni muhofaza qilish toʻgʻrisidagi 1952 yildagi konvensiyani qayta koʻrib chiqish toʻgʻrisida», 187-sonli «Mehnat xavfsizligi va gigiyenasini taʼminlash asoslari toʻgʻrisida».
COVID-19 ning dunyo miqyosida keng tarqalishi millionlab ishchilar va korxonalarni xavf ostiga qoʻyib, mehnat bozorlarining zaifligini koʻrsatdi. Ushbu yigʻilishdagi munozaralardan soʻng XMTning kelgusi faoliyati boʻyicha mintaqaviy takliflarni ishlab chiqish, jumladan keyingi strategik reja va tadbirlar dasturini tayyorlash rejalashtirildi.
Umuman olganda, XMT Global Sammitining besh kuni ichida, 2020 yil 1–2 iyul va 7–9 iyul kunlari mintaqaviy va global tadbirlar boʻlib oʻtadi, ushbu tadbirlar davomida pandemiyaning iqtisodiy va ijtimoiy oqibatlari bilan qanday kurashish mumkinligi, shuningdek, pandemiyadan soʻng mehnat bozorini tiklash yoʻllari muhokama qilinadi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

