Oʻzbekiston uchun fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam Konvensiyasi kuchga kirdi
Konvensiya fuqarolar va boshqa shaxslarga ularning shaxsiy, mulkiy va nomulkiy huquqlarining ishonchli huquqiy himoyasini taʼminlashga yordam beradi.

2020 yil 12 iyulda Oʻzbekiston Respublikasi uchun fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi Konvensiya (Kishinyov shahri, 2002 yil 7-oktyabr) kuchga kirdi. Bu haqda Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.
Hozirgi kunda Armaniston, Belorus, Ozarbayjon, Qirgʻiziston, Qozogʻiston va Tojikiston Kishinyov konvensiyasining ishtirokchilari hisoblanadi.
Hujjat Tomonlar hududida istiqomat qiluvchi fuqarolar va boshqa shaxslarga ularning shaxsiy, mulkiy va nomulkiy huquqlarining ishonchli huquqiy himoyasini taʼminlashga, shuningdek tomonlarning vakolatli organlari oʻrtasida fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha yuridik yordam sohasida hamkorlik qilishga qaratilgan.
Mamlakatimizning Kishinyov konvensiyasiga qoʻshilishi huquqiy yordam koʻrsatishda Tomonlarning markaziy, hududiy va boshqa organlari bilan hamkorlik qilishga imkon beradi. Bundan tashqari, Konvensiya ishtirokchi-davlatlar hududida istiqomat qiluvchi fuqarolar va boshqa shaxslarni sud va notarial toʻlovlar va xarajatlarni toʻlashdan ozod qiladi hamda boshqa Tomonlar hududlarida oʻz fuqarolari bilan bir xil shartlarda bepul huquqiy yordamdan foydalanishni koʻzda tutadi.
Oʻzbekiston Respublikasi uchun ushbu Konvensiya kuchga kirishi munosabati bilan mamlakatimiz va Kishinyov konvensiyasining ishtirokchilari boʻlgan davlatlar oʻrtasida 1993 yil 22 yanvardagi Fuqarolik, oilaviy va jinoiy ishlar boʻyicha huquqiy yordam va huquqiy munosabatlar toʻgʻrisidagi konvensiya (Minsk konvensiyasi) va unga 1997 yil 28 martdagi Bayonnoma oʻz kuchini yoʻqotadi.
Konvensiyaning toʻliq matni bilan www.lex.uz saytida tanishish mumkin.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

