Yangi bogʻ va tokzorlarni barpo etishga 1 trillion soʻm yoʻnaltiriladi
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 noyabr kuni meva-sabzavotchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish va eksportini oshirish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni taʼminlash masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 5 noyabr kuni meva-sabzavotchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish va eksportini oshirish, aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni taʼminlash masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishi oʻtkazdi.
Qishloq aholisi bandligini taʼminlash maqsadida yangi tashkil qilinayotgan kooperatsiyalar negizida 1 gektardan 5 gektargacha ijara asosida yer ajratib beriladi. Yangi bogʻ va tokzorlarni barpo etishga “Har bir oila – tadbirkor” dasturi doirasida 1 trillion soʻm yoʻnaltiriladi.
Kam taʼminlangan oilalar bandligini taʼminlash maqsadida Fargʻona vodiysining 22 ta tumanida 31 ta namunaviy kooperatsiya tashkil qilinadi. Har bir kooperatsiyaga kamida 50 nafardan ishsiz fuqaro aʼzolikka qabul qilinib, ularga foydalanilmayotgan yerlar, subsidiyalar hamda imtiyozli kreditlar ajratiladi.
Xalqaro hamda mahalliy moliya tashkilotlaridan mablagʻlar jalb etish orqali gilos, oʻrik, anor, shaftoli, olxoʻri, yongʻoq kabi mevalarga ixtisoslashgan yangi zamonaviy bogʻ tashkil qilish hisobiga hosildorlikni keskin oshirish zarurligi taʼkidlab oʻtildi. Shu bilan birga, eksportbop uzumzorlarni tashkil etish yuzasidan “manzilli dastur” tasdiqlash vazifasi yuklatildi.
Oziq-ovqat va spirtli ichimliklar sanoatida zamonaviy boshqaruv tizimini joriy etish, ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish, marketing va innovatsiyani keng qoʻllagan holda eksportbop mahsulotlar assortimentini koʻpaytirish va sifatini yaxshilash, yangi bozorlarni topishga qaratilgan yangicha tizim tashkil etish zarurligi taʼkidlandi.
Prezidentimiz bogʻdorchilik rivoji uchun avvalo koʻchat zarurligi, shuning uchun har yili 20 million dona koʻchat yetishtirishni yoʻlga qoʻyish va eksport qilish imkoniyati borligi koʻrsatib oʻtdi. Qishloq xoʻjaligi vazirligi, Bogʻdorchilik va issiqxona xoʻjaligini rivojlantirish agentligiga manfaatdor tashkilotlar bilan birga kelgusi yili oʻrik, gilos, shaftoli, xoʻraki va sanoatbop uzum, anor, yongʻoq, bodom koʻchatlari yetishtirish plantansiyalari tashkil etish vazifasi qoʻyildi. Shuningdek, Jahon banki mablagʻlari hisobidan Mahmud Mirzayev nomidagi Bogʻdorchilik, uzumchilik va vinochilik ilmiy-tadqiqot institutining hududiy uchastkalarida “in-vitro” laboratoriyalari tashkil etish boʻyicha ham koʻrsatma berildi.
Intensiv koʻchatlar va payvandtaglarni sotib olish xarajatlarining bir qismini fermerlarga subsidiya sifatida qoplab berish, 2020 yil 1 apreldan boshlab “sogʻlomlik” sertifikatiga ega boʻlmagan koʻchatlarni yurtimizga olib kelib, ekishni toʻxtatish zarurligi qayd etildi.
Mamlakatimiz aholisining oziq-ovqatga boʻlgan talabini qoplash va eksport hajmini oshirish uchun meva-sabzavot yetishtirishni yiliga 8-10 foizga koʻpaytirish va qoʻshimcha 1 million tonnadan ortiq mahsulot yetishtirish zarur. Shu bois Qishloq xoʻjaligi vazirligi, viloyat va tumanlar hokimlariga 2020 yilda qayta foydalanishga kiritiladigan 77 ming gektar maydonga oziq-ovqat ekinlari, ertagi mahsulot yetishtirish uchun 200 ming gektarda toʻqsonbosti usulida sabzavotlar ekilishini taʼminlash boʻyicha topshiriqlar berildi.
Oʻsimliklarga kimyoviy ishlov berish va zararkunandalarga qarshi kurashish ham muhim masalalardan. Prezident Shavkat Mirziyoyev buning uchun ixtisoslashgan tumanlarda mineral oʻgʻitlar doʻkonlarini tashkil etish, fermerlar va aholi tomorqalariga shu borada xizmat koʻrsatish tizimini yaratish zarurligini taʼkidladi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

