Koronavirus jilovlangan davlatlar bilan turizm aloqalari bosqichma-bosqich tiklanadi
“Uzbekistan. Safe travel guaranteed” (“Oʻzbekiston. Xavfsiz sayohat kafolatlangan”) brendi ostida turistlar uchun sanitariya-epidemiologik xavfsizlik tizimi ishlab chiqildi. “Yashil” hududlar oʻrtasida ichki turizmga ruxsat berildi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 27 may kuni turizm va davlat aktivlarini xususiylashtirish sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Koronavirus pandemiyasi turizm sohasiga salbiy taʼsir koʻrsatdi. Jahon turizm tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, 2020 yil yakunlari boʻyicha xalqaro sayohatlar 89 foizga, ish oʻrinlari 74 milliontaga qisqarishi, sohadagi jami yoʻqotishlar 800 milliard dollarni tashkil etishi kutilmoqda.
Maʼlumki, joriy yil 16 martdan mamlakatimiz tashqi va ichki turistlar uchun yopilgan edi. Oqibatda 1,5 mingdan ortiq turoperator, 1,2 mingta mehmonxona oʻz faoliyatini toʻxtatdi.
Bu gidlar, milliy hunarmandchilik, ziyoratgoh va sihatgohlar, umumiy ovqatlanish, transport va boshqalar bilan qoʻshib hisoblaganda 250 mingdan ortiq aholi daromadiga jiddiy taʼsir qildi.
Pandemiyaning oqibatlarini yumshatish maqsadida bu sohaga ham qator yengilliklar berildi. Jumladan, 1 ming 750 ta subʼyektga mol-mulk, yer va ijtimoiy soliqlardan 60 milliard soʻmga yaqin imtiyoz taqdim etildi. Lekin bu imtiyoz va preferensiyalar vaqtinchalik. Doimiy barqaror rivojlanish uchun esa pandemiya sharoitida ishlashga oʻrganish zarur.
Shu bois bu boradagi xorijiy tajriba oʻrganildi. Xususan, “Uzbekistan. Safe travel guaranteed” (“Oʻzbekiston. Xavfsiz sayohat kafolatlangan”) brendi ostida turistlar uchun sanitariya-epidemiologik xavfsizlik tizimi ishlab chiqildi.
Davlatimiz rahbariga ushbu loyiha taqdimot qilindi. Shuningdek, mamlakatimizda ichki turizmni tiklash va rivojlantirish borasidagi rejalar bilan tanishildi.
Prezidentimiz birinchi bosqichda “yashil” hududlar oʻrtasida ichki turizmga ruxsat berish zarurligini taʼkidladi. Togʻli joylar va koʻl boʻylarida yengil konstruksiyali dam olish maskanlarini tashkil etish boʻyicha koʻrsatma berildi. Hokimlar bilan birgalikda koʻchma dam olish maskanlari dislokatsiyasi tasdiqlanib, elektron portalga joylashtiriladi.
Ikkinchi bosqichda koronavirus kasalligi jilovlangan davlatlar roʻyxatini shakllantirib, ular bilan turizm aloqalarini bosqichma-bosqich tiklash kerakligi taʼkidlandi.
– Turizm faoliyatini qayta tiklash uchun, eng avvalo, mehmonxonalar qanday ishlaydi, turistlar aeroportda qanday qabul qilinadi, ularning mamlakat ichida harakatlanishi qanday tashkil etiladi, degan savollarga aniq javob boʻlishi kerak. Belgilanadigan meʼyorlar sodda, lekin kasallikning oldini olish uchun yetarli boʻlishi lozim. Misol uchun, bitta holat aniqlansa, butun mehmonxonani karantinga olishga zarurat boʻlmaydigan tizim ishlab chiqish zarur, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Turizm yoʻnalishida tadbirkorlar koʻrgan zararni yaqin 1-2 yil ichida toʻliq qoplash qiyin. Shu bois Prezidentimiz bu sohaga qoʻshimcha imtiyoz va preferensiyalar berish lozimligini taʼkidladi.
Xususan, turistik yigʻimlardan ozod qilish boʻyicha avval berilgan imtiyoz yil yakuniga qadar uzaytiriladi. Shuningdek, soha korxonalari foyda soligʻini hisoblashda 2020-2021 yildagi koʻrgan zararlarini keyingi yillar foydasidan chegirib tashlashga ruxsat beriladi.
Mehmonxonalarga koʻrsatgan xizmatining 10 foizi miqdorida subsidiya ajratiladi. Bundan tashqari, ularga aylanma mablagʻ uchun kredit foiz toʻlovlarining 10 foizigacha boʻlgan qismiga subsidiya beriladi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

