Jamshid Qoʻchqorovga Qashqadaryo viloyatida kambagʻallikni qisqartirish masalalari ijrosini nazoratga olish topshirildi
Qashqadaryo viloyatida turar joyga talab yuqori boʻlgan hududlarda muhtoj aholi uchun 5 qavatli energiya tejamkor uylar quriladi. Bu haqda 26 noyabr kuni Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida boʻlib oʻtgan yigʻilishda aytib oʻtildi.

Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 26 noyabr kuni Qashqadaryo viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish va aholi hayotini yaxshilash masalalari boʻyicha videoselektor yigʻilishi oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbari 12-13 noyabr kunlari viloyatda boʻlib, shu boradagi vazifalarni belgilab bergan edi. Har bir tuman va shaharni jadal rivojlantirishga turtki berish maqsadida markaziy idoralar, jumladan, vazirlik va tijorat banklari rahbarlari biriktirilib, zarur resurslar ajratildi. 2021 yil Qashqadaryoda “Tadbirkorlikni rivojlantirish yili” deb eʼlon qilindi. 10 mingta yangi tadbirkorlik subʼyekti tashkil etish maqsadi belgilandi.
Bugungi yigʻilishda har bir tuman va shaharning “oʻsish nuqtalari”ga asoslanib, sanoat, qishloq xoʻjaligi va xizmat koʻrsatish boʻyicha loyihalarni mijozbay ishlab chiqish zarurligi taʼkidlandi.
Masalan, Yakkabogʻ, Qamashi, Chiroqchi, Shahrisabz hamda Kitob tumanlarida 20 ming gektarda intensiv bogʻ va uzumzorlar yaratish orqali viloyatda meva-sabzavotni qayta ishlash darajasini 25 foizga yetkazish mumkin.
Shahrisabz shahri, Nishon, Dehqonobod, Yakkabogʻ, Mirishkor, Gʻuzor, Shahrisabz, Muborak tumanlarida tashkil etiladigan 11 ta kichik sanoat zonasida loyihalarni joylashtirish va infratuzilmaga ulash kerakligi qayd etildi.
2021 yilda tijorat banklari kreditlari asosida xizmat koʻrsatish sohasida 650 milliard soʻmlik 500 ta yangi loyiha amalga oshirilishi rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari kelgusi ikki yilga moʻljallangan 1 ming 153 ta investitsiya loyihasining iqtisodiy-ijtimoiy ahamiyatini taʼkidlab oʻtdi. Bunda qariyb 1 milliard dollar xorijiy investitsiyalarni oʻzlashtirib, 19 mingta yangi ish oʻrni yaratish koʻzda tutilgan.
Mutasaddilarga sanoat past darajada rivojlangan tumanlar uchun qoʻshimcha loyihalar ishlab chiqish, mavjud zaxiralarni samarali ishga solish vazifasi qoʻyildi.
“Temir daftar”ga kiritilgan oilalarni kambagʻallikdan chiqarish choralari muhokama qilindi. Kichik biznesni rivojlantirish, yoshlar va ayollarda tadbirkorlik koʻnikmalarini shakllantirish muhimligi taʼkidlandi.
Prezidentning viloyatga safari chogʻida qishloq xoʻjaligida foydalanishdan chiqib ketgan 81 ming gektar yerni oʻzlashtirish, 63 ming gektarda suv tejovchi texnologiyalarni joriy qilish belgilangan edi.
Qarshi, Qamashi va Koson tumanlarida 1200 gektar maydonda zamonaviy issiqxonalar, Dehqonobod tumani hamda viloyatning togʻoldi hududlarida pista va dorivor oʻsimliklar plantatsiyalari tashkil qilish zarurligi aytilgandi.
Bugungi yigʻilishda shu boradagi tashkiliy va moliyaviy ishlarni jadallashtirish boʻyicha koʻrsatmalar berildi.
Muhandislik-kommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish, ichimlik suvi tarmoqlarini qurish va rekonstruksiya qilish, avtomobil yoʻllarini taʼmirlashga oid masalalar koʻrib chiqildi. Turar joyga talab yuqori boʻlgan hududlarda muhtoj aholi uchun 5 qavatli energiya tejamkor uylar qurish muhimligi aytib oʻtildi.
Ijtimoiy masalalarga alohida eʼtibor qaratildi. Maktablarni rekonstruksiya qilish va taʼmirlash uchun 2021 yilgi Investitsiya dasturi doirasida qoʻshimcha 100 milliard soʻm ajratilishi qayd etildi. Ushbu mablagʻlar hisobiga 88 ta maktabda qoʻshimcha imorat quriladi, 100 tadan koʻprogʻi esa toʻliq jihozlanadi, paxsa devorli filiallar oʻrniga yangi binolar barpo etiladi.
Yigʻilishda Qarshi shahridagi 42-maktab, shuningdek, tuman markazlaridagi bittadan shunday muassasa negizida axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan maktablar tashkil etish yuzasidan koʻrsatma berildi.
Taʼlim va sogʻliqni saqlash tizimida boshlangan islohotlarni samarali tashkil etish, ayniqsa, yoshlarni qoʻllab-quvvatlash va bandligini taʼminlash dolzarb masala ekani taʼkidlandi.
Bosh vazir oʻrinbosari Jamshid Qoʻchqorovga vazirlik va idoralar, tijorat banklari rahbarlari bilan birga Qashqadaryo viloyatini kompleks rivojlantirish, tadbirkorlarga koʻmaklashish, kambagʻallikni qisqartirish masalalari ijrosini nazoratga olish topshirildi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligiga har bir investitsiya loyihasining holatini joyiga chiqib, tanqidiy tahlil qilish, muammolarni samarali hal etish vazifasi qoʻyildi.
Sektor rahbarlari topshiriqlar ijrosi natijadorligi yuzasidan Xalq deputatlari mahalliy kengashlarida har oyda hisobot berib borishi belgilandi.
Yigʻilishda Qashqadaryo viloyati va tumanlar hokimlari, soha va tarmoqlar mutasaddilari loyihalarni bajarishga qaratilgan rejalari yuzasidan axborot berdi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

