Oʻzbekiston Ekologik partiyasi politelin paketlar oʻrniga biologik parchalanadigan paketlardan foydalanish taklif bilan chiqdi
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi "ECO PACK" MChJ mutaxassislarini jalb qilgan holda atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatmaydigan biologik parchalanadigan muqobil paketlarning namunalarini ishlab chiqdi.

Oʻzbekiston Ekologik partiyasi hukumatga amaldagi politelin paketlar oʻrniga biologik parchalanadigan paketlardan foydalanish boʻyicha taklif bilan chiqdi.
Bu haqida kecha boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston Ekologik partiyasining II sʼyedida taʼkidlandi.
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi qattiq maishiy chiqindilarni qayta ishlash bilan bogʻliq vaziyatni oʻrganib chiqdi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 18.05.2018 yildagi 3730-sonli “Maishiy chiqindilarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi Qaroriga muvofiq Oʻzbekiston Respublikasi xududida qalinligi 40 mikrondan kam polimer plyonkali paketlar (eksport uchun ishlab chiqarilgan, tutqichsiz ishlab chiqarilgan va ichki foydalanish uchun rulonlarda sotiladigan tovarlarning ajralmas qismi boʻlgan polimer plyonkali paketlar, shuningdek, biologik parchalanadigan polimer materiallar bundan mustasno)ni ishlab chiqarish taqiqlangan. Biroq, bugungi kunda bunday paketlarni ishlab chiqarish va undan foydalanish hamon davom etmoqda. Ushbu plastik paketlarning parchalanishi uchun 200 yildan koʻproq vaqt talab etiladi. Boz ustiga chiqindi poligonlarida toʻplanib qolgan paketlar atrof-muhitga zarar yetkazmoqda.
Oʻzbekiston Ekologik partiyasi "ECO PACK" MChJ mutaxassislarini jalb qilgan holda atrof-muhitga salbiy taʼsir koʻrsatmaydigan biologik parchalanadigan muqobil paketlarning namunalarini ishlab chiqdi.
Ushbu paketlarning namunalari tekshirish uchun laboratoriyaga (Buyuk Britaniya, Wells Plastics Limited,) yuborildi. Laboratoriya natijalari mazkur paketlar 360 soat davomida parchalanib ketishini koʻrsatdi. Bu borada Wells Plastics Limited laboratoriyasining 03.03.2013 yildagi 1067-sonli sertifikati taqdim etildi. Bu oddiy sharoitda paketning biologik parchalanish davri taxminan 8 oyga tengligini anglatadi. Bundan tashqari, parchalanish jarayoni havo, quyosh nuri va tabiiy muhit taʼsirida boshlanadi. Parchalanishning yakuniy natijasi — bu oʻsimlik uchun oʻgʻitga aylanadigan biomassadir.
Yuqoridagilardan kelib chiqqan holda, Oʻzbekiston Ekologik partiyasi anʼanaviy plastik paketlarni sifat jihatidan kam boʻlmagan, har qanday oʻlcham va qalinlikda tayyorlanishi mumkin boʻlgan, biologik parchalanadigan paketlarga almashtirish imkoniyatini koʻrib chiqishni taklif qilmoqda. Taklif qilinadigan biologik parchalanadigan paketlarning narxi (ommaviy ishlab chiqarish sharoitida) 230-240 soʻmdan oshmaydi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

