| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 12 017,70 +15,60 ↑EUR/UZS 13 179,81 +13,51 ↑RUB/UZS 146,39 +0,37 ↑
Iqtisodiyot va biznes3 daqiqada oʻqiladi1 686 marta oʻqildi

Deputatlar yangi tahrirdagi Coliq kodeksini qabul qildilar

9 dekabr kuni Qonunchilik palatasining majlisida ikkinchi oʻqishda «Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi taqdim etildi.

Deputatlar yangi tahrirdagi Coliq kodeksini qabul qildilar

9 dekabr kuni Qonunchilik palatasining majlisida ikkinchi oʻqishda «Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi taqdim etildi.

Prezidentning 29.06.2018 yildagi “Oʻzbekiston Respublikasining soliq siyosatini takomillashtirish konsepsiyasi toʻgʻrisida”gi PF-5468-son Farmonida soliq yukini izchillik bilan kamaytirish, soliq solish tizimini soddalashtirish va soliq maʼmuriyatchiligini takomillashtirish hamda bir qator tizimli muammolarni yechish masalalariga alohida eʼtibor qaratilgan.

Davlatimiz rahbari 2018 yil 28 dekabrda Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida yangi tahrirdagi Soliq kodeksi mamlakat taraqqiyotining tayanchi boʻlgan insofli soliq toʻlovchilarni ragʻbatlantirishi va yashirin faoliyat yuritayotganlarni qatʼiy jazolashi lozimligini aytib oʻtgan edi. Bunda fuqarolarimiz soliqdan qochish emas, balki uni vaqtida toʻlashdan manfaatdor boʻlishi lozim.

Yangi soliq tizimini yaratishda tenglik, soddalik, aniqlik va samaradorlik kabi asosiy prinsiplarga asoslanildi. Vazirlar Mahkamasi tomonidan Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga kiritilgan yangi tahrirdagi Soliq kodeksi toʻgʻrisidagi qonun loyihasi joriy yilning 26 noyabridagi majlisda deputatlar tomonidan birinchi oʻqishda konseptual jihatdan qabul qilingan. Oʻtgan davr mobaynida loyiha parlament quyi palatasidagi barcha siyosiy partiyalar fraksiyalari, qoʻmitalar hamda bir necha marotaba ishchi guruhlar yigʻilishlarida keng muhokama qilinib, maromiga yetkazildi.

Yangi tahrirdagi Soliq kodeksi havolaki normalar, qonunosti hujjatlarini maksimal darajada kamaytirgan holda, toʻgʻridan-toʻgʻri amal qiladigan hujjat maqomiga ega boʻlmoqda. Barcha soliqlar boʻyicha stavkalar (aksiz soligʻi, yer soligʻi va suv resurslaridan foydalanganlik uchun soliqdan tashqari) belgilanishi koʻzda tutilmoqda.

Soliq qonunchiligi normalari qoʻllanilishini soddalashtirish, undagi ziddiyatlar va tushunmovchiliklarning oldini olish, insofli soliq toʻlovchilar manfaatlarini himoya qilish, soliq nazoratining shakl va mexanizmlari, soliq obʼyektlari, soliq toʻlovchilarning hisobini yuritishni taʼminlaydigan AKTni keng joriy etish bilan bogʻliq bir qator normalar nazarda tutilmoqda.

Tahlika-tahlil dasturi joriy qilinmoqda. Unga muvofiq barcha xoʻjalik subʼyektlari muayyan mezonlar asosida, xavflilik darajasiga qarab, inson omilisiz, avtomatlashtirilgan holda 3 ta segmentga (yashil, sariq, qizil yoʻlakchalar) ajraladi. Xavflilik darajasi past boʻlgan (yashil yoʻlakcha) korxonalarga nisbatan soliq tekshiruvlari amalga oshirilmaydi va ushbu korxonalarga yuqori darajadagi soliq xizmatlari koʻrsatiladi. Xavflilik darajasi oʻrtacha boʻlgan (sariq yoʻlakcha) korxonalarga nisbatan faqat kameral soliq tekshiruvi amalga oshiriladi va ushbu korxonalarga xato-kamchiliklarini bartaraf etish boʻyicha hisobotini tuzatish imkoni beriladi. Soliqlarni toʻlashdan boʻyin tovlash, buxgalteriya hujjatlarini va hisobvaraq-fakturalarini soxtalashtirish holatlari aniqlangan xavflilik darajasi yuqori boʻlgan (qizil yoʻlakcha) korxonalarga nisbatan esa, soliq auditi tekshiruvi tadbirlari amalga oshiriladi. Natijada, bunday korxonalar doimiy nazoratda boʻladi.

Loyihada soliq toʻlovchilar hamda soliq organlarining huquq va majburiyatlari aniqlashtirildi. Soliq tekshiruvi turlari 13 dan 3 turgacha qisqarmoqda.

Ortiqcha toʻlangan soliq summasini oʻz vaqtida qaytarish va ortiqcha undirilgan soliq summalarini hisobga olish mexanizmlari joriy etilmoqda. Yaʼni soliq summalarini qaytarish muddati kechiktirilgan har bir kun uchun soliq organlari tomonidan soliq toʻlovchiga penya toʻlanadi. Xorijiy sayyohlar uchun QQSni “Tax free” tamoyili asosida qaytarish joriy etilmoqda. Mulkni (xizmatlarni) begʻaraz ravishda topshirishda toʻlanadigan QQS bekor qilinmoqda. Davlat ulushi 50% va undan ortiq boʻlgan davlat korxonalari uchun yagona ijtimoiy toʻlov stavkasi 25%dan 12%ga tushirilmoqda.

Soliq organlari tomonidan soliq toʻlovchining bankdagi hisobvaraqlari boʻyicha operatsiyalarni 30 kundan oshmagan muddatga toʻxtatib turish nazarda tutilmoqda. Barcha bitimlar va soliq toʻlovchi kirishadigan boshqa iqtisodiy munosabatlar, ularning yuridik jihatdan rasmiylashtirilishi usulidan qatʼi nazar, oʻzining haqiqiy iqtisodiy mazmunidan kelib chiqqan holda hisobga olinishi boʻyicha yangi meʼyor kiritildi.

Soliq huquqbuzarliklariga yoʻl qoʻyayotgan tadbirkorlik subʼyektlariga nisbatan moliyaviy sanksiyalar qoʻllash tartibi qayta koʻrib chiqilmoqda. SK loyihasida soliq nizolarini sudgacha hal qilish tartibi aniqlashtirilmoqda. Yaʼni, soliq nizolarini sudgacha muhokama qilishni majburiy oʻtkazish tartibini joriy etish nazarda tutilmoqda.

Loyihani ikkinchi oʻqishga tayyorlash jarayonida 500 dan ortiq taklif va mulohazalar bildirildi. Ular qonun tashabbuskorlari bilan ishchi guruhlarida koʻrib chiqilib, yangi tahrirdagi Soliq kodeksi loyihasiga 70 dan ortiq tahririy va konseptual tuzatishlar kiritildi.

Muhokamalar chogʻida deputatlar tomonidan bir qator muhim fikr-mulohaza hamda takliflar bildirildi. Munozaralardan soʻng loyiha ovozga qoʻyildi. «Oʻzbekiston Respublikasining Soliq kodeksiga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi Qonun qabul qilindi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ