Deputat Maqsuda Vorisova: Kichik tadbirkorlarni qish oldidan gaz tarmogʻidan uzishga majbur boʻlayapmiz
Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisida deputat Maqsuda Vorisova hisobotda 9 oyda tabiiy gaz qazib olish, gaz kandensati ishlab chiqarish kamayganini aholiga qanday tushuntiramiz degan savolni ilgari surdi.

18 noyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining navbatdagi majlisi boʻlib oʻtdi. Unda moliya vaziri Timur Ishmetov davlat byudjeti va davlat maqsadli jamgʻarmalarining joriy yilning 9 oyi davomidagi ijrosi toʻgʻrisida axborot berdi.
Hisobotdan soʻng, savol-javob qismiga oʻtildi. Unda Qonunchilik palatasi deputati Maqsuda Vorisova hisobotda 9 oyda tabiiy gaz qazib olish 19,6 foizga, gaz kandensati ishlab chiqarish 34,7 foizga kamaygani aytilganini qayd etdi.
«Bunga savol berganimizda, dunyo bozorida gazga talab kamaygani deb izohlandi. Ichki bozorda aholining talabi kundan-kunga oshib borayotgan boʻlsa, bu holatni ularga qanday qilib tushuntiramiz? Shu oʻrinda, kichik tadbirkorlardan ham byudjetga tushum tushadi. Ularni esa qish oldidan gaz tarmogʻidan uzishga majbur boʻlayapmiz. Yana bir savol, hisobotda elektr energiyasini texnologik sarfi va uzatishdagi yoʻqotishlari 9 mlrd kVt soat, bu jami ishlab chiqarilgan energiyaning 18,8 foizini tashkil qilar ekan. Bu holatni qanday izohlaymiz? Biz saylovchilarga nima deb javob beramiz», — dedi deputat.
Ushbu savolga energetika vaziri oʻrinbosari Sherzod Xodjayev javob berdi.
«Oʻzbekistonda tabiiy gaz faqat „Oʻzbekneftegaz“ tomonidan emas, balki, qoʻshma korxonalar tomonidan ham amalga oshiriladi. Maʼlum bir davr ichida qoʻshma korxonalar eksportni toʻxtatganligi tufayli qazib chiqarishni kamaytirishgan. Ichki bozorga tabiiy gazni yetkazib berishga masʼul boʻlgan „Oʻzbekneftegaz“ qazib chiqarish suratlarini yaxshilash boʻyicha ishlar amalga oshirilyapti. Haqiqatdan ham biz koʻzlangan talab koʻrsatkichlariga erishdik deb ayta olmayman. Lekin, bu yil oʻtgan yildan farqli oʻlaroq, qazib chiqarish suratlarini pasayish tendensiyalari toʻxtatildi. Va bu keyingi yil oʻz samarasini beradi», — dedi vazir oʻrinbosari.
Sherzod Xodjayev elektr energiyasini ishlab chiqarishda ishlab chiqarilgan energiyaning 18,8 foizi texnologik sarf va uzatishdagi yoʻqotishlar boʻlganini sohaning ichki isteʼmoli deb baholadi.
«Men bu koʻrsatkichni boshqacharoq baholagan boʻlar edim. Bu sohaning ichki isteʼmoli. Chunki, bunda nafaqat tarmoqlardagi yoʻqotishlar, balki, elektr energiyani ishlab chiqarishda bir qismi stansiyalarning oʻzida sarflanishi bilan izohlanadi. Hech bir davlatda bu koʻrsatkich 10−11 foizdan pastga tushmagan, 2025 yilga qadar 18,8 foizdan 15 foizgacha kamaytirish, 2030 yilgacha 12,5 foizgacha tushirish boʻyicha chora-tadbirlar belgilangan», — deya taʼkidladi vazirlik vakili.
Uning taʼkidlashicha, bu yil suv tanqisligi natijasida gidroelektr stansiyalarida koʻzlangan miqdorda elektr energiyasi ishlab chiqarish imkoniyati boʻlmagan. Yillik prognoz koʻrsatkichlari 76 foizga bajarilishi kutilmoqda. Buning oʻrnini qoplash uchun elektr energiyasini IESlarda ishlab chiqarishga toʻgʻri kelingan. Bu esa, oʻz navbatida sohaning ichki isteʼmoliga salbiy taʼsir koʻrsatdi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

