| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 12 017,70 +15,60 ↑EUR/UZS 13 179,81 +13,51 ↑RUB/UZS 146,39 +0,37 ↑
Iqtisodiyot va biznes5 daqiqada oʻqiladi704 marta oʻqildi

Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 16 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirildi

Markaziy bank boshqaruvining 2020 yil 16 yanvardagi qarori bilan Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 16 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirildi.

Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 16 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirildi

Markaziy bank boshqaruvining 2020 yil 16 yanvardagi qarori bilan Markaziy bankning asosiy stavkasi yillik 16 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirildi.

Mazkur qaror inflyasiyaning pasayayotgan prognoz trendiga toʻliqroq ishonch hosil qilish uchun maʼlum muddat zarurligi hamda tartibga solinadigan narxlarning oshirilishi boʻyicha ayrim noaniqliklarning mavjudligi bilan izohlanadi.

Shu bilan birga, keyingi Boshqaruv yigʻilishlarida asosiy stavkani biroz pasaytirish tomonga qayta koʻrib chiqish ehtimoli mavjud.

Inflyasiya dinamikasi va prognozi. 2019 yil yakunlari boʻyicha inflyasiya prognoz koridorining (13,5-15,5%) yuqori chegarasiga yaqin darajada shakllandi va 15,2 foizni tashkil etdi.

Inflyasiya surʼati asosan yilning ikkinchi yarmida tartibga solinadigan narxlarning erkinlashtirilishi (21,6 foizga oʻsishi), shuningdek, 2019 yil avgust oyidagi milliy valyuta devalvatsiyasi natijasida tezlashdi.

2019 yil davomida narxlarni yuqori oʻsishi un va non mahsulotlari (24,8 foiz), goʻsht mahsulotlari (23,4 foiz), meva va sabzavotlar
(14,5 foiz) hamda yoʻlovchi transporti (13 foiz) sohalarida kuzatildi.

2019 yilning oktyabr-dekabr oylarida choraklik inflyasiya darajasi 2018 yilning mos davri bilan taqqoslaganda 5,7 foizdan
5 foizgacha sekinlashdi.

Markaziy bank 2020 yil uchun inflyasiyaning bazaviy prognozini belgilangan 12-13,5 foiz darajasida saqlab qolmoqda. Joriy yil yakuniga qadar inflyasiya darajasi pasayishi quyidagi prognoz baholariga asoslangan:

2019 yilda yuzaga kelgan baʼzi inflyasion omillar taʼsirining tugab borayotganligi hamda oziq-ovqat va nooziq-ovqat tovarlarining aksariyati boʻyicha narxlar Markaziy Osiyo mintaqasidagi, shuningdek, asosiy savdo hamkor davlatlardagi narxlar darajasiga moslashib boʻlganligi;

qishloq xoʻjaligi mahsulotlari, toʻqimachilik va qurilish sanoatida mahsulot ishlab chiqarish hajmi oʻsishi prognoz qilinmoqda va bu ichki isteʼmol bozorida taklif hajmining ortishiga xizmat qiladi. Bunda raqobat muhitini bosqichma-bosqich yaxshilab borish muhim omil hisoblanadi;

pul-kredit va makroprudensial siyosatning zarur dastaklaridan foydalanish hamda davlat xarajatlari va umumiy byudjet taqchilligini optimallashtirish orqali kreditlarning maqbul darajada oʻsishi taʼminlanadi va shu orqali inflyasiya va ayirboshlash kursiga boʻlgan bosimni pasaytiradi.

2018-2019 yillarda oʻrtacha ish haqi darajasining sezilarli darajada toʻgʻrilanganligi hisobiga 2020 yilda aholi nominal daromadlarining moʻʼtadil darajada oʻsishining kutilishi talab omillari taʼsirini kamaytirishga yordam beradi.

Tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar. Dastlabki hisob-kitoblarga koʻra, 2019 yilda YaIMning oʻsishi 5,6 foizni tashkil etdi. Umuman olganda, global iqtisodiy oʻsish surʼatlarining pasayishiga qaramay, asosan ragʻbatlantiruvchi soliq-byudjet va kredit siyosati, shuningdek, asosiy eksport xom-ashyo tovarlari narxlarining ijobiy dinamikasi oʻtgan yilda iqtisodiy oʻsish uchun qulay shart-sharoitlarni taʼminladi.

Shu bilan birga, prognoz hisob-kitoblarga koʻra, 2018-2019 yillarda iqtisodiyotga ajratilgan kredit qoʻyilmalari va davlat xarajatlarini tez surʼatlar bilan oʻsishining iqtisodiyotni qoʻllab-quvvatlovchi taʼsiri 2020 yilning birinchi yarim yilligida ham maʼlum darajada saqlanib qoladi.

Dastlabki taxminlarga koʻra, 2020 yilning ikkinchi yarmida nominal YaIM oʻsish surʼati 2019 yilning mos davriga nisbatan biroz sekinlashadi. Fiskal va monetar siyosatning tartibga soluvchi taʼsiriga qaramasdan toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalarning oʻsishi va investitsion jarayonlarning faollashishi iqtisodiy oʻsishga ijobiy taʼsir qiladi.

Pul-kredit sharoitlari. 2019 yilning soʻnggi choragida pul bozorida foiz stavkalar turli omillar va bozor tendensiyalari taʼsiri asosida shakllandi. Ularning oʻzgarish xarakteri yilning oldingi choraklaridan keskin farq qildi.

Xususan, oʻrtacha tortilgan foiz stavkalar 2019 yil oktyabr oyidagi 15,2 foizdan noyabr oyida 16,4 foizga va dekabr oyida 17,5 foizgacha oʻsdi. Shu bilan birga, depozitlarning oʻrtacha muddatlarida oʻsish kuzatildi.

2019 yilning oktyabr-dekabr oylarida banklararo depozit operatsiyalari hajmi oldingi choraklar oʻrtacha koʻrsatkichlariga nisbatan 2 barobardan koʻproqqa oshdi.

Shu bilan birga, inflyasion kutilmalarda va inflyasiyaning prognoz dinamikasida barqaror oʻsish surʼatlarining mavjud emasligiga qaramay, 1 oydan 3 oygacha boʻlgan depozit operatsiyalari boʻyicha foiz stavkalari 18-20 foizgacha oʻsdi. Bu uzoq muddatli likvid resurslarning yetishmasligi hamda banklarning likvidlik boʻyicha tegishli koʻrsatkichlariga erishishga boʻlgan xarakatlari bilan bogʻliq.

Markaziy bank va Moliya vazirligi tomonidan obligatsiyalarning muomalaga chiqarilishi va ichki moliya bozorini toʻyintirib borilishi hamda banklar tomonidan likvidlilik holatini yaxshilash boʻyicha koʻrilayotgan choralar inflyasiyaning prognoz trayektoriyasiga mos keladigan daromadlar egri chizigʻining shakllanishiga olib keladi.

Kreditlar ajratishning bozor mexanizmlariga bosqichma-bosqich oʻtish orqali bozorda segmentansiyani pasaytirish choralari ham kreditlar bozorida foiz stavkalari oʻrtasidagi tafovutni qisqartirishga xizmat qiladi.

2019 yilda umumiy pul massasi 13,8 foizga, milliy valyutadagi pul massasi esa 14,4 foizga oʻsdi. Bunda pul massasi tarkibida ijobiy oʻzgarishlar kuzatildi, xususan:

milliy valyutadagi muddatli depozitlar 43 foizga, shu jumladan, jismoniy shaxslar depozitlari 54 foizga oshdi;

aholi omonatlarining jami depozitlardagi ulushi 25 foizdan 31 foizgacha koʻtarildi;

muomaladagi naqd pullar nisbatan pastroq surʼatlarda – 9,4 foizga oʻsdi. Toʻlov tizimi va hisob-kitoblar infratuzilmasining rivojlanishi, shuningdek, milliy valyutaga va umuman bank tizimiga boʻlgan ishonchning mustahkamlanib borishi muomaladagi naqd pullar dinamikasiga ijobiy taʼsir koʻrsatdi. Natijada 2019 yil davomida naqd pullarning umumiy pul massasidagi ulushi 27,6 foizdan 26,6 foizgacha pasaydi.

2019 yilda iqtisodiyotga kredit qoʻyilmalari hajmi qayta koʻrib chiqilgan koʻrsatkichlar boʻyicha 54,7 foizga oʻsdi. Xususan, milliy valyutadagi kreditlar 48,7 foizga (shu jumladan, aholiga ajratilgan kreditlar 63,5 foizga) hamda xorijiy valyutadagi kreditlar 62,6 foizga oʻsdi.

Prognoz baholarga koʻra, 2020 yilda kredit qoʻyilmalarining oʻsish surʼati nominal YaIM oʻsish surʼatlariga mos keladigan fundamental trendiga yoki muvozanatli oʻsishiga qaytadi va 20-25 foiz atrofida boʻladi.

Ilgari ajratilgan kreditlar qaytarilishi hisobiga yangidan beriladigan kreditlarni yanada samaraliroq loyihalarga yoʻnaltirish orqali 2020 yilda kredit qoʻyilmalari prognoz doirasida oʻsishi taʼminlanadi. Bu ortiqcha talab paydo boʻlishining oldini olish orqali iqtisodiyotga ijobiy taʼsir koʻrsatadi hamda narxlar oʻsishini pasaytiruvchi va toʻlov balansini yaxshilovchi omil sifatida xizmat qiladi.

Makroprudensial siyosat sohasida asosiy eʼtibor likvidlik, kapital yetarliligi va aholining qarz yuki darajasi boʻyicha oʻrnatilgan talablarga qatʼiy rioya qilinishini taʼminlashga qaratiladi.

Pul-kredit siyosati choralari iqtisodiyotga taʼsir kanallarini, xususan, kreditlar hajmining oʻsishi, jamgʻarish faolligi, inflyasion kutilmalar va ayirboshlash kursi barqarorligi kanallarini yaxshilashga yoʻnaltiriladi. Bunda pul-kredit operatsiyalarini amalga oshirish va kommunikatsiya siyosati instrumentlarini qoʻllashda amaliy jihatni oshirish rejalashtirilgan.

Xatarlar va noaniqliklar. Xizmatlar sohasida tannarx koʻp hollarda ish haqi darajasiga va kommunal sohada esa energiya manbalari narxlariga bogʻliq boʻlganligi sababli ushbu sohalarda noaniqliklar saqlanib kolmoqda.

Shuningdek, iqtisodiyotga elektr energiyasi va gazni uzluksiz yetkazib berish bilan bogʻliq muammolarni hal qilish dolzarbligining oshib borayotganligi 2020 yilda ular narxlarining sezilarli darajada oshishini talab etishi mumkin. Bu, oʻz navbatida, asosiy prognozni qayta koʻrib chiqishga olib kelishi mumkin. Biroq, ushbu omil bir martalik xususiyatga ega boʻlib, asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha keyingi yigʻilishlarda eʼtiborga olinadi.

Transport infratuzilmasi va bozorlardagi raqobatni rivojlantirish, iqtisodiyotning turli sohalarini gaz va elektr energiyasi bilan uzluksiz taʼminlash borasida zaruriy tarkibiy islohotlarni amalga oshirish inflyasiyaning barqaror sekinlashishining asosiy omili hisoblanadi.

Markaziy bank inflyasion omillar xususiyati va xatarlarni diqqat bilan oʻrganib boradi, inflyasiyaning prognoz dinamikasiga nisbatan mustahkam ishonch hosil boʻlgan sharoitda asosiy stavkani pasaytirish boʻyicha tegishli qaror qabul qiladi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ