Boʻstonliq tumani toʻliq turistik zonaga aylantiriladi
Togʻ yonbagʻirlarida, oʻrmon va suv fondi yerlarida yengil konstruksiyali koʻchma dam olish maskanlari tashkil etiladi. Shuningdek, 80 ga yaqin davlat obʼyektlari xususiylashtiriladi.

Boʻstonliq tumani, xususan, Chorvoq suv ombori atrofidagi qishloqlarda yangi dam olish maskanlari quriladi. Bu bilan shu yerda yashayotgan aholini ish bilan taʼminlash maqsadi ham koʻzlangan.

Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 avgust kuni turizm salohiyatini kengaytirishga doir loyihalar taqdimotida maʼlum qilindi.
Boʻstonliq tumanida boʻsh turgan va samarasiz foydalanilayotgan obʼyektlarni sotish orqali ular negizida turizm va xizmat koʻrsatish infratuzilmasini rivojlantirish boʻyicha ishlar olib borilmoqda. Xususan, 80 ga yaqin davlat obʼyektlarini xususiylashtirish rejalashtirilgan. Bu orqali turizm sohasida davlat ishtiroki qisqartiriladi va xususiy tadbirkorlik rivojlanadi. 15 mingtagacha yangi ish oʻrni yaratiladi. Raqobat kuchayishi hisobiga maqbul narx-navo shakllanadi.
Tadbirda noqonuniy faoliyat koʻrsatayotgan subʼyektlarni aniqlash va ularni roʻyxatdan oʻtkazish borasidagi ishlar boʻyicha ham maʼlumot berildi.
Jumladan, Boʻstonliq tumanida soliq solish obʼyektlarini hisobga olishni soddalashtirish maqsadida “orom.uz” mobil ilovasi va yagona elektron platformasi ishlab chiqildi. Bu platforma orqali 3 ming 700 dan ortiq ijarachilar roʻyxatga olindi. Bundan tashqari, qoʻshimcha tayanch punktlari tashkil etilib, 16 mingdan ziyod obʼyekt xatlovdan oʻtkazildi. Bular natijasida soliq tushumi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan deyarli 3 baravarga oshgan.
Boʻstonliq tumanida yoʻl infratuzilmasini rivojlantirish va taʼmirlash boʻyicha ham qator ishlar amalga oshirilmoqda. Xususan, avtomobil yoʻllari taʼmirlandi, yerosti suvlarini qochirish maqsadida drenaj quvurlari oʻrnatildi, 10 kilometrdan ortiq piyodalar yoʻlakchalari qurildi.
Prezidentimiz yoʻllarni puxta oʻylangan, tejamkor loyihalar asosida qurish va taʼmirlash zarurligini taʼkidladi.

Sayyohlar oqimining koʻpayishi chiqindilarni oqilona boshqarishni ham talab etadi. Hisob-kitoblarga koʻra, Boʻstonliq tumanida kuniga oʻrtacha 102 tonna maishiy chiqindi hosil boʻladi. Afsuski, dam olish madaniyati pastligi tufayli koʻpincha yigʻishtirilmay, tabiat qoʻynida tashlab ketiladi.
Bu muammoni bartaraf etish, hududni tozalash tizimini takomillashtirish maqsadida chiqindi yigʻish punktlari va tashuvchi texnikalarni koʻpaytirib, Ekoinspeksiya nazoratini yoʻlga qoʻyish koʻzda tutilmoqda. Buning natijasida hudud 100 foiz sanitariya tozalash xizmatlari bilan qamrab olinadi. Tashrif buyuruvchilarning ekologiya va atrof-muhit muhofazasi talablariga rioya etishlari ustidan doimiy nazorat yuritiladi.
Shuningdek, Boʻstonliq tumanida ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmoqlarini yaxshilash boʻyicha ham ishlar olib borilmoqda. Yil boshidan buyon 7,6 kilometr ichimlik suvi quvuri, nasos va suv minoralari qurilgan. Kelgusi ikki yilda 36 kilometr ichimlik va 3,5 kilometr oqava suv quvuri, 10 ga yaqin suv va kanalizatsiya inshooti barpo etilishi rejalashtirilgan.
Tumanda elektr taʼminotini yaxshilash masalasiga ham alohida eʼtibor qaratildi. Prezident mavjud elektr tarmoqlarini taʼmirlash bilan birga suv, shamol va quyosh energiyasi manbalarini bunyod etish, turistik obʼyektlar energiya ehtiyojining katta qismini shular hisobidan taʼminlash boʻyicha koʻrsatmalar berdi.

2021 yilda Boʻstonliqda “Bildirsoy-Chimyon-Nanay” xalqaro kurorti ishga tushadi
Togʻ yonbagʻirlarida, oʻrmon va suv fondi yerlarida yengil konstruksiyali koʻchma dam olish maskanlarini tashkil etish loyihasi ham muhokama qilindi.
Davlatimiz rahbari hududni toʻliq turistik zona sifatida rivojlantirish va rejadagi loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish maqsadida Bosh vazir oʻrinbosari – Oʻzbekiston Respublikasi Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi raisiga parallel ravishda, yangi tajriba tariqasida Boʻstonliq tumaniga rahbarlik vazifasini bajarishni yuklatish taklifi bildirildi.
Taqdimotda keyingi ikki yilda sayyohlik oʻrinlari va xizmat turlarini koʻpaytirish natijasida hududning turizm salohiyatini 2 barobar ortishini taʼminlash vazifasi qoʻyildi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

