2021 yilda Boʻstonliqda “Bildirsoy-Chimyon-Nanay” xalqaro kurorti ishga tushadi
Kurortda osma yoʻlaklar, changʻi uchish uskunalari va attraksionlar oʻrnatiladi. Shavkat Mirziyoyev bugun, 14 iyul kuni “Bildirsoy-Chimyon-Nanay” xalqaro kurorti loyihasi bilan tanishdi.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 14 avgust kuni turizm salohiyatini kengaytirishga doir loyihalar taqdimoti bilan tanishdi.
Koronavirus pandemiyasi tufayli xalqaro qatnovlar toʻxtab, transportlar harakati cheklangani butun dunyoda, shu jumladan Oʻzbekistonda ham turizm sohasiga zarar keltirdi. Mamlakatimizda 1 ming 500 dan ortiq turoperator, 1 ming 200 ta mehmonxonaning faoliyati toʻxtab qoldi. Bu vaziyat sohaga aloqador savdo, hunarmandchilik, transport, umumiy ovqatlanish va boshqa xizmat koʻrsatish tarmoqlarida minglab odamlarning bandligi va daromadiga salbiy taʼsir koʻrsatdi.
Shu bois davlatimiz tomonidan bu sohani qoʻllab-quvvatlash, sayyohlik maskanlari faoliyatini bosqichma-bosqich tiklash choralari koʻrilmoqda. Joriy yil 28 mayda Prezidentning “Koronavirus pandemiyasining salbiy taʼsirini kamaytirish uchun turizm sohasini qoʻllab-quvvatlashga doir kechiktirib boʻlmaydigan chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoni, 19 iyunda “Turizm sohasini sanitariya-epidemiologik xavfsizlikning kuchaytirilgan rejimi talablariga qatʼiy rioya qilgan holda rivojlantirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Mazkur hujjatlarda tarmoqqa pandemiyaning oqibatlarini yumshatish boʻyicha qator yengilliklar berildi. Umuman, bugun Oʻzbekistonda turizm sohasini pandemiya sharoitiga moslashtirgan holda rivojlantirishning zamonaviy imkoniyatlari ishga solinmoqda.
Respublika maxsus komissiyasining 12 avgustdagi qaroriga muvofiq, 15 avgustdan boshlab avtotransport vositalari harakati, mahalliy avia va temir yoʻl qatnoviga ruxsat berildi. Sanatoriylar, pansionatlar, bolalar oromgohlari, mehmonxonalar, mehmon uylari, plyajlar, xostellar va boshqa dam olish maskanlari faoliyati tiklanadi. Bular yurtimizda sayyohlik yana rivojlanishiga sharoit yaratadi.
Taqdimotda sohada amalga oshirilgan ishlar va navbatdagi rejalar haqida axborot berildi.
Toshkent viloyati Boʻstonliq tumanining turizm salohiyati juda yuqori. Lekin uzoq yillar davomida bundan yetarlicha foydalanilmadi. Bahavo tabiat, qulay iqlim va yilning barcha faslida maroqli hordiq chiqarish imkoniyati boʻlsa-da, hududda sayyohlarni jalb etadigan yirik va zamonaviy loyihalar amalga oshirilmadi. Bugun Boʻstonliq tumanida turistik hududlarni tashkil etish bilan bir vaqtning oʻzida qator muhim masalalarni hal qilish koʻzda tutilgan.
– Asosiy maqsadimiz, eng avvalo, turizm sohasida qonun ustuvorligini taʼminlash, odamlarning manfaatini inobatga olib, xalqimiz uchun bahavo, arzon, xavfsiz va 12 oy davomida qulay dam olish sharoitlarini yaratishdir. Boʻstonliq kabi maskanlarga Oʻzbekistonning barcha hududlaridan yurtdoshlarimiz kelib hordiq chiqarishi, bu yerda amalga oshirilayotgan loyihalar boshqa hududlarimiz uchun ham namuna boʻlishi kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.
Maʼlumotlarga koʻra, har yili yurtdoshlarimiz chet elda dam olish uchun 1 milliard 200 million dollar atrofida mablagʻ sarflamoqda. Buning asosiy sabablaridan biri Oʻzbekistonda barcha talablarga javob beradigan zamonaviy turistik majmualar soni kam.
Shu maqsadda oxirgi yillarda respublikamizning barcha hududlarida, jumladan, Boʻstonliq tumanida ham toʻliq tadbirkorlar mablagʻi hisobiga yirik loyihalar amalga oshirildi. Xususan, dunyo sayyohlari eʼtiboriga tushgan “Amirsoy” majmuasi qisqa bir yarim yil ichida qurib foydalanishga topshirildi. Bu esa hududda yirik va jozibador loyihalarni amalga oshirish mumkinligini isbotladi.
Davlatimiz rahbari taqdimot davomida Boʻstonliq tumanida yaqin yillarda foydalanishga topshiriladigan loyihalar majmuasi bilan tanishib, ularni takomillashtirish boʻyicha takliflarini berdi.
“Bildirsoy-Chimyon-Nanay” xalqaro kurortini tashkil etish loyihasi ulardan biri. Uning konsepsiyasi va iqtisodiy modeli Fransiya kompaniyalari konsorsiumi tomonidan FASEP fondining 750 ming yevro miqdoridagi grant mablagʻlari hisobiga ishlab chiqilgan.
Loyihaning umumiy qiymati 480 million dollar. Shundan 280 million dollarini toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiyalar tashkil etadi. Undan koʻzlangan asosiy maqsad hududdagi yer maydonlarining qiymatini va investitsion jozibadorligini oshirish orqali tadbirkorlikni rivojlantirishdir.
Loyiha 3 bosqichdan iborat boʻlib, birinchi bosqichda Chimyon hududida umummavsumiy kurort tashkil etish koʻzda tutilgan. Fransiyaning 48 million yevro miqdoridagi imtiyozli krediti evaziga turistik infratuzilmani rivojlantirish, jumladan, osma yoʻlaklar, changʻi uchish uskunalari va attraksionlar keltirib oʻrnatish rejalashtirilgan. Buning natijasida togʻ-changʻi turizmi ommalashadi, mahalliy va xorijiy sayyohlar uchun zamonaviy sharoitlar yaratiladi, tabdirkorlik rivojlanadi. Loyihaning birinchi bosqichini 2021 yil dekabrda ishga tushirish rejalashtirilgan.
Loyihalarda koʻzda tutilayotgan eng muhim vazifa bu davlat-xususiy sheriklik asosida uddaburon tadbirkorlarga keng yoʻl berishdir. Shuningdek, sayyohlik hududida echkichilik, tuyachilik, asalarichilik kengaytirilib, sayyohlarga qoʻshimcha xizmatlar taklif etiladi. Hududda yoshlar uchun alohida maydonlar ajratilib, turizmni rivojlantirishda ularning imkoniyatlarini ham toʻliq roʻyobga chiqarish muhimligi taʼkidlandi.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Oʻzbekiston Prezidentining Fransiyaga davlat tashrifi yakunlandi

Poytaxt sektor rahbarlari aholi muammolarini qay darajada hal eta olyapti?

