| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Iqtisodiyot va biznes3 daqiqada oʻqiladi719 marta oʻqildi

Oʻzbekistonda Islomiy moliya va bankchilikka boʻlgan qiziqish ortib bormoqda

Yillik 15-20% oʻsish surʼatiga ega Islomiy bank dunyo boʻylab oʻzining ufqlarini kengaytirdi va 75 dan ortiq mamlakatda oʻz muassasalariga ega.

Oʻzbekistonda Islomiy moliya va bankchilikka boʻlgan qiziqish ortib bormoqda

Soʻnggi yillarda Islom moliya tizimi tushunchasi koʻplab mamlakatlar moliyachilarining soʻz boyligidan mustahkam oʻrin oldi. Darhaqiqat, turli mamlakatlarda, hattoki aksariyat aholisi islom diniga mansub boʻlmagan davlatlarda ham, jumladan AQSh va Buyuk Britaniyada, ushbu moliyaviy institut anʼanaviy bank xizmatlariga muqobil moliyalash tizimi sifatida barqaror rivojlanmoqda. Shuning uchun islom bankchiligini oʻrganish global iqtisodiyotda dolzarb mavzu hisoblanadi. Anʼanaviy bank tizimiga muqobil moliyalash shakllari mavjudligini bilish qiziqarli va foydalidir.

Yillik 15-20% oʻsish surʼatiga ega Islomiy bank dunyo boʻylab oʻzining ufqlarini kengaytirdi va 75 dan ortiq mamlakatda oʻz muassasalariga ega.

Ushbu moliya tizimining Oʻzbekistonda rivojlanish istiqbollari haqida Islom taraqqiyot bankining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi rahbari Husan Hasanov uzanalytics.com saytiga intervyu berdi.

Husan Hasanovning maʼlum qilishicha, Oʻzbekiston Islom taraqqiyot banki guruhi tarkibidagi Xususiy sektorni rivojlantirish islom korporatsiyasi (XSRIK) va Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi (XISMK) bilan hamkorlik qiladi. XSRIK shu kungacha 15 ta tijorat banklari va 2 ta lizing kompaniyasi bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻygan va bugungi kungacha banklarga 285 million AQSh dollari miqdorida moliyalashtirish liniyalarini ajratgan. XISMK tomonidan maʼqullangan loyihalar qiymati esa 82 million AQSh dollarini tashkil etadi.

Shuningdek, bugungi kunda bankning Aloqabank, Asia Alliance Bank va Turonbank bilan hamkorlikdagi jami 30 million AQSh dollarlik moliyalashtirish liniyalari mavjud. XISMK tomonidan esa, Asia Alliance Bank, Kapitalbank, Oʻzsanoatqurilishbank va Trastbankga jami 32 million AQSh dollarlik moliyalashtirish liniyalari va Moliya vazirligi huzuridagi jamgʻarmaga 50 mln. AQSh dollari ajratilgan.

Oʻzbekistonda islom bankchiligini rivojlanishi toʻgʻrisidagi savolga janob Hasanov: «Oʻzbekiston aholisining qariyb 90 foizini musulmonlar tashkil qiladi va shu faktning oʻzi Oʻzbekistonda Islomiy moliya va bankchilikka boʻlgan qiziqishning qanchalik katta ekanligidan dalolat beradi.

Bilamizki, Islomda sudxoʻrlik, yaʼni pulni foizga berish orqali foyda olish taqiqlangan, anʼanaviy bank tizimi esa foizlarga tayanadi. Diniy eʼtiqodlarga tayangan, foiz, kredit va shu kabi bank xizmatlaridan foydalanishni istamagan aholi qatlami uchun Islomiy moliyalashtirish tamoyillariga asoslangan bank xizmatlari taklif etilsa, bu Oʻzbekiston iqtisodiyotining oʻsishi va ichki investitsiya hajmining ortishiga katta turtki boʻladi, deb bemalol ayta olamiz. Bu tizimni joriy qilinishi Oʻzbekistonda jamgʻarma va foydalanilmayotgan pul mablagʻlarini bank tizimiga jalb qilish, xufyona iqtisodiyot salmogʻini kamaytirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga asos boʻlib xizmat qiladi», - deya javob berdi.

Maʼlumot uchun: Islom taraqqiyot banki (ITB) 1973 yil 18 dekabrda Islom Konferensiyasi Tashkilotiga (IKT) aʼzo mamlakatlar moliya vazirlari yigʻilishida tashkil etilgan va oʻz faoliyatini 1975 yil oktyabr oyida boshlagan.

ITBning bosh ofisi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan. Shu bilan birga, bankning Rabot (Marokash), Kuala-Lumpur (Malayziya), Olma ota (Qozogʻiston), Dakar (Senegal), Paramaribo (Surinam), Bandung (Indoneziya), Dakka (Bangladesh), Anqara (Turkiya), Kampala (Uganda), Qohira (Misr), Abuja (Nigeriya) kabi shaharlarda 13 ta vakolatxona va 11 ta mintaqaviy markazi mavjud.

Islom Konferensiyasi Tashkilotiga (IKT) aʼzo barcha davlatlar ITBga aʼzo boʻlish huquqiga egadirlar. Hozirgi vaqtda Bank oʻziga 57 aʼzo davlatlarni birlashtiradi. Toʻlangan aksiyalar hajmi boʻyicha bankning asosiy aksiyadorlari Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Liviya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Misr va Qatar hisoblanadi.

ITBning nizom jamgʻarmasi 100 milliard islom dinori boʻlib, 10 million aksiyaga boʻlinadi. Har bir aksiyaning nominal qiymati 10 000 islom dinorini tashkil qiladi.

Har bir aʼzo davlat Bank boshqaruv Kengashiga oʻzining boshqaruvchisi va boshqaruvchi oʻrinbosarini kiritgan. Boshqaruv Kengashi yiliga bir marta bankning oʻtayotgan yil faoliyatini koʻrib chiqish va kelgusi siyosatini belgilash haqida qaror qabul qilish uchun yigʻiladi.

Bank aʼzo mamlakatlarda davlat va xususiy sektor loyihalarini moliyalashtirish bilan shugʻullanadi. U iqtisodiy va ijtimoiy infratuzilma loyihalariga sarmoya kiritadi, aʼzo mamlakatlarga texnik yordam koʻrsatadi va xalqaro savdoni rivojlantirishga koʻmaklashadi.

Hozirgi kunda ITB Islom taraqqiyot banki, Tadqiqotlar va treninglar Islom instituti, Investitsiyalar va eksport kreditlarini sugʻurtalash Islom korporatsiyasi, Xususiy sektorni rivojlantirish Islom korporatsiyasi va Savdoni moliyalashtirish xalqaro Islom korporatsiyasi kabilardan iborat bir qator tashkilotlar guruhidan tashkil topgan.

ITB Guruhining ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishni ragʻbatlantirish ishlariga yoʻnaltirilgan asosiy faoliyati quyidagilardan iborat: infratuzilmani rivojlantirish; institutsional salohiyatni mustahkamlash; aʼzo davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikni ragʻbatlantirish; xususiy sektorni rivojlantirish va islom bank-moliya sanoatini qoʻllab-quvvatlash.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ