| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Iqtisodiyot va biznes5 daqiqada oʻqiladi493 marta oʻqildi

Oʻzbekiston xalqaro obligatsiyalarining jahon moliyaviy bozorlarida joylashtirilishi: risk va prognozlar

2019 yilning fevral oyida dunyoning eng obroʻli birjalaridan hisoblangan London fond birjasida Oʻzbekiston tarixida birinchi marta yevrobondlar, yaʼni yevroobligatsiyalarni bozorga qoʻydi. Bunda 5 yillik 500 million dollarlik yevrobondlarni 4,75 foizdan, 10 yillik 500 million dollarlik yevrobondlarni esa 5,375 foizdan joylashtirdi. Qarz obligatsiyalarini qaytarish muddatlari 2024 yil va 2029 yillar belgilandi.

Oʻzbekiston xalqaro obligatsiyalarining jahon moliyaviy bozorlarida joylashtirilishi: risk va prognozlar

Mamlakatimiz iqtisodiyotini yaqin besh yilda tubdan isloh qilish va chuqur tarkibiy oʻzgarishlarni amalga oshirish maqsadida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tomonidan 2017-2021 yillarda Oʻzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yoʻnalishi boʻyicha Harakatlar strategiyasi tasdiqlanib, uning uchinchi yoʻnalishi iqtisodiyotni rivojlantirish va liberallashtirishni koʻzda tutadi. Mazkur yoʻnalish quyidagi muhim vazifalarni hal qilishga qaratilgan:

- makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash va yuqori iqtisodiy oʻsish surʼatlarini saqlab qolish;

- tarkibiy oʻzgartirishlarni chuqurlashtirish, milliy iqtisodiyotning yetakchi tarmoqlarini modernizatsiya va diversifikatsiya qilish hisobiga uning raqobatbardoshligini oshirish;

- qishloq xoʻjaligini modernizatsiya qilish va jadal rivojlantirish;

- iqtisodiyotda davlat ishtirokini kamaytirish, xususiy mulk huquqini himoya qilish hamda uning ustuvor mavqeini yanada kuchaytirish, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik rivojini ragʻbatlantirishga qaratilgan institutsional va tarkibiy islohotlarni davom ettirish;

- viloyat, tuman va shaharlarni kompleks va mutanosib ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, ularning mavjud salohiyatidan samarali hamda optimal foydalanish.

Oxirgi yillarda Oʻzbekistonning ijtimoiy-iqtisodiy hayotida tub oʻzgarishlar yuz bera boshladi. Bunda iqtisodiyotni rivojlantirish, avvalo, aholining hayot darajasi va sifatini oshi­rishga qaratilgan mutlaqo yangi bosqichga oʻtdi. Iqtisodiy sohadagi amalga oshirilayotgan barcha islohotlar pirovard natijada “Inson manfaatlari va farovonligi hamma narsadan ustun” degan tamoyilga asoslandi. Bu borada, eng avvalo, mamlakatimizda makroiqtisodiy barqarorlikni yanada mustahkamlash, qatʼiy pul-kredit siyosatini yuritish, milliy valyuta va ichki bozordagi narxlar barqarorligini ta’­minlash, soliq-byudjet islohotlarini olib borishga asosiy eʼtibor qaratildi.

Shunday muhim islohotlardan biri sifatida respublikamizda qimmatli qogʻozlar bozorini rivojlantirish boʻyicha amalga oshirilayotgan islohotlarni keltirish mumkin, bunda ayniqsa mamlakatning 2018 yilda suveren kredit reytingini olinishi va buning natijasida suveren xalqaro obligatsiyalarning jahon moliyaviy bozorlarida joylashtirish imkoniyatini yaratilganligini alohida taʼkidlash mumkin.

2019 yilning fevral oyida dunyoning eng obroʻli birjalaridan hisoblangan London fond birjasida Oʻzbekiston tarixida birinchi marta yevrobondlar, yaʼni yevroobligatsiyalarni bozorga qoʻydi. Bunda 5 yillik 500 million dollarlik yevrobondlarni 4,75 foizdan, 10 yillik 500 million dollarlik yevrobondlarni esa 5,375 foizdan joylashtirdi. Qarz obligatsiyalarini qaytarish muddatlari 2024 yil va 2029 yillar belgilandi.

Avvaliga kuponlarning diapazoni 5,625 - 5,75 foiz hamda 6 foiz miqdorida belgilangan edi, ammo talabning yuqoriligi sababli Oʻzbekiston foiz stavkalarini qayta koʻrib chiqib, ularni 4,75 foiz va 5,375 foizgacha tushirdi. Obligatsiyalarni xarid qilishga taxminan 150 institutsional investorlardan 3,8 milliard dollarlik taklif kelib tushdi. Davlatlar nuqtai nazardan, xarid qilingan 5 yillik va 10 yillik obligatsiyalarning katta qismi Buyuk Britaniya investorlari (tegishincha 39 foiz va 32 foiz), amerikalik investorlar esa 23 va 31 foiz obligatsiyalarni xarid qildi. Yevropalik investorlar 32 foiz va 27 foiz, Osiyo, Yaqin Sharq va Shimoliy Afrika mamlakatlari investorlari esa 6 va 10 foizni tashkil qildi. Yevrobondlarning aksariyatini - 75 % va 78%ini boshqaruv fondlari, 20% va 16 foizini sugʻurta kompaniyalari va pensiya fondlari, 5% va 6% foizini banklar xarid qildi.

Jami joylashtirilgan 1000,0 mln dollarlik xalqaro obligatsiyalar uchun dastlabki besh yilda toʻlanadigan bir yillik foizli xarajatlar 56,63 mln dollarga teng, keyingi besh yilda faqat 10 yillik muddatli xalqaro obligatsiyalar boʻyicha foizli toʻlovlar amalga oshirilib, har yillik miqdori 26,88 mln dollarni tashkil etadi. 10 yil davomida ushbu xalqaro obligatsiyalar boʻyicha toʻlanadigan foizli xarajatlarning umumiy miqdori 387,50 mln dollarga teng.

Ushbu tarixiy amalga oshirilgan yevroobligatsiyalar boʻyicha operatsiyalar natijasida Oʻzbekiston tomonidan yevroobligatsiyalar bozorida juda muvaffaqiyatli kelishuvlarga erishildi, investorlar tomonidan kuchli qoʻllab-quvvatlanishlar natijasida narxni qayta koʻrib chiqib, maqbul yakuniy narxda joylashtirishga muvaffaq boʻlindi va oxir oqibatda ushbu natijalar Oʻzbekistonning davlat kompaniyalari, korporatsiyalari va boshqa moliya muassasalari tomonidan kelajakda yevroobligatsiyalarni chiqarish uchun bazaviy benchmark yoki boshqacha aytganda andoza, yoʻnalish boʻlib xizmat qildi. Xususan bunga misol qilib, joriy yilning 25 noyabrida “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB tomonidan chiqarilgan 300 mln dollar miqdoridagi xalqaro obligatsiyalar boʻyicha London birjasida amalga oshirilgan savdolarda 150dan ortiq investorlardan 1,2 mlrd AQSh dollari miqdorida buyurtmalar kelib tushganligini va xalqaro obligatsiyalar 5,75 foiz kupon stavkasi bilan joylashtirilganligini keltirib oʻtish mumkin. Taʼkidlash joizki, ushbu xalqaro obligatsiyalar Buyuk Britaniya (30 foiz), AQSh (16 foiz), Yevropa (40 foiz) hamda Osiyo va Yaqin Sharq (14 foiz) investorlari orasida joylashtirildi.

Ushbu natijalar xorijiy ommaviy axborot vositalari tomonidan ham yoritilib, “Oʻzsanoatqurilishbank” ATB London Fond birjasida xalqaro obligatsiyalarni chiqardi va bu bilan xalqaro kapital bozori ishtirokchisiga aylandi. 300 million dollarlik yevroobligatsiyalar investorlarning yuqori bahosiga sazovor boʻlgan”ligi eʼtirof etildi.

Suveren xalqaro obligatsiyalarni joylashtirishdan tushgan mablagʻlardan samarali foydalanish maqsadida mazkur mablagʻlarni bozor mexanizmlari asosida joylashtirilishiga alohida eʼtibor qaratildi. Xususan, ishlab chiqarish quvvatlarini kengaytirish va modernizatsiya qilish jarayonida tijorat banklari uchun uzoq muddatli moliyaviy resurslar kerakligini inobatga olib, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 2 apreldagi PQ-4258-sonli qaroriga muvofiq, suveren xalqaro obligatsiyalarining joylashtirilishdan tushgan mablagʻlarning 889,2 million AQSh dollari tijorat banklari orasida auksion oʻtkazish orqali, yaʼni samarali bozor mexanizmlari asosida, depozitga joylashtirish belgilandi. Tijorat banklari orasida oʻtkazilgan auksion natijasida mablagʻlar quyidagi depozitga joylashtirildi:

Xalqaro obligatsiyalarining joylashtirilishdan tushgan mablagʻlar eng katta ulush (24,3%) bilan TIF Milliy bankka depozit qoʻyildi, eng kichik ulush (1,7%) Mikrokredit bankka tegishli boʻlgan. Ushbu mablagʻlar tijorat banklariga xalqaro obligatsiyalar boʻyicha boshlangʻich olingan foizdan (4,75 % va 5,375 %) + 0,5 % marja qoʻshilib depozitga qoʻyilgan.

Bundan tashqari, “Agrobank” aksiyadorlik tijorat bankiga 20 million AQSh dollari (5,875 % boʻyicha) miqdorida loyihalarni moliyalashtirish uchun subordinar qarz shaklidagi kredit liniyasi hamda 89,9 million AQSh dollari (39,95 mln dollar 5,75 % boʻyicha, 49,95 mln dollar 6,375% boʻyicha) miqdorida Navoiy kon-metallurgiya kombinatining strategik ahamiyatga ega boʻlgan loyihalarini moliyalashtirish uchun ssuda ajratishga yoʻnaltirildi.

Oʻzbekiston kapital bozoriga depozit shaklida joylashtirilgan va ssuda sifatida ajratilgan jami 999,1 mln dollarlik mablagʻlardan 10 yil davomida jami 428,1 mln dollar foizli daromad olinishi va 387,55 mln dollar foizli xarajatlar sarflanishi hamda dastlabki besh yilda 5,4 mln dollar, keyingi besh yilda 2,72 mln har yili foizli foydaga ega boʻlish koʻzda tutilgan. Umumiy xulosa qilganda, 5 va 10 yillik muddatlarga joylashtirilgan xalqaro obligatsiyalar boʻyicha yigʻilib boriladigan foyda muntazam oʻsib boradi va bu koʻrsatkich 10 yildan soʻng 40,6 mln. AQSh dollarini tashkil etadi.

Taʼkidlash joizki, suveren xalqaro obligatsiyalarining joylashtirilishdan tushgan mablagʻlarning asosiy qismi tijorat banklari depozitlariga joylashtirilishi davlat byudjeti xarajatlarini oshirmasligi va byudjetdan qoʻshimcha xarajat qilinmasligi bilan ham ahamiyatlidir.

Toshmatov Shuxrat Amonovich, i.f.d., professor
Davlat boshqaruvi akademiyasi kaferda mudiri

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ