Oʻzbekiston hududida xizmat safariga chiqish va xarajatlarni qoplash tartibi qanday?
Xizmat safari deganda – xodimni tashkilot rahbarining farmoyishi boʻyicha, oʻzining doimiy ish joyidan tashqarida xizmat topshirigʻini bajarish uchun boshqa joyga, maʼlum bir muddatga yuborilishi (borib kelish) tushuniladi.

1. Xizmat safari oʻzi nima?
Xizmat safari deganda – xodimni tashkilot rahbarining farmoyishi boʻyicha, oʻzining doimiy ish joyidan tashqarida xizmat topshirigʻini bajarish uchun boshqa joyga, maʼlum bir muddatga yuborilishi (borib kelish) tushuniladi.
2. Xizmat safarining muddati qancha?
Bu tashkilot rahbari tomonidan belgilanadi. Xizmat safari har bir holat uchun yoʻldagi vaqtni hisobga olmaganda 40 kundan koʻp boʻlmasligi kerak.
Montaj, sozlash va qurilish ishlarini bajarish uchun yuboriladiganda esa 12 oydan koʻp boʻlishi mumkin emas.
Xizmat safari muddati istisno tariqasida tashkilot rahbarining yozma ruxsatnomasiga asosan uzaytirilishi mumkin.
3. Xizmat safari xarajatlari uchun oldindan pul beriladimi?
Xodimga xizmat safariga ketishdan oldin kundalik, yoʻl xarajatlari, turar joyni ijaraga olish xarajatlari chegarasida pul koʻrinishidagi avans (boʻnak) toʻlanishi kerak.
4. Avans yetmay qolsa yoki ortib qolsa, nima boʻladi?
Bunday holda xodim xizmat safaridan qaytgan kundan eʼtiboran 3 ish kuni mobaynida avans hisobotini taqdim qiladi. Shunga asosan yetmay qolgan pul summasi toʻlab beriladi yoki ortgan pul tashkilotga qaytariladi.
5. Yoʻl hujjatlari mavjud boʻlmaganda, yoʻl xarajati qay tarzda qoplab beriladi?
Ushbu holatda byudjet tashkiloti xodimlariga har bir kilometr uchun bazaviy hisoblash miqdori (BHM)*ning 0,08 foizi (1 km uchun 178,4 soʻm ) miqdorida yoʻl haqi toʻlanadi.
Boshqa tashkilot xodimlariga jamoa shartnomasi yoki mehnat shartnomasida belgilangan miqdorlarda, biroq har bir kilometrga BHMning 0,08 foizidan kam boʻlmagan miqdorda yoʻl haqi toʻlanadi.
6. Xizmat safari davomida mehmonxonalarning lyuks-nomerlarida yashasa ham xarajatlar qoplab beriladimi?
Ha. Xodim xizmat safari davomida mehmonxonalarning lyuks-nomerlarida yashasa ham xarajatlar qoplab beriladi. Bunda, byudjet tashkilotlarida toʻlovni amalga oshirish, tasdiqlovchi hujjatlar taqdim etilganda ushbu nomer qiymatining 70 foizigacha miqdori byudjet mablagʻlari hisobidan, qolgan qismi esa byudjet tashkilotlarining byudjetdan tashqari mablagʻlari hisobidan qoplab beriladi.
7. Xodimning ijarada turganligini tasdiqlovchi hujjati boʻlmasa, xarajati qoplab beriladimi?
Bunday holatda xodimga har bir sutka uchun BHMning 20 foizi miqdorida (44 600 soʻm) pul toʻlanadi.
8. Kundalik xarajatlar uchun qancha miqdorda pul toʻlanadi?
Toshkent shahrida, shaharlar — viloyatlar markazlarida BHMning 0,1 koeffitsiyenti (22 300 soʻm) miqdorida, boshqa shaharlar va aholi yashaydigan punktlarda esa BHMning 0,08 koeffitsiyenti (17 840 soʻm) miqdorida kompensatsiya toʻlanadi.
9. Bir viloyat doirasidagi tuman (shahar)larga xizmat safariga yuborilganda ham xarajatlar qoplab beriladimi?
Ha albatta, xodim oʻzining doimiy ish joyidan tashqarida xizmat topshirigʻini bajarish uchun rahbarining farmoyishi bilan yuborilgan boʻlsa, xarajatlar qoplab berilishi lozim.
10. Xizmat safariga yuborilgan xodim kasal boʻlib qolsa nima boʻladi?
Bunday holda xizmat safariga yuborilgan xodimga umumiy asoslarda vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik nafaqasi toʻlanadi.
Vaqtinchalik mehnatga layoqatsizlik kunlari xizmat safari muddatiga qoʻshilmaydi.
Eslatma: hozirgi kunda bazaviy hisoblash miqdori 223 000 soʻm.
Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

UzAuto Motors xalqaro sindikatlashgan kredit toʻgʻrisida kelishuv imzoladi

Markaziy bank 30 noyabr kuni uchun oltin quymalar narxini maʼlum qildi

2025 yilga borib shaharlarning barchasini va shahar posyolkalari bosh rejasi tasdiqlanishi rejalashtirilmoqda

