| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Iqtisodiyot va biznes2 daqiqada oʻqiladi463 marta oʻqildi

Yurtimizda yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari 66 ta mamlakatga eksport qilinmoqda

Toshkent viloyatining Qibray tumanida Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan seminar-yigʻilish oʻtkazildi.

Yurtimizda yetishtirilayotgan qishloq xoʻjaligi mahsulotlari 66 ta mamlakatga eksport qilinmoqda

Toshkent viloyatining Qibray tumanida Qishloq xoʻjaligi vazirligi tomonidan Prezidentimizning 2019 yil 11 dekabrdagi “Meva-sabzavotchilik va uzumchilik tarmogʻini yanada rivojlantirish, sohada qoʻshilgan qiymat zanjirini yaratishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qarori ijrosini taʼminlash hamda hududlarda meva-sabzavotchilikni rivojlantirish sohasida joriy yil dekabr – 2020 yil mart oylarida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarga bagʻishlangan seminar-yigʻilish oʻtkazildi.

Tadbirda meva-sabzavotchilik va uzumchilik sohasida yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarish, eksport hajmini oshirish, foydalanishdan chiqqan va lalmi yerlarni oʻzlashtirish, paxta, gʻalladan qisqartirilayotgan maydonlarga eksportbop qishloq xoʻjaligi ekinlari ekishni koʻpaytirish, shuningdek, bogʻ, tokzor va issiqxonalar imkoniyatlaridan samarali foydalanishni yoʻlga qoʻyishga doir masalalar muhokama etildi.

Qishloq xoʻjaligi vaziri Jamshid Xoʻjayev meva-sabzavotchilikni rivojlantirish boʻyicha ishchi guruhi tomonidan Qoraqalpogʻiston Respublikasi hamda viloyatlarda qayta ishlash, eksportyor korxonalarning muammolarni oʻrganish, bartaraf etish choralarini koʻrish lozimligini alohida taʼkidladi. Ayniqsa, bu kabi yoʻnalishlarni rivojlantirishda samarali bozor mexanizmlarini joriy etish, tarmoqning mavjud imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish, klaster va kooperatsiya tizimini rivojlantirishning yangi mexanizmlarini tashkil etish orqali aholi daromadlarini oshirish hamda eksport imkoniyatlarini kengaytirishga erishilishi alohida qayd etildi.

Ayni paytda respublikamizda 80 turdan ortiq qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirilib, dunyoning 66 ta mamlakatiga eksport qilinmoqda. Mamlakatimizda har yili 21 million tonnadan ortiq meva-sabzavot yetishtiriladi. Biroq ularning bor-yoʻgʻi 1,5 million tonnasi eksport qilinadi. Mahsulotni saralash, qadoqlash, qayta ishlash va eksport qilish boʻyicha 31 ta agrologistika markazi tashkil etilgan. Lekin aylanma mablagʻlar yetishmasligi va doimiy mahsulot yoʻqligi oqibatida ularning aksariyati mavsumiy ishlab, mavjud quvvatlardan bor-yoʻgʻi 10-15 foiz foydalanmoqda.

Tarmoqda mahsulot yetishtirishdan tortib, qayta ishlash va eksportga yoʻnaltirishgacha boʻlgan jarayonlar muammolardan xoli emas. Bu borada muayyan ishlar amalga oshirilyapti. Xususan, bugunga qadar mamlakatimiz boʻyicha jami 41 ta meva-sabzavotchilik yoʻnalishidagi qishloq xoʻjaligi birlashmasi tashkil etildi. Kelgusi yilda 31 ta, 2021 yilda esa 100 ta qishloq xoʻjaligi birlashmasi tashkil etilishi choralari koʻrilmoqda.

Seminarda xorijiy ekspertlarni jalb etgan holda joylarda klaster tashabbuskorlari uchun qisqa muddatli oʻquv kurslari tashkil qilish, eksportbop mahsulotlar yetishtirish va hosildorlikni oshirish boʻyicha amaliy tadbirlar oʻtkazilishi maʼlum qilindi.

Soha mutasaddilari, bogʻdorchilik, uzumchilik, sabzavotchilikka ixtisoslashgan fermer xoʻjaliklari, qayta ishlovchi va eksportyor korxonalar rahbarlari sohada uchrayotgan muammolar, ularni bartaraf etish borasida fikr-mulohazalarini bildirdi.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ