| Toshkent |
UZ
Malibu•••
USD/UZS 11 990,54 −12,39 ↓EUR/UZS 13 136,84 −19,57 ↓RUB/UZS 146,24 −0,50 ↓
Iqtisodiyot va biznes2 daqiqada oʻqiladi64 marta oʻqildi

Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari eksporti 1 mlrd. dollardan oshdi

Eksport qilingan mahsulotlarning asosiy qismi Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Qirgʻiziston va Turkiyaga toʻgʻri kelmoqda.

Toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari eksporti 1 mlrd. dollardan oshdi

Joriy yilning 7 oy natijalariga koʻra toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari eksportini 1 mlrd. dollardan oshirishga erishdi, deb xabar bermoqda “Oʻztoʻqimachiliksanoat” uyushmasi matbuot xizmati.

Taʼkidlash kerakki, 2020 yilga koʻzlangan 2 mlrd. dollarlik toʻqimachilik mahsulotlari eksporti yil boshida karantin cheklovlari bois amalga oshmasligi haqiqatga yaqin edi. Oʻzbekiston va xorijiy davlatlarda karantin choralari kuchayishi oqibatida yuk tashish narxlarini keskin oshishi va cheklanishi, asosiy bozorlarimiz hisoblangan Xitoy, Turkiya, Rossiya, Yevropa davlatlarida yirik reteyllar va savdo markazlari faoliyatini toʻxtatishi oqibatida korxonalarga berilgan buyurtmalar qisman yoki toʻliq bekor qilinishga olib keldi, aholining sotib olish qobiliyatlari sustlashishi sababli mahsulotlarning jaxon narxlari pasayishi kuzatildi.

Hukumat tomonidan oʻz vaqtida tadbirkorlarni qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirilishi oqibatida 252 tadan oshiq eksport qiluvchi korxonalar faoliyati qayta tiklandi, ishlab chiqarish va eksport jadallashdi.

“Oʻztoʻqmachiliksanoat” uyushmasi va tarmoq korxonalarining sayi-harakati bilan 2019 yilga nisbatan mahsulotlarning eksportdagi oʻsish surʼati 112 foizga taʼminlandi hamda

  • ip kalavaning jami ekspordagi ulushi 49% foiz,

  • gazlama va trikotaj matolar, tayyor tikuv va trikotaj masulotlar - qoʻshimcha va yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlarning jami eksportdagi ulushlari 51% foizga taʼminlashga erishildi.

Pandemiya salbiy oqibatlarga ega boʻlsada, yangi imkoniyatlarni ham yaratdi. Muqobil transport korridorlari ochilishi, yangi bozorlarga mahsulot yetkazib berilishi va innovatsion mahsulotlarni paydo boʻlishiga olib keldi.

Masalan, qoʻshni davlatlarda qatʼiy karantin choralari qoʻllanilishi va chegaralarni yopilish sababli, Oʻzbekiston Respublikasi transport vazirligi bilan birgalikda Eron Islom Respublikasi orqali yuk tashuvlari uchun muqobil yoʻnalishlar (Oʻzbekiston (Qoraqalpogʻiston) - Kozogʻiston “Aktau” porti - Kasbiy dengizi - Eron va Oʻzbekiston (Qoraqalpogʻiston) - Kozogʻiston - Rossiya -Gruziya - Armaniston/Ozarbayjon - Eron yoʻnalishlari) ishlab chiqildi. Mahsulot eksportida aviatashuvlar ham jadallashtirildi.

Bu oʻz navbatida toʻqimachilik mahsulotlarini yangi bozorlarga yetkazib berish imkoniyati yaratdi. Jumladan, iyun oyida Oʻzbekiston Respublikasining Quvaytdagi elchixonasi koʻmagida «Fursan Al Khaleej» va «Yengilsanoatsavdo» MChJ oʻrtasida tuzilgan shartnoma asosida Quvayt davlatiga ilk marotaba toʻqimachilik mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.

Bundan tashqari toʻqimachilik korxonalari tomonidan kunlik 6 mln. dona niqob va 10 ming dona kombinezonlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Himoya vositalari Ukraina, Rossiya, Quvayt, Belorusiya, Gruziya kabi davlatlarga eksport qilindi.

Umumiy olganda, 395 turdagi toʻqimachilik va tikuv-trikotaj mahsulotlari 57 dan ortiq davlatlarga yetkazib berildi. Doimiy bozorlarimiz hisoblangan MDH davlatlari qatorida Quvayt, Vengriya, Slovakiya va Gretsiya kabi davlatlarga ham ilk bora toʻqimachilik mahsulotlari eksporti amalga oshirildi.

Eksport qilingan mahsulotlarning asosiy qismi Rossiya Federatsiyasi ($394,5 mln. – 39,2 %), Xitoy ($187,6 mln. – 18,6 %), Qirgʻiziston ($139,1 mln. – 13,8 %) va Turkiyaga ($123,5 mln. – 12,3 %) toʻgʻri kelmoqda.

Xato topdingizmi? Matnni belgilang va Ctrl+Enter bosing

davaktiv.uze-auksion.uzBD terminalSOS 24
UZ